O'zbekcha                    English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

!







 Xorijiy tillar boshlangich sinfdan oqitilmoqda
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

Milliy matbuot markazida xalq ta’limi tizimida chet tillarni o‘qitishni takomillashtirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz ta’lim tizimi sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgani, o‘g‘il-qizlarni chet tillarda o‘qitish, ularning dunyo axborot resurslaridan keng foydalanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Mazkur qarorga binoan chet tillar, xususan, ingliz tilini o‘rganish umumta’lim maktablarining birinchi sinflaridan o‘yin tarzida va og‘zaki nutq darsi shaklida, ikkinchi sinfda esa alifbo, o‘qish va grammatikani o‘zlashtirish tarzida o‘tilmoqda. Sinfxonalar komputer, videoproyektor, televizor, DVD, monitor va ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlangani o‘quvchilarning xorijiy tillarni puxta o‘rganishiga yordam bermoqda.

Mamlakatimizdagi 8 ming 543 umumta’lim maktabida ingliz tili fani o‘qitiladi. 2015-2016 o‘quv yili uchun 1-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan 641 ming nusxa ingliz tili, 26 mingdan ziyod nemis tili, 20 ming nusxa fransuz tili darsligi, mashq daftarlari chop etildi. 42 nafar eng yaxshi ingliz tili o‘qituvchisi Buyuk Britaniyaning nufuzli universitetlarida malaka oshirdi.

2016-2017 o‘quv yili uchun tayyorlangan “Kids’ English 4”, “Deutsch mit Spaβ 4”, “Hirondelle 4” darsliklari tajriba-tadqiqot maktablarida sinovdan o‘tkazildi. Ayni paytda mazkur qo‘llanmalar bilan samarali ishlash metodikasini fan o‘qituvchilariga yetkazishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Matbuot anjumanida 4-sinf o‘quvchilari uchun yaratilgan “Kids’ English 4” o‘quv darsligining taqdimoti ham o‘tkazildi.

– Boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan “Kids’ English” darsligining to‘rtta avlodi ham tajribadan muvaffaqiyatli o‘tdi, – deydi “Kids’ English 4” darsligi muallifi Lutfulla Jo‘rayev. – Mazkur darslikning afzalligi, u o‘quvchi, o‘qituvchi va ota-onalar uchun mo‘ljallangan, o‘quv qo‘llanma bilan birga mashq va uyga vazifalar daftari ham yaratilgan.

Yig‘ilish ishtirokchilari poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 90-umumta’lim maktabida bo‘lib, u yerda chet tili fanlarining o‘qitilishi, eng so‘nggi pedagogik texnologiyalar bilan tanishdi. “Kids’ English 4” kitobi asosida o‘tilayotgan darslarni kuzatishdi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.

Azima Qiyosova, O‘zA




Manba: http://uza.uz/
Maqola sanasi: 22 Aprel 2016 15:39


Yangiliklar bolimiga o`tish


  © Copyright 2017 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.ccitt.uz    www.ziyonet.uz    www.multimedia.uz