Vazirlar Mahkamasining
1998 yil 13 maydagi
203-son qaroriga
1-ILOVA
O'zbekiston Respublikasida umumiy o'rta ta'lim to'g'risida
NIZOM
1. Umumiy qoidalar
1.1. Umumiy o'rta ta'lim "Ta'lim to'g'risida", "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to'g'risida" O'zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq tashkil etiladi.
1.2. O'qish muddati 9 yil bo'lgan umumiy o'rta ta'lim (maktabning I-IX sinflari) majburiy hisoblanadi. U boshlang'ich ta'limni (I-IV sinflar) qamrab oladi hamda uzluksiz ta'lim tizimining mustaqil turi hisoblanadi.
1.3. Umumiy o'rta ta'lim muassasalarida Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq ta'limning ushbu turi maqsadlari va vazifalarini amalga oshirish uchun zarur tashkiliy, psixologik-pedagogik, uslubiy, moddiy-texnikaviy va sanitariya-maishiy shart-sharoitlar yaratiladi.
1.4. Umumiy o'rta ta'lim muassasasi (maktab) yuridik shaxs hisoblanadi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
1.5. Umumiy o'rta ta'lim muassasasining ustavi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 5 yanvardagi 5-son qaroriga, mazkur Nizomga muvofiq ishlab chiqiladi, umumiy o'rta ta'limni boshqarish vakolatiga ega bo'lgan davlat organi tomonidan tasdiqlanadi va ijro etuvchi hokimiyat mahalliy organida ro'yxatdan o'tkaziladi.
2. Umumiy o'rta ta'limning maqsadi va vazifalari
2.1. Davlat ta'lim standartlariga muvofiq o'quvchilarni o'qitish va tarbiyalash hamda shaxsning ta'lim olish huquqini ro'yobga chiqarish umumiy o'rta ta'limning maqsadi hisoblanadi.
Umumiy o'rta ta'lim bilimlar zarur hajmiga asos soladi, o'quvchilarda tashkilotchilik qobiliyatlari va amaliy tajriba ko'nikmalarini rivojlantiradi, dastlabki kasb yo'nalishini va ta'limning keyingi bosqichini tanlashga ko'maklashadi.
2.2. Umumiy o'rta ta'limning vazifalari:
o'quvchilar tomonidan muntazam bilimlar olinishini ta'minlash, ularda bilim olish ehtiyojini rivojlantirish, bazaviy o'quv, ilmiy va umummadaniy bilimlarni shakllantirish;
o'quvchilarda mehnat ko'nikmalarini, ijodiy mustaqil fikrlashni, kasb tanlashga va atrof-olamga ongli munosabatni hosil qilish;
milliy hamda umumbashariy qadriyatlarni uzviy birlashtirish asosida o'quvchilarda yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, o'z Vataniga va xalqiga sodiq fuqaroni shakllantirish;
ta'limning uzluksizligini va izchilligini, maktab o'quv dasturlarining akademik liseylar va kasb-hunar kollejlaridagi o'quv dasturlari bilan uzviy o'zaro bog'lanishini
ta'mimlash.
3. Umumiy o'rta ta'limni tashkil etish
3.1. Umumiy o'rta ta'lim quyidagi bosqichlardan iborat bo'ladi:
boshlang'ich ta'lim (I-IV sinflar), umumiy o'rta ta'lim (I-IX sinflar).
Boshlang'ich ta'lim o'qish, yozish, sanash, o'quv faoliyatining asosiy malaka va ko'nikmalari, ijodiy fikrlash xislatlari, o'zini-o'zi nazorat qilish o'quvi, nutq va xulq-atvor madaniyati, shaxsiy gigiena va sog'lom turmush tarzi asoslari egallab olinishini ta'minlashga da'vat etilgan.
Boshlang'ich maktabda o'quv-tarbiyaviy faoliyatni bolalarning qobiliyatiga bog'liq ravishda tabaqalashtirishga davlat ta'lim standarti doirasida o'qitish jarayoni mazmuni va usullarining xilmaxilligi; o'quv topshiriqlarini bolalarning individual imkoniyatlariga moslashtirish;
tenglashtirish sinflari va guruhlari tashkil etish hisobiga erishiladi.
Boshlang'ich maktab o'quv fanlari mazmuni maktablarning turli xillariga va o'qitish shart-sharoitlariga nisbatan moslashuvchan bo'ladi.
Umumiy o'rta ta'lim muntazam bilimlar olinishini, keng dunyoqarash hamda ijodiy mustaqil fikrlash shakllantirilishini, o'quvchi shaxsi qaror topishini, uning qiziqishlari va ijtimoiy o'zini-o'zi aniqlab olish qobiliyatlari rivojlantirilishini ta'minlaydi.
3.2. Umumiy o'rta ta'lim mazmuni majburiy va qo'shimcha komponentlardan iborat bo'ladi.
Majburiy komponent davlat ta'lim standarti bilan belgilanadi va o'quvchilarni tayyorlashning o'rta maxsus va kasb-hunar ta'limi muassasalarida bilimlar asoslarini yanada puxta o'rganish va kasb egallash uchun yetarli bo'lgan zarur darajasini belgilaydi.
Qo'shimcha komponent o'quvchining ehtiyojlari va qobiliyatlaridan, maktabning moddiy-texnika va kadrlar bilan ta'minlanganligidan kelib chiqib belgilanadi. Qo'shimcha o'quv yuklamalari hajmi O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining sog'likni saqlash vazirligi bilan kelishilgan normativlariga muvofiq belgilanadi.
3.3. O'quv fanlari va umumiy ta'lim dasturlari ro'yxati umumiy o'rta ta'limning davlat ta'lim standarti bilan belgilanadi.
Maktabning o'quv-tarbiyaviy ishi O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan bazaviy o'quv rejasi va umumiy o'rta ta'lim dasturlari asosida amalga oshiriladi. Ular:
davlat ta'lim standarti doirasida o'qitiladigan fanlar bo'yicha zamonaviy bilimlar olinishi va o'zlashtirilishini;
integrasiya qilingan o'quv kurslari ishlab chiqilishi va joriy etilishini;
davlat tili va chet tillarni, gumanitar-ijtimoiy va estetik turkumdagi fanlarni o'rganishning roli va ahamiyatini kuchaytirishni;
o'quvchilarning iqtisodiy, huquqiy, ekologik, sanitariya-gigiena ma'lumotini takomillashtirishni;
yangi axborot va pedagogik texnologiyalar yaratilishini va ulardan foydalanishni;
o'quvchilarni kasbga yo'llashni va ularni kasb-hunar o'rgangungacha tayyorlashni nazarda tutadi.
4. O'quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va uning mazmuni
4.1. Bolalarni umumta'lim maktabiga qabul qilish tibbiy-psixologiya-pedagogika komissiyasining tavsiyanomalari bo'yicha 6-7 yoshdan amalga oshiriladi. Maktablarda har yili mutaxassislar jalb qilingan holda o'quvchilarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish ta'minlanadi.
Jismoniy va psixologik rivojlanishida nuqsonlari bo'lgan bolalar va o'smirlarni o'qitish maxsus (yordamchi) maktablarda, shuningdek sanatoriy-internat turidagi maktablarda amalga oshiriladi.
4.2. Umumiy o'rta ta'lim kunduzgi o'qish shaklida amalga oshiriladi. Darsning, o'quv choragi va o'quv yilining davom etish muddati, kunlar va haftalar bo'yicha darslar jadvali, o'quvchilarning sinflarda o'quv yuklamasi va sinflarning to'ldirilishi hamda o'quv-tarbiya jarayonini maqbullashtirishning boshqa masalalari umumiy o'rta ta'lim davlat standartiga muvofiq belgilanadi.
4.3. Maktablarda iqtidorli bolalarni izlash, tanlab olish va o'qitish bo'yicha aniq maqsadli ishlar amalga oshiriladi. Ular uchun maxsus (shu jumladan mualliflik) o'quv dasturlari ishlab chiqiladi hamda ularga qo'shimcha ilmiy-uslubiy adabiyotlar beriladi. Iqtidorli va iste'dodli bolalar ta'lim dasturlarini o'zlashtirishning yakka tartibdagi jadvaliga ega bo'lishlari mumkin.
Bolalarning qobiliyatlari va iste'dodlarini rivojlantirish uchun fanlarni chuqur o'rganish yo'nalishlari bo'yicha ixtisoslashtirilgan sinflar hamda maktablar tashkil etilishi mumkin.
4.4. O'quvchilar bilimi sifatini va o'qitish natijalarining davlat ta'lim standartiga muvofiqligini nazorat qilishni ta'minlash uchun quyidagi nazorat tartibotlarini o'tkazish nazarda tutiladi:
joriy nazorat - so'rovlar, kollokviumlar, seminarlar, kontrol ishlar, testlar tarzida o'quvchilarning bilimlari, malaka va ko'nikmalari muntazam nazorat qilinadi;
oraliq nazorat - chorak tamom bo'lganda va o'quv dasturining tegishli bo'limi tugallangandan keyin o'quvchilarning bilimlari, malaka va ko'nikmalarini baholash uchun amalga oshiriladi. U imtihonlar, testlar, sinovlar va malakaga doir ishlar shaklida o'tkaziladi;
bosqichli nazorat - o'quv yili tamom bo'lgandan keyin imtihonlar, test sinovlari, sinovlar shaklida amalga oshiriladi. Uning asosida reyting aniqlanadi va o'quvchini navbatdagi sinfga o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilinadi;
yakuniy nazorat - o'qish tugallangandan keyin davlat attestasiyasi shaklida o'tkaziladi.
4.5. Umumiy ta'lim dasturlarini davlat ta'lim standarti doirasida mustaqil o'zlashtirgan o'quvchilarga, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan
tasdiqlangan Eksternat to'g'risida Nizom asosida, eksternat tartibida attestasiyadan o'tish huquqi beriladi.
4.6. O'quvchilar tibbiyot komissiyasining va maktab pedagogika kengashining xulosasi asosida yakuniy attestasiyadan ozod etilishi mumkin. Attestasiyadan ozod bo'lish huquqini beruvchi kasalliklar ro'yxati Xalq ta'limi vazirligi va Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Yakuniy attestasiyaning belgilangan tartibidan istisnolar O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan belgilanadi.
O'quvchilarni sinfdan-sinfga va bir ta'lim muassasasidan boshqasiga o'tkazish O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
4.7. Maktabni bitiruvchilarga yakuniy test attestasiyasi natijalari, o'quvchining reytingi, ta'lim fanlari ro'yxati, ular bo'yicha dars soatlari soni va baholar ko'rsatilgan holda davlat namunasidagi attestat, alohida muvaffaqiyatlarga erishganlarga esa imtiyozli attestat beriladi.
Imtiyozli attestat 5-9-sinflarda o'qish davrida o'zlashtirish (reyting) bo'yicha faqat a'lo ko'rsatkichlarga ega bo'lgan bitiruvchilarga beriladi.
4.8. Umumiy ta'lim muassasalari fan, o'rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta'lim va ishlab chiqarish muassasalari bilan mustahkam aloqada ish olib boradi.
Ularning o'zaro hamkorligi olimlar, ishlab chiqarish vakillari, madaniyat arboblarini ta'lim jarayonini yuritish uchun jalb etish, kasbga yo'llash ishlari, lektoriylar, tanlovlar,
seminarlar, ekskursiyalar tashkil qilish yo'li bilan hamda boshqa shakllarda ta'minlanadi.
4.9. O'quvchilarni ma'naviy-axloqiy tarbiyalash, o'z Vataniga va xalqiga sodiq fuqaroni shakllantirish bo'yicha maktablarning ota-onalar, oilalar, mahalla qo'mitalari, "Ma'naviyat va ma'rifat" jamoatchilik markazi bo'linmalari, jamoat tashkilotlari va jamg'armalar bilan mustahkam o'zaro hamkorligi amalga oshiriladi.
5. Pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
5.1. Tegishli ma'lumotga, kasb-kor tayyorgarligiga hamda yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo'lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish huquqiga egadirlar. Sud hukmi bilan pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish taqiqlangan shaxslar bu ishga qo'yilmaydi.
Vakolatli organlar tomonidan pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, kasb-kor sifatini raqobatbardoshli darajada saqlab turish ta'minlanadi.
Pedagoglar tarkibi o'qitish yo'nalishlari (tabiiy-matematika, gumanitar, ijtimoiy va boshqa fanlar) bo'yicha uslubiy seksiyalarga birlashadilar.
5.2. Umumiy o'rta ta'lim muassasalari o'qituvchilarining o'quv-pedagogik yuklamasi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
5.3. Umumiy o'rta ta'lim muassasalari o'qituvchilarining (o'quv fanlari va soatlari bo'yicha) vazifasini vaqtinchalik bajarib turish tartibi, xodimlarining sinfdan tashqari
faoliyatini tartibga solish O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining tegishli me'yoriy hujjatlari bilan belgilanadi.
5.4. Maktab ma'muriyati o'qituvchilar, murabbiylarning obro'-e'tiborini va ijtimoiy maqomini, ularning mas'uliyati va kasb mahoratini oshirish bo'yicha aniq yo'nalishli ishlarni amalga oshiradi. Ilg'or pedagogik va axborot texnologiyalarini, yangi (shu jumladan mualliflik) o'quv dasturlari, darsliklar, didaktik materiallarni joriy etish uchun shart-sharoitlarni ta'minlaydi.
Pedagoglar va o'quvchilarning munosabatlari hamkorlik, demokratiya, o'zaro hurmat, shaxsning o'z qadr-qimmatini bilishini e'tirof etish pedagogikasi asosida quriladi.
5.5. Maktab o'quvchilari va ota-onalarga psixologik-pedagogik maslahatlar berish, ularda bundan buyongi ta'lim va kasbga yo'nalishni anglagan holda tanlashini shakllantirish maqsadida shahar va tuman xalq ta'limi bo'limlari huzurida o'quvchilarni kasbga yo'naltirish va psixologik-pedagogik tashhis markazlari tashkil etiladi. Markazlarning faoliyati O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan tegishli Nizom bilan belgilanadi, Markaz maktab pedagogika kengashi bilan birgalikda attestasiya yakunlariga ko'ra 9-sinflarning bitiruvchilariga o'qishni akademik liseyda yoki kasb-hunar kollejida davom ettirish to'g'risida asosli tavsiyanomalar
beradi.
6. Umumiy o'rta ta'limni boshqarish
6.1. O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, xalq ta'limi viloyat boshqarmalari, shahar va tuman bo'limlari umumiy o'rta ta'limni boshqarishning vakolatli organlari hisoblanadilar.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, xalq ta'limi viloyat boshqarmalari, shahar va tuman bo'limlari ikki tomonlama - O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi
vazirligiga va tegishli ravishda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyat, shahar, tuman hokimliklariga bo'ysunadilar.
6.2. Maktabga bevosita rahbarlik ta'limni boshqarishning yuqori organi tomonidan tayinlanadigan direktor, davlatga qarashli bo'lmagan ta'lim muassasalarida esa - muassis tomonidan amalga oshiriladi.
Umumiy o'rta ta'lim qatnashchilarining lavozim huquqlari va majburiyatlari, ularning boshqaruv vakolatlari va funksiyalari O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, tegishli me'yoriy hujjatlari, ta'lim muassasasi Ustavi bilan belgilanadi.
6.3. Umumiy o'rta ta'lim muassasalarida O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va maktab Ustaviga muvofiq ish olib boruvchi vasiylar, ijro etuvchi hokimiyat mahalliy organlari, ishbilarmon doiralar, jamoat tashkilotlari, jamg'armalarning vakillari va homiylarni o'z ichiga oluvchi jamoatchilik boshqaruvi organlari (vasiylik kengashlari) tuzilishi mumkin.
6.4. Maktabda pedagogika kengashi tashkil etiladi, u pedagog xodimlar, ota-onalar, vasiylar, homiylarni birlashtiruvchi hamda o'quv-tarbiya jarayoni tashkil etilishi va uning takomillashuviga ko'maklashuvchi kollegial organ hisoblanadi. Pedogogika kengashi funksiyasi maktab Ustavi bilan belgilanadi.
6.5. Mulkchilik shakllaridan va bo'ysunishidan qat'i nazar, umumiy o'rta ta'lim muassasalarini attestasiyadan o'tkazish va akkreditasiya qilish Davlat test markazi huzuridagi Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta'lim muassasalari attestasiyasi boshqarmasi tomonidan o'tkaziladi.
6.6. Davlatga qarashli bo'lmagan umumiy o'rta ta'lim muassasasi u davlat akkreditasiyasidan o'tkazilgan vaqtdan boshlab ta'lim faoliyati bilan shug'ullanish huquqiga ega bo'ladi.
6.7. Umumiy o'rta ta'lim muassasasi attestasiya natijalariga ko'ra davlat akkreditasiyasidan mahrum etilishi mumkin.
7. Mablag' bilan ta'minlash va moddiy-texnika ta'minoti
7.1. Umumiy o'rta ta'lim muassasasi faoliyatini mablag' bilan ta'minlash belgilangan tartibda:
byudjetdan ajratiladigan mablag'lar;
O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va maktab Ustavi bilan taqiqlanmagan shartnomalarni bajarishdan va boshqa xizmatlar ko'rsatishdan olinadigan mablag'lar, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy ehsonlari va maqsadli badallari hisobiga amalga oshiriladi.
7.2. Umumiy o'rta ta'lim muassasalarining moddiy-texnika ta'minoti va kadrlar bilan ta'minlanishi belgilangan normativlarga muvofiq ehtiyojlar asosida amalga oshiriladi.
8. Xalqaro hamkorlik
Umumiy o'rta ta'limning boshqarish organlari va ularning ta'lim muassasalari xalqaro hamkorlikni pedagogik axborot va tajriba almashish, pedagog xodimlarning tajriba o'rganishi va malaka oshirishi, progressiv xalqaro jamg'armalar va tashkilotlarning grantlarini olish sohasidagi davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo bitimlar hamda shartnomalar asosida amalga oshiradilar.