O'zbekcha                    English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

!







 Talim sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

Yaponiya ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Kixei Maekava rahbarligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida O‘zbekiston va Yaponiya universitetlari rektorlarining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Alisher Vahobov, Yaponiya ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Kixei Maekava, Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Fumixiko Kato va boshqalar O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda, jumladan, fan-ta’lim yo‘nalishida izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Xususan, Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yil fevral oyidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi, Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening shu yil oktabr oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifi serqirra munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishladi.

Yaponiya O‘zbekistonning strategik hamkorlaridan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot hamda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot ruhida izchil rivojlanmoqda.

Bu barcha jabhalar qatori fan-ta’lim sohasida ham samarali hamkorlikka asos bo‘lmoqda. Ilmiy tadqiqot muassasalari va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi aloqalar faollashmoqda. Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligining o‘quv dasturlari hamda «Taraqqiyotga rasmiy ko‘mak» dasturi bo‘yicha O‘zbekistondan Kunchiqar mamlakatga talabalar yuborilmoqda. Joriy yildan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yapon tili birinchi xorijiy til sifatida o‘qitilmoqda.

O‘zbekiston va Yaponiya universitetlari rektorlarining konferensiyasi ilk marotaba 2011-yili Yaponiyada o‘tkazilgan edi. Toshkentda o‘tgan bu galgi anjumanda ikki mamlakat oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, o‘zaro hamkorlik samaralari haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda O‘zbekistonda ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha uzoqni ko‘zlagan dasturlar, xususan, Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi yoshlarning zamonaviy bilim olishi, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi, iqtidorini to‘la namoyon etishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston yoshlarining jahon standartlari asosida tahsil olishi yo‘lida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilayotgani, mamlakatimizda dunyodagi ko‘plab nufuzli universitetlarning filiallari tashkil etilib, muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

– O‘zbekistonda mamlakatni har tomonlama rivojlantirish yo‘lida kadrlar tayyorlash masalasiga alohida ahamiyat berilmoqda va bu barcha sohalarda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda, – dedi Yaponiya ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirining o‘rinbosari K.Maekava. – Ushbu anjuman mamlakatlarimiz o‘rtasidagi fan-ta’lim sohasidagi hamkorlikning tobora rivojlanib borayotganidan, bu boradagi munosabatlarni yanada faollashtirishda har ikki tomonning qiziqishi yuqori ekanidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbarining 2011-yilning 20-mayidagi “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yuqori ta’lim bosqichini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi xalqaro tajriba asosida takomillashtirilayotir.

Konferensiyada mamlakatimizda oliy ta’lim tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgani, ta’lim mazmuni va sifati izchil boyib borayotgani, yoshlarning intellektual salohiyati yuksalib, ularning jamiyatdagi o‘rni va mamlakatimiz taraqqiyotidagi faolligi oshib borayotgani alohida qayd etildi.

– Universitetimizda yuzdan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar tahsil oladi, – dedi Yaponiyaning Ritsumeykan Osiyo-Tinch okeani universiteti prorektori Kenji Yokoyama. – Ular intellektual salohiyati, tarbiyasi, ko‘plab xorijiy tillarni bilishi bilan boshqalardan ajralib turadi. Buni mamlakatingizdagi yoshlarga oid davlat siyosati samarasi, deb bilamiz.

Anjumanda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi fan-ta’lim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va bu boradagi aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Kadrlar tayyorlash yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, bu borada mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro tajriba va axborot almashuvini yanada faollashtirishga kelishib olindi.

Konferensiya doirasida O‘zbekiston va Yaponiyaning qator oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikka oid bitimlar imzolandi.

Yaponiya delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, qator ta’lim muassasalarida ham bo‘ldi. Poytaxtimizda tashkil etilgan «Yaponiyada ta’lim – 2015» ko‘rgazmasining ochilishida ishtirok etdi.

Iroda Umarova, O‘zA




Manba: http://uza.uz/
Maqola sanasi: 14 Noyabr 2015 12:40


Yangiliklar bolimiga o`tish


  © Copyright 2017 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.ccitt.uz    www.ziyonet.uz    www.multimedia.uz