O'zbekcha                    English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

!







 Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish yolida
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

Poytaxtimizda «bulutli» texnologiyalarni amaliyotga joriy etishga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ushbu texnologiyalarni rivojlantirishning zamonaviy yo‘nalishlari va ularning axborot texnologiyalari sohasiga ta’siri muhokama qilindi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar xodimlari, "bulutli" texnologiyalar sohasi yetakchi mutaxassislari, ixtirochilar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 21-martdagi «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘lami kengayib borayotgani ta’kidlandi. Xususan, davlat idoralari faoliyatiga ixtisoslashtirilgan dasturiy komplekslar va interfaol xizmatlar samarali joriy etilmoqda. Shu bois turli moslama yoki dasturiy komplekslardan foydalanishda ularning samaradorligini oshirish hamda yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladigan bunday zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Anjumanda O‘zbekistonda «bulutli» texnologiyalarni joriy qilish orqali innovatsion faoliyat samaradorligini yanada oshirish masalasi ham muhokama etildi. Jumladan, «bulutli» texnologiyalarga asoslangan turli hisob-kitoblar an’anaviy telekommunikatsiyalar, internet tarmog‘ining milliy segmenti hamda mamlakatimiz sanoatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. «Bulutli» texnologiyalar infratuzilmasi yordamida istalgan joy va vaqtda ortiqcha xarajatlarsiz katta hajmdagi hisoblash quvvatlaridan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Tadbir doirasida, xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari uchun «bulutli» texnologiyalar sohasidagi so‘nggi ishlanmalar namoyish etildi.

– Zamonaviy ilm-fan yutuqlari ochiq «bulutli» texnologiyalar ekotizimini yaratish uchun keng imkoniyatlar beradi, – deydi «Huawei» kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Van Pen. – Uning yordamida yirik telekommunikatsiya kompaniyalari, mahalliy dasturiy ta’minot yaratuvchilari hamda milliy kontent-provayderlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sanoatini yanada rivojlantirish maqsadida aholiga sifatli, tezkor xizmat ko‘rsatishda hamkorlik qilishi mumkin.

Tadbir yakunida mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotining turli sohalariga «bulutli» texnologiyalarni joriy qilish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Roman Bondarchuk, O‘zA




Manba: Uza.uz
Maqola sanasi: 17 Noyabr 2016 13:41


Yangiliklar bolimiga o`tish


  © Copyright 2017 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.ccitt.uz    www.ziyonet.uz    www.multimedia.uz