BUYRUQ
|
Umumta’lim maktablarida “Sirtqi fan olimpiadalari”ni o‘tkazish haqida
|
O‘zbekiston Respublikasi umumiy o‘rta ta’limi muassasalari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim olishga qiziqtirishi, iqtidori va qobiliyatini aniqlash, o‘quvchi-yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, ulardagi noyob fazilatlarni yanada rivojlantirish hamda umumta’lim fanlaridan o‘tkaziladigan xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi Respublika jamoasi a’zolarini tanlash uchun sirtqi fan olimpiadalarini tashkil etish va o‘tkazish maqsadida
B U Y U R A M A N:
1. O‘zbekiston Respublikasi umumiy o‘rta ta’limi muassasalari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha sirtqi fan olimpiadalari Nizomi 1-ilovaga, olimpiadani o‘tkazish tartibi 2-ilovaga, hakamlar hay’ati tarkibi 3-ilovaga, tashkiliy qo‘mita tarkibi 4-ilovaga, olimpiadani o‘tkazish smeta xarajatlari 5-ilovaga, chora-tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Xalq ta’limi vazirligi Ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish Bosh boshqarmasi (B.Doniyorov), umumta’lim maktablarida o‘quv-tarbiya jarayonini rivojlantirish va tashkil etish Bosh boshqarmasi (SH.Ergashev), Respublika ta’lim markazi (I.Zokirov) ga olimpiadani o‘tkazish uchun zarur bo‘ladigan masalalarni belgilangan muddatlarda tayyorlash vazifasi yuklatilsin.
3. Xalq ta’limi vazirligining umumta’lim maktablarida o‘quv-tarbiya jarayonini rivojlantirish va tashkil etish Bosh boshqarmasi (SH.Ergashev), multimediya umumta’lim dasturini rivojlantirish markazi (A.Nishonov)ga sirtqi olimpiadani o‘tkazish bo‘yicha tayyorlangan har bir bosqich materiallarini belgilangan muddatlarda portalga qo‘yish va o‘quvchilar tomonidan yuborilgan javoblarni tashkiliy qo‘mitaga o‘z vaqtida yetkazish vazifasi topshirilsin.
4. XTVning Moliyalashtirish, buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi (U.Daulanov)ga tasdiqlangan sarf-xarajatlar smetasiga muvofiq mablag‘larni o‘z vaqtida ajratish vazifasi yuklatilsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlariga:
olimpiadani o‘tkazish uchun joylarda internet tizimiga ulangan maktablar bazasida tashkiliy ishlarga rahbarlik qilish vazifalari topshirilsin.
6. “Ma’rifat” “Uchitel Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri (H.Saidov) ga sirtqi olimpiadaning borishi haqida gazeta sahifalarida ma’lumotlarni yoritib borish vazifasi yuklatilsin.
7. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari R.Axlidinov zimmasiga yuklatilsin.
Vazir G‘.Shoumarov
___________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
O‘zbekiston Respublikasi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari (fizika, matematika, informatika, kimyo va iqtisodiy bilim asoslari) bo‘yicha sirtqi fan olimpiadalarini o‘tkazish va iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida
NIZOM
1. Umumiy qoidalar
Respublika umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha “Sirtqi fan olimpiadalari” O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, “Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi” asosida o‘quvchilarni bilim olishga qiziqtirish, iqtidorli va qobiliyatli o‘quvchilarni aniqlash, o‘quvchi-yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, ulardagi noyob fazilatlarni yanada rivojlantirish, umumta’lim fanlaridan o‘tkaziladigan xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi Respublika jamoasi a’zolarini tanlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkaziladi. Mazkur Nizom sirtqi fan olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazishning umumiy qoidalari hamda tartibini belgilaydi.
2.Fan olimpiadalarining maqsad va vazifalari
Umumiy o‘rta ta’lim maktablari (shu jumladan maxsus maktab-internatlari, ixtisoslashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari va maktab-internatlar) muassasalari o‘quvchilari orasidan fizika, matematika, kimyo, biologiya, informatika va iqtisodiy bilim asoslari kabi umumta’lim fanlari bo‘yicha iqtidorli, qobiliyatli va iste’dodli o‘quvchilarni aniqlash, ulardagi ijodiy qobiliyatlarning ro‘yobga chiqishiga, noyob iste’dodlarini tarbiyalashga ko‘maklashish va izlanuvchanligini qo‘llab-quvvatlash, mutaqil tadqiqotchilikka tayyorlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida tashkil etiladi.
Fan olimpiadalarining vazifalari
· O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuni, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», «Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi» talablari asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalari, pedagoglarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutlari orasidagi ta’lim uzluksizligini ta’minlash:
· O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuni, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», «Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi» hamda mazkur «Nizom» talablari asosida ta’lim muassasalaridagi o‘quv-tarbiya jarayonining zamonaviy talablar darajasida bo‘lishini ta’minlash, fan o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish, ularning qobiliyatli va iste’dodli o‘quvchilarni aniqlash hamda tarbiyalashga qaratilgan ijodiy izlanishlari va mehnatini ro‘yobga chiqarish;
· qobiliyatli o‘quvchilarni aniqlash, tarbiyalash, rag‘batlantirish va kamolotga yetkazish jarayonida ta’lim muassasasi, ota-onalar va jamoatchilikning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish;
· fan olipiadalarining g‘oliblari orasidan xalqaro fan olipiadalarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qiladigan o‘quvchilarni aniqlash hamda fanlar bo‘yicha Respublika terma jamoasiga nomzodlar tarkibini shakllantirish.
3.Olimpiadani o‘tkazish muddati va tartibi:
3.1. Sirtqi fan olimpiadalarini o‘tkazish mas’uliyati ta’lim muassalarining birinchi raxbarlari, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudiri, Qoraqolpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari zimmasiga yuklatiladi.
3.2. Sirtqi fan olimpiadalari uch bosqichda tashkil etiladi. I, II, III bosqichlarini tashkil etish , o‘tkazish muddatlari quyidagicha belgilanadi:
|
Olimpiada bosqichlari
|
Bosqich qamrovi
|
O‘tkazish uchun mas’ullar
|
O‘tkazish muddati
|
Yakunlash muddati
|
|
I-bosqich
(Chorak final)
|
Qoraqolpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahari umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilar
|
Qoraqolpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahari metodika markazlari va tuman metodika kabinetlari
|
2 noyabr -15 dekabr
|
2-yanvar
|
|
II-bosqich
(Yarim final)
|
Qoraqolpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahari metodika markazlari
|
2 fevral – 15 mart
|
25-mart
|
|
|
III-bosqich
(final)
|
XTV, RTM, Qoraqolpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahari metodika markazlari
|
2 aprel -15 may
|
15-may
|
3.3. Sirtqi fan olimpiadalarining I, II, III bosqichlarini tashkil qilish va o‘tkazish uchun Qoraqolpog‘iston Respublikasi, viloyat (shahar) xalq ta’limi boshqaruv organlari joylardagi doimiy vakillaridan iborat viloyat, tuman, ta’lim muassasalarida tashkiliy qo‘mitalar tuziladi.
3.4. Sirtqi fan olimpiadalari bosqichlarini yuqori saviyada tashkil qilish va o‘tkazish, qatnashchilar tomonidan bajarilgan ishlarni o‘z vaqtida respublika tashkiliy qo‘mitasiga yetkazishni ta’minlash joylardagi tashkiliy qo‘mitalar zimmasiga yuklatiladi.
3.5. Sirtqi olimpiada Internet tizimi yordamida Xalq ta’limi vazirligining eduportal.uz portali orqali topshiriqlarni yetkazish usulida o‘tkaziladi.
3.6. Sirtqi fan olimpiadalarining barcha bosqichlarni o‘tkazish bo‘yicha umumiy metodik tavsiyalar, yozma ish topshiriqlarini baholash mezonlari va olimpiadalarni o‘tkazish tartibi Respublika ta’lim markazi, tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan holda joylarga yetkaziladi.
3.7. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalari fan olimpiadalarining barcha bosqichlarini mazkur Nizom, tasdiqlangan tartib va mezonlar asosida o‘tkazish chora-tadbirlirini belgilaydilar va amalga oshiradilar.
3.8. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maxsus maktab-internatlar, ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan maktab (sinf) va maktab-internatlar muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan sirtqi fan olimpiadalari tartibiga Xalq ta’limi vazirligi buyrug‘i bilan o‘zgartirish kiritilishi mumkin.
4. Fan olimpiadasining birinchi (chorak final), ikkinchi (yarim final) va uchinchi (final) bosqichlarini o‘tkazish tartibi.
4.1. Birinchi bosqichda (chorak final), yoshidan qat’iy nazar, sirtqi fan olimpiadalarida qatnashish istagini bildirgan barcha turdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 8-9 sinf o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalari o‘tkaziladi. Olimpiadalar o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxati, o‘tkazish tartibi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi. O‘quvchi o‘zi istagan va eng yaxshi natijalarga erishgan fanlari bo‘yicha III bosqich sinovida ishtirok etishi mumkin.
4.2. Barcha bosqichda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 8-9 sinf o‘quvchilari uchun yozma ish topshiriqlari Xalq ta’limi vazirligining eduportal.uz portali orqali sirtqi olimpiada bosqichlarini o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasi tomonidan berib boriladi.
4.3. Sirtqi fan olimpiadalarining barcha bosqichini yuqori saviyada o‘tkazish shaxsan ta’lim muassasasi rahbari mas’uldir. Xalq ta’limi vazirligining eduportal.uz portali orqali yuborilgan topshiriqlar asosida Birinchi bosqich Qoraqolpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahari metodika markazlari va tuman (shahar) metodika kabinetlari tomonidan (umumlashtiriladi) o‘tkaziladi. Birinchi bosqich natijalari yuqorida belgilangan muddatlarda vazirlikning eduportal.uz portaliga joylashtiriladi.
4.4. Ikkinchi (yarim final) bosqich Xalq ta’limi vazirligining eduportal.uz portali orqali yuborilgan topshiriqlar asosida Qoraqolpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahari metodika markazlari tomonidan (umumlashtiriladi) o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqich natijalari yuqorida belgilangan muddatlarda vazirlikning eduportal.uz portaliga joylashtiriladi.
4.5. Uchinchi (final) bosqich Xalq ta’limi vazirligining eduportal.uz portali orqali yuborilgan topshiriqlar asosida RTM va UTM multimediya markazi tomonidan tashkil etiladi.
4.6. Sirtqi fan olimpiadalarining III bosqich natijalariga ko‘ra 1- va 2- o‘rinni egallagan g‘oliblar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan “Yozgi maktab”iga qatnashishi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
5. Fan olimpiadasi g‘oliblarini aniqlash va taqdirlash
5.1. Sirtqi fan olimpiadalarining barcha bosqichlarida o‘quvchilarning bilim darajasi davlat ta’lim standartlari hamda fanlarning xususiyatini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan mezonlar asosida baholanadi. Barcha bosqichlar natijasi asosida g‘olib aniqlanadi.
5.2. Sirtqi fan olimpiadasining final bosqichida g‘oliblar aniqlanadi va taqdirlash tashkiliy qo‘mita va hakamlar hay’atining qo‘shma yig‘ilishlari qaroriga binoan amalga oshiriladi.
5.3. Sirtqi fan olimpiadalarining barcha bosqichlarida I,II,III o‘rin g‘oliblari yozma ishlar natijalariga ko‘ra 76% va undan yuqori foiz to‘plagan o‘quvchilar o‘rtasida aniqlanadi. G‘olib o‘quvchilarning ko‘rsatgan natijalari teng kelib qolgan taqdirda sovrindorni aniqlash uchun ularga qo‘shimcha yozma ish topshiriqlari beriladi va bu holat olimpiadaning sovrindori aniqlanguncha yoki o‘quvchilardan biri bellashuvni davom ettirishdan ixtiyoriy voz kechgunga qadar davom ettiriladi. (Ikkinchi holatda hakamlar hay’ati tomonidan bayonnoma tuzilib, har ikki o‘quvchiga imzo qo‘ydiriladi.)
5.4. Fan olimpiadalarining yakunlovchi bosqichi g‘oliblarining soni har bir fan bo‘yicha quyidagicha belgilanadi: birinchi o‘rin-bitta, ikkinchi o‘rin-bitta, uchinchi o‘rin-bitta.
5.5. Fan olimpiadalari natijalari Respublika ta’lim markazi Ilmiy metodik kengash majlislarida ko‘rib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi. G‘oliblar ro‘yxati o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga taqdim etiladi.
6. Tashkiliy qo‘mitalarning vazifalari
Umumta’lim fanlari (fizika, matematika, kimyo, biologiya, informatika va iqtisodiy bilim asoslari) bo‘yicha sirtqi fan olimpiadalarini talablar darajasida, yuqori saviyada o‘tkazish uchun chorak final, yarim final va final bosqichlarida rais, rais o‘rinbosari, mas’ul kotib va a’zolardan iborat tashkiliy qo‘mita tuziladi.
6.1. Joylardagi tashkiliy qo‘mitalarning vazifalari:
Sirtqi fan olimpiada bosqichlari “O‘zbekiston Respublikasi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha sirtqi fan olimpiadalarini o‘tkazish va iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” gi Nizom, sirtqi fan olimpiadalarini o‘tkazish tartibi asosida tashkil etish, olimpiadani o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan Internet tizimiga ulangan kompyuter bilan ta’minlash;
Sirtqi fan olimpiadalari ishtirokchilarini ishlarini eduportal.uz portalidagi “Forum”ga joylashtirishga oid xizmat ko‘rsatish va o‘quvchilarni mustaqil ishlashini kuzatishni tashkil qilish;
sirtqi fan olimpiadalari ishtirokchilarini va jamoa rahbarlarini olimpiada Nizomi, o‘tkazish tartibi, qatnashchilar bilimini baholash mezonlari bilan tanishtirish;
o‘z hududlarida fan olimpiadalarining ilmiy-metodik jihatdan yuqori saviyada, adolat va oshkoralik tamoyillari asosida o‘tkazilishini ta’minlash;
fan olimpiadalari g‘oliblarini va ularni tayyorlagan o‘qituvchilarni taqdirlash hamda rag‘batlantirish yuzasidan takliflar berish.
6.2. Respublika Tashkiliy qo‘mitasiga:
Sirtqi fan olimpiadasining barcha bosqichlarini o‘tkazish bo‘yicha umumiy metodik tavsiyalar va baholash mezonlarini tayyorlash, yozma ish variantlarini tayyorlashni tashkil etish, shuningdek, fan olimpiadasining I,II,III bosqichlarini o‘tkazilishini muvofiqlashtirish va fan olimpiadasini o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida Respublika tashkiliy qo‘mitasi tuzilib, Xalq ta’limi vazirligi buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Fan olimpiadalarining barcha bosqichlarni tayyorlash va o‘tkazishga umumiy rahbarlikni Respublika tashkiliy qo‘mitasi amalga oshiradi.
7. Hakamlar hay’atining vazifalari
7.1. Xalq ta’limi vazirligi, barcha bosqich sirtqi fan olimpiadasini o‘tkazish uchun barcha fanlar bo‘yicha 5-7 kishidan iborat tarkibda umumiy o‘rta ta’lim maktablari, pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlari va oliy ta’lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilari, Fanlar Akademiyasi institutlarining olimlari va boshqa tajribali mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tuziladi.
7.2. Hakamlar hay’ati quyidagi vazifalarni bajaradi:
- fan olimpiadalari ishtirokchilari tomonidan bajarilgan vazifalarni tekshiradi va baholaydi
- fan olimpiadalari yaunlari yuzasidan belgilangan tartibda qaror matnlarini tayyorlaydi va rasmiylashtiradi
- fan olimpiadalari o‘tkazilish jarayonida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan anglashilmovchiliklarning oldini oladi, ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi
- g‘oliblarni aniqlab, ularning egallagan o‘rnini belgilaydi
- fan olimpiadalari natijalarini olimpiada qatnashchilarini matbuot orqali e’lon qiladi, zurur hollarda qatnashchilar hamda ota-onalarning , jamoa rahbarlirining savollariga javob beradi, ularning e’tirozlarini ko‘rib chiqadi
- o‘tkazilgan olimpiada natijalari haqida tashkiliy qo‘mitaga batafsil hisobot beradi va zarur hujjatlarni taqdim etadi
7.3. Hakamlar hay’ati a’zolarining kamida uchdan ikki qismi yetib kelganidan so‘ng o‘quvchilar ishlarini tekshirishni boshlashi mumkin.
7.4. Hakamlar hay’ati a’zolari o‘zlari orasidan fan raisini yopiq ovoz berish yo‘li bilan saylaydilar
7.5. Sirtqi fan olimpiadasi qatnashchilarining ishlari eduportal. uz portalidagi “Forum” dan olingan yoki konvertdagi ishlarni tashkiliy qo‘mita tomonidan hay’at a’zolariga taqdim etiladi va hakamlar hay’ati tomonidan tekshiriladi. Tekshirilgan ishlar ro‘yxat qilinib va natijalariga ko‘ra g‘oliblar aniqlanadi. Ishtirokchilarning ishlari bir yilgacha saqlanadi. Bir yil muddatdan so‘ng qatnashchilar tomonidan bajarilgan yozma ishlar arxivga saqlash uchun topshiriladi.
8. Fan olimpiadasining moliyaviy ta’minoti
8.1 Respublika Xalq ta’limi vazirligi hisobidan quyidagi tadbirlar uchun malag‘ ajratiladi
- olimpiadaning barcha bosqichi uchun tayyorlanadigan yozma ish, materiallariga ketadigan xarajatlar
- yozma ishni ekspertizadan o‘tkazish uchun xarajatlar
- bosqichlarni o‘tkazish bo‘yicha Respublika hakamlar hay’ati a’zolariga ish haqi uchun xarajatlar
- g‘oliblarni “Yozgi maktab” da ishtirok etishlari uchun “Yo‘llanma” ga haq to‘lashi.
8.2 Xalq ta’limi vazirligi Istiqbolni belgilash, moliyalashtirish, buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi sirtqi fan olimpiadalarining bosqichlarini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan barcha sarf-xarajatlar bilan bog‘liq hujjatlarni har yili 1 fevralgacha tasdiqlatib oladi.
8.3 Fan olimpiadalarini o‘tkazish bo‘yicha quyidagi sarf-xarajatlar mahalliy boshqaruvi idoralari hisobidan qoplanadi.
- sirtqi fan olimpiadalarining g‘oliblarini “Yozgi maktab” manziliga kelishlari va qaytib ketishlari, jamoaga mas’ul xodimlarning xizmat safar xarajatlari, g‘oliblarni rag‘batlantirish mablag‘lari
8.4 Fan olimpiadalarining barcha bosqichlarida unga korxonalar, muassasalar, turli davlat va nodavlat tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslar, jamg‘armalar, mahallalar, boshqa jamoat tashkilotlari homiylik qilishlari mumkin.
“O‘zbekiston Respublikasi umumiy o‘rta ta’limi muassasalari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari
bo‘yicha sirtqi fan olimpiadalarini o‘tkazish va iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha” sirtqi olimpiadani o‘tkazish tartiblari
Respublika umumiy o‘rta ta’limi muassasalari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha sirtqi olimpiadalari O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuni, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», «Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi asosida iqtidorli va qobiliyatli o‘quvchilarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash, ulardagi noyob fazilatlarni yanada rivojlantirish, umumta’lim fanlaridan o‘tkaziladigan xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi Respublika jamoasi a’zolarini tanlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Nizom asosida o‘tkaziladi.
Sirtqi olimpiadada ishtirok etish uchun maktablarning matematika, fizika, informatika, kimyo, iqtisodiy bilim asoslari fanlaridan 8-9-sinflarining iqtidorli o‘quvchilari yoki o‘z bilimini sinab ko‘ruvchi ixtiyoriy o‘quvchilar ishtirok etishi mumkin. Sirtqi olimpiada Internet tizimi yordamida Xalq ta’limi vazirligining eduportal.uz portali orqali topshiriqlarni yetkazish usulida o‘tkaziladi. Har bir maktab ma’muriyati sirtqi olimpiadada ishtirok etish istagini bildirgan o‘quvchini olimpiadani o‘tkazilish tartibi, baholash mezoni bilan tanishtiradi va o‘quvchiga javoblarni yuborish usullari haqida ma’lumot beradi. Internetga ulanmagan maktab ma’muriyati tumanidagi internetga ulangan maktablar bilan hamkorlik asosida eduportal.uz portalidan sirtqi olimpiada materiallarini (yozma ishlarni) olib o‘quvchilarga yetkazishi va javoblarni tashkiliy qo‘mitaga pochta orqali, Respublika ta’lim markazining elektron pochtasi (sirtqiolimpiada2008@rambler.ru, rtm@uzedu.uz) orqali yoki eduportal.uz portalidagi “Forum” bo‘limi orqali yuborishi mumkin. Sirtqi olimpiadaning Informatika fani bo‘yicha ishtirok etuvchi o‘quvchilar yozma ishni Borland Paskal, Delphi, C++ dasturlash tillaridan birida tuzib yuborishi mumkin. Sirtqi olimpiada quyidagi tartibda o‘tkaziladi:
Birinchi bosqich, chorak final bosqichi bo‘lib, bunda yuqoridagi 5 ta fan bo‘yicha masalalar 2 noyabrdan Xalq ta’limi vazirligining eduportal.uz portaliga qo‘yiladi. 2 dekabrdan 15-dekabrgacha masala yechimlarini Respublika tashkiliy qo‘mitasining ko‘rsatilgan manzillariga yuboriladi. Bu bosqichda o‘quvchilar uchun qisman yengil, sodda usulda yechish imkonini beruvchi masalalar taqdim etiladi. Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan 16-dekabrdan 2-yanvarga qadar ishtirok etgan o‘quvchilar ro‘yxati va hakamlar tomonidan qo‘yilgan baholarni eduportal.uz portali orqali e’lon etiladi.
· Tuman xalq ta’lim bo‘limlari metodika kabinetlari zamonaviy kompyuterli maktabda sirtqi olimpiadalarni tashkil etishga ma’sul;
· Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan har bir fandan (fizika, matematika, informatika, kimyo va iqtisodiy bilim asoslari) 5ta masalani eduportal.uz portali orqali yuqorida ko‘rsatilgan manzilga belgilangan muddatlarda jo‘natiladi;
· eduportal.uz dan masalani olishda komanda rahbarlaridan, o‘quvchilardan va jamoatchi vakillardan iborat guruh ishtirok etishi lozim;
· Shular ishtirokida komanda soniga yetarli qilib masalalar ko‘paytiriladi va har bir komandaga beriladi;
· Topshiriqlarni bajarib bo‘lgan komanda ishi disketlarga yozib olinadi va jamoatchi vakillardan iborat guruh ishtirokida Respublika tashkiliy qo‘mitasiga eduportal.uz orqali yoki elektron pochtasiga yoki pochta orqali jo‘natiladi.
Ikkinchi bosqich – yarim final bosqichi bo‘lib, uning o‘tkazilish muddatlari 2 fevraldan 15 martgacha. 2-yanvardan boshlab ikkinchi bosqich masalalari eduportal.uz portali orqali e’lon qilinadi. 2 fevraldan 15 martgacha yuqorida ko‘rsatilgan manzilga masalalar yechimi yuboriladi. Masalalar yechimlari 2-martdan 25-martgacha hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi va eduportal.uz orqali e’lon qilinadi. Masalalar birinchi turdagi masalalardan qisman og‘irroq bo‘ladi. Bu bosqichda ham o‘tkazish tartibi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tushuntirish kabi olib boriladi.
Uchinchi bosqich – final bosqichi bo‘lib, bu bosqich 2 apreldan 15 maygacha o‘tkaziladi. 2-martdan boshlab uchinchi bosqich masalalari eduportal.uz portali orqali e’lon qilinadi. Masalalar yechimlari 2-apreldan 15-maygacha hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi. Masalalar ikkinchi turdagi masalalardan og‘irroq bo‘ladi. Bu bosqichda ham o‘tkazish tartibi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tushuntirish kabi olib boriladi.
G‘oliblar esa Nizomda ko‘rsatilgan kabi uchchala turda ishtirok etib, masalalarning 76%ga to‘g‘ri javob bergan o‘quvchilar orasidan aniqlanadi.
Barcha savol va takliflar uchun murojaat telefonlari:
XTV - 2394094,
RTM- 2391602

