O'zbekcha          Ðóññêèé          English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

  Íàéòè!

Kengaytirilgan qidiruv     








 Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 25 oktabrdagi 225-son qaroriga 2-ILOVA
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 25 oktabrdagi 225-son qaroriga 2-ILOVA

 

O‘zbekiston Respublikasida nodavlat maktabgacha  ta’lim muassasasi to‘g‘risida NIZOM

 

I. Umumiy qoidalar

 

            1. Maktabgacha ta’limga qo‘yiladigan davlat talablariga muvofiq aholiga ta’lim xizmatlari ko‘rsatish nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining (keyingi o‘rinlarda «nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi» deb yuritiladi) asosiy faoliyati hisoblanadi.

            2. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.

            3. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining ustavi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 5 yanvardagi 5-son qarori bilan tasdiqlangan Ta’lim muassasasi ustavini ishlab chiqish tartibiga muvofiq ishlab chiqiladi, uning muassisi tomonidan tasdiqlanadi va tegishli davlat organlarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

            4. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ta’lim-tarbiya va sog‘lomlashtirish muassasasi hisoblanadi, quyidagilar uning asosiy vazifalari hisoblanadi:

            bolalarning hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlash;

            bolaning shaxsi asoslarini shakllantirish, uning bilimga qiziqishlarini rivojlantirish;

            bolaning intellektual, shaxsiy va jismoniy rivojlanishini ta’minlash;

            bolaning rivojlanishidagi nuqsonlarni zarur tarzda tuzatish;

            bolalarni milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish;

            bolalarni maktabda o‘qishga tayyorlash.

 

II. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish tartibi

 

            5. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi muassasa sifatidagi tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etiladi va qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat ko‘rsatadi. Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan nodavlat mulkchilik shaklidagi yuridik va jismoniy shaxslar nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining muassislari bo‘lishlari mumkin.

            6. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi, mustaqil moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshiradi, dumaloq muhrga, burchakli shtampga va o‘z logotipi yozilgan blankaga ega bo‘ladi.

            7. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda litsenziya olgan vaqtdan boshlab ta’lim faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.

            Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini akkreditatsiya qilish vakolatli davlat organi tomonidan, attestatsiya asosida amalga oshiriladi.

 

III. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatini  tashkil etish

 

            8. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida ta’lim va tarbiya dunyoviy xususiyatga ega bo‘ladi.

            9. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida ta’lim mazmuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tavsiya qilingan dasturlar bilan belgilanadi. Muassasa o‘z (mualliflik) dasturlaridan foydalanishga haqlidir. Ushbu dasturlarni tasdiqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.

            10. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining ish rejimi va bolalarning u yerda qancha vaqt bo‘lishi muassasa ustavida hamda muassasa rahbari (yoxud muassis) bilan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida tuzilgan shartnomada belgilanadi.

            11. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida bolalarni o‘qitish va tarbiyalash davlat tilida va «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq boshqa tillarda olib boriladi.

            12. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilariga tibbiy yordam ko‘rsatish shtatdagi yoki sog‘liqni saqlash organlarining shartnoma asosida maxsus biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

            Tibbiyot xodimlari nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari bilan birgalikda bolalarning hayoti, sog‘lig‘i va jismoniy rivojlanishi, davolash-profilaktika tadbirlari o‘tkazilishi, sanitariya-gigiyena normalariga, ovqatlanish rejimi va sifatiga rioya qilinishi uchun javob beradilar. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish shartnoma asosida amalga oshiriladi.

            13. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida bolalarning ovqatlanishi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tibbiyot, sanitariya-gigiyena normalari va talablari asosida amalga oshiriladi.

            14. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ta’limning uzluksizligini ta’minlash maqsadida shartnoma asosida o‘z faoliyatini umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bilan birgalikda amalga oshirishi mumkin.

 

IV. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini butlash

 

            15. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasiga bolalar 2 yoshdan boshlab 6-7 yoshgacha, tegishli tibbiy xulosa hisobga olingan holda qabul qilinadi.

            Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasiga bolalarni qabul qilish va ularning chiqib ketishi tartibi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining ustavi bilan belgilanadi.

            16. Nodavlat muassasasi guruhlaridagi bolalar soni davlat maktabgacha ta’lim muassasalari uchun belgilangan sondan ortiq bo‘lmasligi kerak.

            17. Maxsus pedagogik ma’lumotli shaxslar nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga egadir. Sud tomonidan yoki tibbiy xulosaga muvofiq bunday faoliyatbilan shug‘ullanishi taqiqlangan shaxslar pedagogik faoliyatga qo‘yilmaydilar.

            18. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari belgilangan tartibda pedagog kadrlar malakasini oshirishni va ularni qayta tayyorlashni ta’minlaydi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qiladi, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, mualliflik dasturlari, metodik qo‘llanmalar va didaktik materiallar joriy etilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

            19. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining pedagoglari va boshqa xodimlari bilan mehnat shartnomalari tuzish va ularni bekor qilish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

V. Ta’lim jarayoni qatnashchilari

 

            20. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida bolalar, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar va pedagog xodimlar ta’lim jarayonining qatnashchilari hisoblanadi.

            Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida vasiylik kengashlari tashkil etiladi, ularni saylash tartibi va ularning vakolatlari maktabgacha ta’lim muassasalarining ustavlarida belgilanadi.

            Bolalarni qabul qilishda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ota-onalarni yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni muassasaning ustavi va uning faoliyatini tartibga soladigan boshqa hujjatlar bilan tanishtirishi shart.

            21. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi bilan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining ustavi va shartnoma bilan tartibga solinadi. Shartnoma o‘qitish, tarbiyalash, qarab turish va parvarish qilish jarayonida paydo bo‘ladigan tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini o‘z ichiga oladi.

            22. Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar:

            o‘z bolalari uchun o‘qitish va tarbiyalashning shakllarini, bolalar maktabgacha ta’lim muassasalari tipini va ta’lim berish tilini tanlash;

            bolalar maktabgacha ta’lim muassasasi ma’muriyatidan maktabgacha ta’lim muassasasining ustaviga muvofiq bo‘lgan zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilish;

            bolaning shaxsiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qilish;

            bolalarning bolalar maktabgacha ta’lim muassasasida hayot kechirishini tashkil etishda faol ishtirok etish;

            rejim doirasida ular uchun qulay bo‘lgan istalgan vaqtda bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasiga olib kelish va undan olib ketish huquqiga ega.

            Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.

            23. Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar quyidagilarga majbur:

            bolalarning jismoniy va psixik jihatdan sog‘lom bo‘lishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish;

            bolaning qadr-qimmatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, unda mehnatsevarlik, ezgulik, mehr-shafqat fazilatlarini, o‘zidan katta yoshdagilarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish tuyg‘ularini tarbiyalash;

            belgilangan normativlarga muvofiq bolalar bog‘chasida bolaning ta’minotiga to‘lovni o‘z vaqtida to‘lash;

            bolalarni oilada tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash;

            bolalarning to‘laqonli ovqatlanishini, ularda shaxsiy gigiyena ko‘nikmalari shakllantirilishini qat’iy kuzatib borish, bolani maktabgacha ta’lim muassasasiga ozoda kiyingan holda olib kelish.

            Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham olishlari mumkin.

            24. Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchisi va xodimi o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hamkorlik, bolaning shaxsini hurmat qilish va unga shaxsiy xususiyatlariga muvofiq rivojlanishi uchun erkinlik berish asosida olib boriladi.

            Maktabgacha ta’lim muassasasida o‘quv yili har yili 2 sentabrdan boshlanadi, keyingi yilning 1 iyunida tugallanadi va yangi o‘quv yili boshlangunga qadar sog‘lomlashtirish davri boshlanadi.

 

VI. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini boshqarish va  uning faoliyatini nazorat qilish

 

            25. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda muassis tomonidan tayinlanadigan shaxs boshqaradi.

            Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari davlat maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri lavozimiga qo‘yiladigan malaka talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.

            26. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatini nazorat qilish muassis tomonidan, shuningdek vakolatlar doirasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

            27. Maktabgacha ta’limga qo‘yiladigan davlat talablari va o‘qitish dasturlarining nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan bajarilishini nazorat qilishni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi amalga oshiradi.

            28. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish, ularning faoliyatini to‘xtatib turish va to‘xtatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

VII. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining mol-mulki va  pul mablag‘lari

 

            29. Muassis yoki u vakolat bergan organ maktabgacha ta’lim muassasasiga mol-mulkni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda birkitadi.

            Maktabgacha ta’lim muassasasiga birkitilgan mol-mulk uning tezkor boshqaruv huquqida bo‘ladi. Maktabgacha ta’lim muassasasi o‘ziga birkitilgan mol-mulkni va o‘ziga ajratilgan mablag‘lar hisobiga sotib olingan mol-mulkni qonun hujjatlariga muvofiq tasarruf etadi.

            30. Maktabgacha ta’lim muassasasi o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘z tasarrufidagi pul mablag‘lari bilan javob beradi.

            31. Maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati uning muassisi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq moliyalashtiriladi.

            32. Quyidagilar maktabgacha ta’lim muassasasi mol-mulkini va moliyaviy resurslarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

            muassisning mablag‘lari;

            boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy ehsonlari hamda maqsadli badallari;

            qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

            33. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini moddiy-texnik ta’minlash muassislar tomonidan davlat maktabgacha ta’lim muassasalari uchun O‘zbekiston Respublikasida amal qiladigan normalardan past bo‘lmagan miqdorlarda amalga oshiriladi.

            34. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi shartnoma asosida boshqa ta’lim muassasalariga pulli xizmatlar ko‘rsatishi, xonalarni va tegishli asbob-uskunalarni ijaraga berishi mumkin.

            35. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida bolalarga ta’lim-tarbiya berilganligi uchun ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning to‘lovi miqdori shartnomada belgilanadi va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘lanadi.

 

VIII. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining javobgarligi

 

            36. Maktabgacha ta’lim muassasasi:

            o‘z Ustavida nazarda tutilgan funksiyalarning bajarilmaganligi;

            ta’lim dasturlarining to‘liq hajmda bajarilmaganligi, amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlarining sifati;

            ta’lim jarayonini tashkil etishning qo‘llanayotgan shakllari, metodlari va vositalarining bolalarning yosh, psixofiziologik xususiyatlariga, qobiliyatiga, layoqatiga, qiziqishlariga va ehtiyojlariga nomuvofiqligi;

            muassasada tarbiyalanayotgan bolalarning ta’lim jarayoni vaqtidagi hayoti va sog‘lig‘i uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.

 

IX. Yakuniy qoidalar

 

            37. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida maktabgacha ta’lim muassasasining asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tashkilotlarning, shu jumladan siyosiy partiyalar va harakatlarning tashkil etilishiga va faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

            38. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etilishi, tugatilishi mumkin.

            39. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tugatilgan taqdirda uning pul mablag‘lari va mol-mulkidan, uning majburiyatlarini qoplash bo‘yicha to‘lovlar chegirilgan holda, qonun hujjatlariga va muassasa ustaviga muvofiq foydalaniladi.

            40. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarining xalqaro hamkorligi, pedagogik axborot va tajribani ayirboshlash, pedagog kadrlarning amaliyotni o‘tashi va ularning malakasini oshirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

 

 

 

  © Copyright 2012 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.aci.uz    www.ziyonet.uz