O'zbekcha                    English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

!







 Elektron hukumat tizimi takomillashmoqda
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda "Elektron hukumat”ni joriy etishning huquqiy asoslari" mavzuida davra suhbati o‘tkazdi.

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, "elektron hukumat" axborot tizimi faoliyati va joriy etilishini tartibga soluvchi axborot sohasi qonunchiligining amaliyotga tatbiq etilishi samaradorlikni yanada oshirishini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingani bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratdi.

Joriy yilning 10-iyunidan kuchga kiradigan mazkur qonun davlat boshqaruvi tizimidagi ma’muriy islohotlarni chuqurlashtirish, "yagona darcha" tamoyili asosida elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashda fuqarolarning huquq va manfaatlarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Milliy axborot makonini yanada rivojlantirish, «elektron hukumat» tizimini takomillashtirish va joriy etishda 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga ko‘ra, 2013-2020-yillarda 2,1 trillion so‘mlik telekommunikatsiya texnologiyalari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 17 loyiha, «elektron hukumat» ma’lumotlar bazasi va axborot tizimlari kompleksini yaratishda qo‘l keluvchi o‘ttizga yaqin loyiha amalga oshiriladi.

Davra suhbatida AQSh, Janubiy Koreya, Singapur kabi jahonning yetakchi mamlakatlari amaliyotidagi “elektron hukumat”ni rivojlantirishni tartibga soluvchi hukuqiy hujjat namunalari ko‘rib chiqildi. Tegishli vazirlik va idoralarning "Elektron hukumat" loyihasidagi "Soliq", "Bojxona", "Byudjet" kabi dolzarb tizimlari haqida yig‘ilganlarga axborot taqdim etildi.

– Joriy yilning birinchi mayidan yangi elektron soliq xizmatlari portali ishlab chiqildi, – deydi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Hayotjon Nasrulloyev. – Bu orqali aholi va tadbirkorlik subyektlarining soliq organlari bilan o‘zaro munosabatlarining ochiqligi, tezkorligi va samaradorlik darajasi yanada oshdi. Xususan, korxona va tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning mol-mulk va yer soliqlaridan bo‘lgan qarzdorligi yoki joriy yil uchun hisoblangan soliqlarni “shaxsiy kabinet” orqali onlayn to‘lash imkoniyati yaratilgani bois keyingi o‘n kunda bu xizmat orqali 550 ortiq yuridik shaxs 3 ming nafardan ortiq xodim uchun to‘lovni amalga oshirdi.

Davra suhbatida elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish standartlari, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatishni baholash metodikasi, elektron hukumat loyihalarining samaradorligi bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni tasdiqlash, elektron hukumatni amalga oshirish va faoliyat yuritishi bilan bog‘liq axborot sohasidagi qonunlarni amaliyotga tatbiq etishni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA




Manba: Uza.uz
Maqola sanasi: 21 May 2016 10:24


Yangiliklar bolimiga o`tish


  © Copyright 2017 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.ccitt.uz    www.ziyonet.uz    www.multimedia.uz