O'zbekcha          Русский          English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

Найти!







 Axborot sohasining ulkan imkoniyatlari
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

Poytaxtimizda «ADWEEK.UZ» marketing va reklama haftaligi doirasida onlayn-marketing masalalariga bag‘ishlangan «USENET 2016» xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

“UZINFOCOM” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy qilish markazi hamda «Ledokol Group» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjondan telekommunikatsiya va reklama sohasi ekspertlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib bormoqda. Prezidentimizning 2013-yil 27-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Konferensiyada yosh avlodning zamonaviy axborot va intellektual ehtiyojlarini ta’minlaydigan veb-resurslar yaratilib, internet-reklama hamda media-marketing rivojlanayotgani ta’kidlandi.

– Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda, xizmatlarni elektron shaklda taqdim etish kengayib borayotir, – deydi «Seide International» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ulug‘bek Qodirov. – Biz ham yaratilayotgan imkoniyatlardan keng foydalanmoqdamiz.

Internet tezkor axborot olish, yetkazish va unga ishlov berish manbai hisoblanadi. Shu bois undan foydalanuvchilar soni tobora ko‘payib bormoqda. Ayni paytda mamlakatimizda ushbu tarmoqdan foydalanuvchilar 12 million, mobil aloqa abonentlari esa 22 million kishidan oshdi.

«Ledokol Group» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilshod Muzaffarovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda reklama beruvchilar byudjetining katta qismi televideniye hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Statistika ma’lumotlariga qaraganda, so‘nggi vaqtda internet-reklama va televideniye orqali reklama uchun byudjet o‘rtasidagi tafovut kamayib borayotir. Internet-reklama uchun sarflanayotgan byudjet hajmi bo‘yicha telekommunikatsiya kompaniyalari yetakchilik qilmoqda. Ularning reklama bozoridagi ulushi 50 foiz, farmatsevtika kompaniyalari ulushi esa 25 foizni tashkil qiladi.

Mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilarning aksariyati yoshlardir. Shu bois onlayn-reklama yanada barqaror rivojlanadi.

– Butun dunyoda jamiyatni axborotlashtirish jarayoni jadal rivojlanmoqda, – deydi «Safaroff» (Ozarbayjon) agentligi rahbari Chingiz Safarov. – Bunday konferensiyalar O‘zbekiston bu jarayonning faol ishtirokchilaridan ekanidan dalolat beradi. Mamlakatingizning ko‘plab IT-kompaniyalari tajribasi esa katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Anjumanda zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada rivojlantirish va bu borada mamlakatimiz hamda xorijiy mutaxassislarning o‘zaro hamkorligi bo‘yicha fikr almashildi.

Muhammad Qarshiboyev, O‘zA




Manba: http://uza.uz/
Maqola sanasi: 21 Aprel 2016 15:44


Yangiliklar bolimiga o`tish


  © Copyright 2017 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.ccitt.uz    www.ziyonet.uz    www.multimedia.uz