Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 25 oktabrdagi 225-son qaroriga 3-ILOVA
Qisqa muddatli guruhlar to‘g‘risida NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom maktabgacha ta’lim muassasalariga (keyingi o‘rinlarda matnda «maktabgacha muassasalar» deb yuritiladi) qatnamaydigan maktabgacha yoshdagi bolalarning qisqa muddatli (4-5 soat) guruhlari faoliyatini tartibga solish uchun yo‘naltirilgan.
2. Maktabgacha muassasalar negizida tashkil etiladigan qisqa muddatli guruhlarning maqsadi maktabgacha muassasalarga qatnamaydigan bolalarni har tomonlama rivojlantirishni ta’minlash, ularda maktab ta’limiga tayyorgarlik asoslarini shakllantirish hisoblanadi.
3. Maktabgacha muassasada quyidagi qisqa muddatli guruhlar faoliyat ko‘rsatishi mumkin:
3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 20 nafardan kam bo‘lmagan, biroq 25 nafardan ortiq bo‘lmagan bolalar uchun — «Rivojlantirish guruhi». Guruh bolalarni har tomonlama rivojlantirish, ularni tengdoshlar va katta yoshli bolalar jamoasiga moslashtirish maqsadida tashkil etiladi;
5 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 20 nafardan kam bo‘lmagan, biroq 25 nafardan ortiq bo‘lmagan bolalar uchun — «Kelajakdagi o‘quvchi» guruhi. Guruh maktabgacha katta yoshdagi bolalarni ta’lim muassasasida umumiy o‘rta ta’limga o‘qitishga tayyorlash maqsadida tashkil etiladi;
o‘qitish o‘z ona tilida olib borilmaydigan bolalar uchun bolalar soni 20 nafardan kam bo‘lmagan, biroq 25 nafardan ortiq bo‘lmagan guruh;
2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 15 nafardan kam bo‘lmagan, biroq 20 nafardan ortiq bo‘lmagan bolalar uchun — «Integrallashgan guruh». Guruhda sog‘lom bolalar bilan birgalikda, shuningdek «ruhiy rivojlanishi sust» tashxisli bolalar ham («ruhiy rivojlanishi sust» tashxisli bolalar soni 3 nafardan ortiq bo‘lmasligi lozim) qatnashadi. Guruh bolalarni jamiyatga moslashtirish, rivojlanishida ruhiy nuqsoni bo‘lgan bolalarga muntazam ravishda ruhiy-tibbiy-pedagogik yordam ko‘rsatish, ularni tarbiyalash va o‘qitish, ota-onalarni konsultativ-metodik qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etiladi. Bolalarni o‘qitish yakka tartibdagi reja bo‘yicha amalga oshiriladi. Bemor bolalar bilan ishlaganligi uchun tarbiyachi va tarbiyachining yordamchisiga qo‘shimcha haq berilmaydi;
4 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 15 nafardan kam bo‘lmagan, biroq 20 nafardan ortiq bo‘lmagan nogiron bolalar uchun — «Muammoli bola» guruhi. Guruh nogiron bolalarga muntazam ravishda ruhiy-tibbiy-pedagogik yordam ko‘rsatish, bolalarni ta’lim jarayoniga jalb etish, ijtimoiy moslashtirish, bolalarni tarbiyalash va o‘qitishni tashkil etishda ota-onalarga yordam berish maqsadida tashkil etiladi. Mazkur guruhda nogiron bolalar bilan birgalikda sog‘lom bolalar ham bo‘lishi mumkin. Nogiron bolalar (aqliy yetukligi saqlangan) soni 3 nafardan kam bo‘lmasligi lozim. Nogiron bolalar bilan ishlaganligi uchun tarbiyachi va tarbiyachining yordamchisiga qo‘shimcha haq berilmaydi.
4. Qisqa muddatli guruhlardagi bolalarga qaraganligi uchun to‘lov ota-onalar (yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar) tomonidan, shuningdek xayr-ehson qiluvchilar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. To‘lovlar bank muassasalarida ochilgan hisob raqamlariga to‘lanadi.
5. Tarkibida qisqa muddatli guruh mavjud bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasasi ta’lim jarayoni vaqtida bolalar, guruh xodimlari hayoti va sog‘lig‘i uchun, uni tashkil etish shakllari, metodlari va vositalarining bolalarning yoshi va ruhiy-fiziologik imkoniyatlariga muvofiqligi uchun javob beradi.
II. Qisqa muddatli guruhlarni tashkil etish tartibi
6. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun maktabgacha ta’lim muassasalarida zarur moddiy-texnika sharoitlari va kadrlar ta’minoti (ajratilgan mablag‘lar doirasida) mavjud bo‘lganda har qanday turdagi qisqa muddatli guruhlar tashkil etiladi. Binolar pedagogika va sanitariya-gigiyena talablariga, yong‘in xavfsizligi qoidalariga javob berishi lozim.
7. Maktabgacha muassasada qisqa muddatli guruhlar soni tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan, sanitariya normalarini hisobga olgan holda, aholining ehtiyojiga hamda ta’lim jarayonini ta’minlash uchun yaratilgan shart-sharoitlarga qarab belgilanadi.
8. Qisqa muddatli guruhlar tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi buyrug‘i bilan tashkil etiladi.
9. Qisqa muddatli guruhlar ochish uchun quyidagilar zarur:
ota-onalar (ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan shartnoma;
shtatlar jadvali;
kun rejimi va bolalarning hayot faoliyatini tashkil etish tartibi;
bolalar ro‘yxati;
ta’lim dasturi.
10. Qisqa muddatli guruhlarni to‘ldirish bir xil yoshdagi bolalar hamda turli yoshdagi bolalar prinsipi bo‘yicha amalga oshiriladi.
11. Qisqa muddatli guruhlarga bolalarni qabul qilish ota-onalar arizasi, bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi.
12. Qisqa muddatli guruhlarni to‘ldirishda tanlov asosida hamda test sinovi bo‘yicha qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
13. Qisqa muddatli guruhlar mavjud bo‘lgan ta’lim muassasasi va ota-onalar o‘rtasidagi munosabatlar hududiy xalq ta’limi boshqarmasida hisobi yuritiladigan, belgilangan tartibda tuzilgan shartnoma bilan tartibga solinadi.
14. Qisqa muddatli guruhlar, guruhlarning ish tartibiga bog‘liq holda, tarbiyalanuvchilarni kuniga bir marta (ertalabki yoki tushki nonushta) taomnoma va maktabgacha ta’lim muassasalari uchun ovqatlanish pul normasi bo‘yicha ovqatlanishini tashkil etgan holda faoliyat yuritadi.
15. Maktabgacha ta’lim muassasasi shtatlar jadvali, ushbu Nizom bilan kiritiladigan qo‘shimchalarni hisobga olgan holda, Maktabgacha ta’lim muassasalarining namunaviy shtatlar jadvali asosida ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi hamda tegishli moliya organida majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Qisqa muddatli guruhlar uchun quyidagi shtat birliklari belgilanadi:
bitta guruh uchun — 0,5 birlik tarbiyachi;
bitta guruh uchun — 0,25 birlik tarbiyachi yordamchisi;
ikkita guruh uchun — 0,25 birlik tibbiy hamshira;
ikkita guruh uchun — 0,25 birlik musiqa rahbari.
16. Qisqa muddatli guruhlarning quyidagi turlari uchun:
«Kelajakdagi o‘quvchi» guruhi — bitta guruh hisobiga — 0,25 birlik o‘qituvchi-logoped;
«Integrallashgan guruh» — bitta guruh uchun (15—20 nafar bolalar, shundan ruhiy rivojlanishi sust tashxisli — 3—5 nafar bolalar) — 0,25 birlik o‘qituvchi-defektolog;
«Muammoli bola» guruhi — bitta guruh hisobiga (15—20 nafar bolalar, shundan 3—5 nafar nogiron bolalar) — 0,25 birlik o‘qituvchi-logoped yoki 0,25 birlik o‘qituvchi defektolog qo‘shimcha shtat birliklari belgilanadi.
III. Ta’lim jarayonini tashkil etish
17. Qisqa muddatli guruhlarda ta’lim jarayoni shakli maktabgacha ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarida belgilanadi.
18. Qisqa muddatli guruhlarda ta’lim jarayoni bolaning alohida, shaxsan yo‘naltirilgan rivojlanishini ta’minlaydigan tez moslashuvchan shakl va pedagogik texnologiyani o‘z ichiga oladi.
19. Tarbiyaviy ishlarni tashkil qilish bolalarning imkoniyatlari, qiziqishlari, ehtiyojlarini hisobga olgan holda faoliyatning har xil turlarini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratishni nazarda tutadi.
20. Qisqa muddatli guruhlarda belgilangan tartibda ota-onalar hisobidan, asosiy faoliyatdan tashqari, qo‘shimcha ta’lim xizmatlari tashkil etishga yo‘l qo‘yiladi.