O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzurida Multimedia umumta'lim dasturlarini rivojlantirish markazini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbekiston Respublikasi umumta'lim maktablarini axborotlashtirish" loyihasini amalga oshirish uchun Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan beriladigan imtiyozli kreditdan samarali foydalanish chora-tadbirlari to'g'risida" 2006 yil 27 martdagi PQ-312-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzurida Multimedia umumta'lim dasturlarini rivojlantirish markazi (keyingi o'rinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilsin, unga "O'zbekiston Respublikasi umumta'lim maktablarini axborotlashtirish" loyihasini amalga oshirish, shu jumladan kredit mablag'laridan O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasining Eksport-import banki o'rtasidagi kredit bitimi talablariga muvofiq foydalanilishini nazorat qilish va hisobga olish funksiyalari yuklansin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ta'lim beradigan elektron multimedia ilovalarni ishlab chiqish;
ilgari ishlab chiqilgan ta'lim beradigan elektron resurslarni va boshqa tillardagi nashrlarni O'zbekiston Respublikasida o'qitiladigan tillarga moslashtirish va mahalliylashtirish;
kompyuter asbob-uskunalaridan, axborot-kommunikasiya texnologiyalari bo'yicha ta'lim beradigan resurslar va treninglardan foydalanish samaradorligini tadqiq qilish, tahlil etish hamda monitoringini olib borish;
xalq ta'limi xodimlari va o'qituvchilarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish institutlari xodimlari uchun trening kurslarini ishlab chiqish va ularni o'tkazish;
axborot-ta'lim veb-portali joylashtiriladigan server maydonchasini tashkil etish, qo'llab-quvvatlash va boshqarish;
axborot-ta'lim veb-portalini tashkil etish va qo'llab-quvvatlash;
maktablarni axborot-ta'lim veb-portaliga kiritish.
3. Quyidagilar:
Markazning xodimlarining cheklangan umumiy soni, shu jumladan Respublika ta'lim markazi xodimlarini 8 nafarga hamda Xalq ta'limi vazirligi markaziy apparati xodimlari sonini 1 nafarga qisqartirish hisobiga 23 nafardan iborat tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziriga Markazning tasdiqlangan tuzilmasiga yuklangan vazifalarga muvofiq, xodimlarining belgilangan soni va ish haqi fondi doirasida o'zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi bir oy muddatda:
Markaz to'g'risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Markazni ta'lim beradigan elektron multimedia dasturlarini ishlab chiqish, joriy etish va ulardan foydalanish sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar, shuningdek loyihani samarali amalga oshirishni kafolatlovchi boshqa mutaxassislar bilan butlash chora-tadbirlarini ko'rsin.
6. Toshkent shahar hokimligi O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi bilan kelishgan holda Markazni joylashtirish uchun bir oy muddatda bino ajratsin.
7. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markazning ta'minoti uchun 2006 yilga tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida zarur mablag'lar ajratsin, 2007 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida mablag'larni nazarda tutsin.
8. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida" 2004 yil 29 avgustdagi 410-son qaroriga (O'zbekiston Respublikasi QT, 2004 y., 8-son, 88-modda) quyidagi o'zgartirishlar kiritilsin:
a) 2-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
"O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining xodimlarining cheklangan umumiy soni 80 nafardan, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 60 nafardan iborat bo'lgan markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq";
b) 1-ilova o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin;
v) 2-ilovada:
"Ta'lim jarayoniga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish bo'limi - 3 kishi" so'zlari "Ta'lim jarayoniga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish sho''basi - 2 kishi" so'zlari bilan almashtirilsin;
"81" va "61" raqamlari tegishli ravishda "80" va "60" raqamlari bilan almashtirilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosarlari R.S. Azimov va R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOEV
Toshkent sh., 2006 yil 7 iyun, 110-son