Maktabgacha ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida
Maktabgacha ta’limni yanada rivojlantirish, shuningdek bolalarni umumta’lim maktablarida o‘qishga muvaffaqiyatli tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasida davlat maktabgacha ta’lim muassasasi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Qisqa muddatli guruhlar to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
uch oy muddatda faoliyat ko‘rsatayotgan maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomlar talablariga muvofiqlashtirsin;
maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati ustidan muntazam nazoratni ta’minlasin, ularga o‘zlariga yuklangan vazifalarni amalga oshirishida har tomonlama ko‘maklashsin.
3. Vazirlar Mahkamasining «Ta’lim muassasalari haqidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida» 1995 yil 18 fevraldagi 59-son qarori 1-bandining ikkinchi xatboshi va qarorga 1-ilova (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1995 y., 2-son, 5-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH. MIRZIYOYEV
Toshkent sh., 2007 yil 25 oktabr, 225-son