O'zbekcha          Русский          English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

Найти!







 Axborot xavfsizligi – davr talabi
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

Toshkentda axborot xavfsizligi va ma’lumotlarga ishlov beradigan markazlar transformatsiyasi masalalariga bag‘ishlangan «IDC IT Security and Datacenter Transformation – 2015» konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, tarmoq uskunalari va himoya dasturlari ishlab chiqaruvchi dunyodagi yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

“Uzinfocom” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi direktorining o‘rinbosari I.Eshimboyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xalqaro xavfsizlik tizimiga qo‘shildi. Bunda mamlakatimizda axborot xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimi yaratilgani, kibertahdidlarga qarshi kurashda davlat organlarining harakatlari atroflicha o‘rganilgani va muvofiqlashtirilayotgani muhim omil bo‘ldi.

Konferensiyada axborot xavfsizligi sohasidagi so‘nggi tendensiyalar va ularning mamlakatimizdagi biznesga ta’siri, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning bugungi darajasi, ma’lumotlarga ishlov beradigan markazlarni rivojlantirish va ularning transformatsiyasi, kommunikatsiyalarni virtuallashtirish, Wi–Fi tarmoqlariga ulanishni avtomatlashtirish va axborot xavfsizligini ta’minlashga taalluqli muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Davlat organlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining axborot tizimlarini himoya qilishga qaratilgan turli texnik yechimlar va dasturiy ta’minot mahsulotlari taqdimotlari soha mutaxassislari e’tiborini tortdi.

Dunyoga mashhur “Huawei”, “Kingston Technology” va “Konica Minolta” kabi kompaniyalar ma’lumotlarni qayta ishlaydigan markazlar uchun axborot xavfsizligi sohasidagi o‘z ishlanmalari va jihozlarini taqdim etdi. Ishtirokchilar kiberjinoyatchilikka qarshi kurash, ehtimoliy kiberhujumlarning oldini olish va asoratlarini bartaraf qilish bo‘yicha ilg‘or tajriba va usullar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Konferensiya doirasida o‘tkazilgan ko‘rgazmada komputer jihozlari, tarmoq va mobil texnologiyalar sohasidagi so‘nggi ishlanma hamda modellar taqdim etildi. Xususan, serverlar uchun butlovchi qismlar, korporativ tarmoqlarga mo‘ljallangan jihozlar, so‘nggi rusumdagi smartfon va planshetlar namoyish qilindi.

Roman Bondarchuk, O‘zA




Manba: http://uza.uz/
Maqola sanasi: 11 Dekabr 2015 09:48


Yangiliklar bolimiga o`tish


  © Copyright 2017 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.ccitt.uz    www.ziyonet.uz    www.multimedia.uz