O'zbekcha          Русский          English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

Найти!







 Elektron hukumat: ochiq va samarali muloqot vositasi
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, internet va elektronika davrida iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, “Elektron hukumat” tizimi faoliyatini yanada rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega.

O‘zA muxbirining O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi direktori Sherzod Habibullayev bilan suhbati sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2016-yil 10-iyundan kuchga kirgan “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun mohiyati haqida bo‘ldi.

– Axborotlashtirish – bu taraqqiyot yo‘lidagi ustuvor masalalardan biri hisoblanadi, – deydi Sh.Habibullayev. – Prezidentimiz rahnamoligida jamiyatni axborotlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani iqtisodiyotning rivojlanishiga, xalqimiz hayot darajasi yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda bugungi kunda har yuz oilaning deyarli yarmi shaxsiy komputeriga ega. Har bir oilaga ikkitadan ortiq mobil telefon to‘g‘ri keladi. Muhimi, aholimizning yarmiga yaqini internetdan foydalanmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada o‘ziga xos burilish yasadi. Shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga muvofiq iqtisodiyotning barcha sohalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil joriy qilinmoqda. Axborot resurslari, tizimlari va tarmoqlarining yaratilishi jadallashdi. Natijada aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari soni va sifati oshmoqda.

Bu jarayonlarning barchasini o‘zida jamlagan elektron hukumat davlat va jamiyat o‘zaro hamkorligining muhim vositasiga aylanayotir. Mazkur tizim davlat organlarida foydalanilayotgan axborot tizimlari, axborot resurslari va ma’lumotlar bazalarini integratsiyalashga zamin yaratdi. Bu davlat boshqaruvi samaradorligining oshishi, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida hujjatlarni tayyorlash va ularga ishlov berishga ketadigan vaqt va mehnat xarajatlarini qisqartirmoqda.

Elektron hukumat davlatga nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki davlat boshqaruvida ochiqlikni ta’minlash orqali xalqning unga bo‘lgan ishonchini oshiradi.

– Joriy yil 10-iyundan kuchga kirgan “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun qanday imkoniyatlar yaratadi?

– Mamlakatimizda elektron hukumat sohasida munosabatlar vujudga kelishi “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqishni taqozo etdi. Qonun elektron hukumatning vazifa va prinsiplarini, ushbu sohani davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiruvchi organlar va ularning vakolatlarini belgilab berdi.

Mazkur qonunga muvofiq, elektron hukumat – davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir faoliyatini, idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimidir.

Qonunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi barcha masalalarni o‘z ichiga olgan elektron hukumatning asosiy vazifalari aniq belgilangan. Elektron hukumat birinchi galda davlat organlari faoliyatining samaradorligi va tezkorligini ta’minlaydi. Ularning mas’uliyati va ijro intizomini kuchaytiradi. Aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan axborot almashishni ta’minlashning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

Qonunda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartiblariga oid talablar, jismoniy va yuridik shaxslarning elektron davlat xizmatlarini olish chog‘idagi huquqlari, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini baholashni amalga oshirish tartibi belgilandi. Qonun normalariga so‘zsiz rioya etilishi davlat organlarining mas’uliyatini va ijro intizomini kuchaytiradi.

Qonunning kuchga kirgani elektron hukumatning yagona infratuzilmasini yaratishga, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan innovatsion texnologiyalarni joriy qilishga keng yo‘l ochdi. Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarini davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligining oddiy, tezkor va qulay bo‘lishiga, davlat boshqaruvi samaradorligi yanada oshishiga imkon yaratdi.

– Axborotlashtirish milliy tizimida «Elektron hukumat» markazining o‘rni qanday?

– Axborotlashtirish milliy tizimi shakllanishida «Elektron hukumat» markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani muhim o‘rin tutmoqda. Markazimizning bosh hamkori AKT sohasida dunyoda yetakchi davlatlardan biri bo‘lgan Koreya Respublikasi hisoblanadi. Mazkur mamlakat bilan hamkorlik o‘rnatilgani, o‘zaro tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgani o‘z samaralarini bermoqda. KOICA tashkiloti bilan hamkorlik doirasida mutaxassislar malakasi oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, O‘zbekiston – Yaponiya markazi bilan hamkorlikda yosh kadrlar bilim va malakasi oshirilmoqda. Shveytsariya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Rossiya kabi davlatlarda mutaxassislar tajriba orttirmoqda. Ular axborot tizimlari va resurslarini yaratish, rasmiy veb-saytlarni belgilangan qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirayotir.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish samaradorligini baholash reytingi natijalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu borada yildan-yilga samaradorlik ko‘zga tashlanayotir. Joriy yilning birinchi choragi yakuni bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlarining reyting ko‘rsatkichi o‘rtacha 82,30 foizni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich 2015-yil yakuniga nisbatan 3,61 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,79 foizga oshdi.

Axborotlashtirish va AKTni joriy etishda boshqaruv jarayonlarining avtomatlashtirish darajasi 2014-yilda 38,9 foizni, 2015-yilda esa 61,1 foizni tashkil etdi. Ishlab chiqarish jarayonida so‘nggi bir yil davomida avtomatlashtirish darajasi 43,9 foizdan 50,8 foizga ko‘tarildi. Axborotlashtirish jarayoni monitoringini olib borish maqsadida nis.uz tizimi ishga tushirildi. Tizimda 45 davlat organi ro‘yxatdan o‘tgan.

– Markazda yaratilgan axborot tizimlari, ular orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida ham so‘zlab bersangiz?

– Milliy axborot tizimini rivojlantirish doirasida 6 ma’lumotlar bazasi va 12 kompleks axborot tizimi ishlab chiqilmoqda. 2015-yil 20-martda O‘zbekiston Respublikasi Davlat ochiq ma’lumotlari portali ishga tushirildi. Ushbu portal internet tarmog‘ida ochiq ma’lumotlarni yuklab olish uchun yagona nuqta vazifasini bajarmoqda.

Milliy axborot-komunikatsiya tizimini yaratish maqsadida 2015-yil 1-iyulda Davlat xizmatlari yagona reyestri ishga tushirildi. Bugungi kunga kelib reyestrda 800 dan ortiq davlat xizmati ro‘yxatdan o‘tgan.

Kompleks axborot tizimlaridan “Tadbirkorlik kabineti” ishga tushirilgan. Hozir undan 1,5 mingdan ziyod tadbirkorlik subyekti foydalanmoqda.

“Kliring” axborot tizimi jismoniy shaxslar, tadbirkorlik subyektlari uchun to‘lovlarni, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarni, onlayn to‘lovlar, banklar uchun chakana to‘lovlar va komissiyasiz bank to‘lovlarini bajaradigan markazlashgan tizimdir. “Soliq” – soliq organlari tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati va ochiqligini ta’minladi. “Bojxona” – tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonlarini qulaylashtirdi.

Bundan tashqari, “Xarid”, “Byudjet”, “Nafaqa”, “Protez”, “Agromonitoring”, “Inspeksiya” kabi axborot tizimlari ham ishga tushirilgan bo‘lib, ular shu sohalarga oid ma’lumotlarni olish imkonini berib, ushbu yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatishni yaxshilamoqda. Jismoniy va yuridik shaxslarning ma’lumotlar bazalari yaqinda ishga tushiriladi.

– Aholi va tadbirkorlik subyektlari qaysi elektron xizmatlardan ko‘proq foydalanmoqda?

– 2015-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni qirqtaga ko‘payib, ularning umumiy soni 260 dan oshdi. Joriy yilning o‘tgan davrida davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan 600 mingdan ziyod murojaat elektron shaklda qabul qilingan. Shulardan 98 foiz murojaat ko‘rib chiqilgan, qolganlari ko‘rib chiqilmoqda.

2014-yil yanvar oyidan buyon 53,4 mingdan ziyod tadbirkorlik subyekti Yagona portalda ro‘yxatdan o‘tdi. Bu Yagona portal yordamida bir yilda o‘rtacha 10 tonnadan ziyod qog‘oz va fuqarolarning vaqti tejab qolinayotganini anglatadi.

Elektron hukumat tizimini yanada takomillashtirish maqsadida davlat xizmatlari Yagona reyestri shakllantirildi. Unda 95 davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi o‘rin olgan. Endi turli yumush va xizmatlar yuzasidan hujjat to‘ldirish ishlari yanada soddalashdi. Yaqin yillarda xizmat foydalanuvchilari elektron blankalardan foydalana boshlaydi. Bu davlat idoralari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarning butunlay elektron shaklga ko‘chishini ta’minlaydi.

Barcha hududlarda tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tadbirkorlarga katta qulaylik yaratdi. Ushbu markazlar zamonaviy komputer texnikasi bilan ta’minlangan. Ular lokal va internet tarmoqlariga, idoralararo elektron hujjat aylanishi tizimiga ulangan. Ushbu markazlar orqali tadbirkorlik subyektlariga 16 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda elektron munosabatlarning jadal rivojlanayotgani, buning uchun zarur shart-sharoitlar ta’minlab berilayotgani barcha uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA




Manba: Uza.uz
Maqola sanasi: 14 Iyun 2016 10:11


Yangiliklar bolimiga o`tish


  © Copyright 2017 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.ccitt.uz    www.ziyonet.uz    www.multimedia.uz