O'zbekcha                    English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

!







 "Bolalarning texnik ijodkorligi" festival-tanlovi bolib otdi
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

Rahmatilla Mahmudov Norin tumanidagi 40-maktabning 9-sinfida o‘qiydi. "Yosh fiziklar" to‘garagiga qatnovchi bu yigitcha mo‘jaz changyutkich, raketa modelini yaratdi. Navoiylik Firdavs Shomurodov yasagan minirobot murakkab sanoat hududlari, konlarda bemalol harakatlanib, obyektlarni tasvirga tushirsa, andijonlik Latifjon Mannopov tayyorlagan sensor klaviaturali musiqa asbobidan ajib kuy taraladi.

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjayev va boshqalar yurtimizda yosh avlodning qobiliyati va ijodiy salohiyatini kashf etish, o‘g‘il-qizlarning iste’dodi to‘g‘ri shakllanishi uchun imkoniyat yaratish masalasiga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-fevraldagi "Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizning barcha hududlarida "Barkamol avlod" bolalar markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘quvchilarning ijodiy qobiliyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, ularga o‘z qiziqishi va intilishi bo‘yicha kasb-hunarning boshlang‘ich sirlarini o‘rgatishda mazkur markazlarning ahamiyati katta bo‘lmoqda.

  "Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi doirasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ushbu markazlar faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish yuzasidan turkum loyihalar, ijodiy tanlovlar, festivallar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Ilk marta o‘tkazilgan "Bolalarning texnik ijodkorligi" festivali shunday tadbirlar sirasidandir. Festival-tanlovdan ko‘zlangan maqsad bolalarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishini yanada rivojlantirish, texnik ijodkorligini rag‘batlantirishdan iboratdir.

"Barkamol avlod" markazlari qoshidagi ekologiya va o‘lkashunoslik, badiiy va texnik ijodiyot kabi to‘garaklarda o‘g‘il-qizlar turli yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va mahoratini boyitmoqda.

– Men bir necha yildan buyon komputer saboqlari bo‘yicha to‘garakka qatnayman, – deydi Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi 2-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Shohrux Turdiqulov. –  Festival-tanlov uchun chorrahaga o‘rnatiluvchi robot yasadim. U transport vositalarini tartibga solishi bilan birga turli yo‘l hodisalarining oldini oladi.

– O‘quvchilar tomonidan tayyorlangan turli avia-raketa modellar, texnik ishlanmalar ularning to‘garaklar orqali olgan bilim va ko‘nikmalari, boy xayolot olamini aks ettirishi bilan birga qiziqishi, aniq maqsad sari dadil intilishining o‘ziga xos ifodasidir, – deydi Navoiy viloyati  "Barkamol avlod" bolalar markazi metodisti Nazira Rahimova. – Bunday texnik ijodiyot to‘garaklari natijasida o‘quvchilarning fizika, matematika, kimyo, komputer texnologiyalari kabi fanlarni o‘zlashtirishida ijobiy natijalar ko‘zga tashlanmoqda. 

Festival-tanlov yakuniga ko‘ra 20 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar avtomodel, avia-raketamodel, kemasozlik, robototexnika, elektron o‘yinchoqlar, radiotexnika, elektronika va aloqa, fotohavaskorlik yo‘nalishlarida diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.      




Manba: Nazokat Usmonova, Otabek Mirsoatov (surat), OzA
Maqola sanasi: 01 Noyabr 2016 14:16


Yangiliklar bolimiga o`tish


  © Copyright 2017 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.ccitt.uz    www.ziyonet.uz    www.multimedia.uz