O'zbekcha          Ðóññêèé          English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

  Íàéòè!

Kengaytirilgan qidiruv     








 Oz'R Vazirlar Mahkamasining qaroriga 1-Ilova Nizom
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

Vazirlar Mahkamasining
                                                                                  1998 yil 13 maydagi
                                                                                  204-son qaroriga
                                                                                  1-ILOVA
 
O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi to'g'risida
NIZOM
 
            1. Umumiy qoidalar
 
            1.1. Umumiy ta'lim negizida o'qitish muddati uch yil bo'lgan o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi uzluksiz ta'lim tizimining majburiy mustaqil turi hisoblanadi hamda "Ta'lim to'g'risida" va "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to'g'risida" O'zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
            1.2. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi bilim asoslarini chuqur o'rganishni, tanlangan kasb-hunar bo'yicha kichik mutaxassis sifatida mustaqil amaliy ishlash uchun kadrlar tayyorlashni ta'minlaydi.
            Ta'limning ushbu turi maqsadi va vazifalarini ro'yobga chiqarish uchun zarur tashkiliy, o'quv-uslubiy, moddiy-texnikaviy va psixologik-pedagogik shart-sharoitlarni ta'minlaydigan akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari hisoblanadilar.
            1.3. Akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari yuridik shaxs hisoblanadi, qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etiladi, Ustav va mazkur Nizom asosida faoliyat ko'rsatadi.
            1.4. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasi Ustavi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 5 yanvardagi 5-son qarori bilan tasdiqlangan "Ta'lim muassasasi Usta-vini ishlab chiqish tartibi"ga hamda mazkur Nizomga muvofiq ishlab chiqiladi, ta'limni boshqarishning vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida ro'yxatdan o'tkaziladi.
 
            2. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limining maqsadi, vazifalari va uni tashkil etish
 
            2.1. Kasb-hunar bo'yicha chuqurlashtirilgan, tabaqalashtirilgan ta'lim berish, o'quvchilarning intellektual rivojlanishini va ularning o'z qobiliyatlari va moyilliklariga muvofiq tanlagan kasb-hunar bo'yicha mutaxassisliklarni egallashini ta'minlash o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limining maqsadi hisoblanadi.
            2.2. Quyidagilar o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limining vazifalari hisoblanadi:
            davlat ta'lim standartlari doirasida umumta'lim va kasb-hunar dasturlarini bajarish;
            o'quvchilarning uzluksiz ta'limning keyingi bosqichida o'qishni davom ettirishi, tanlangan mutaxassisliklar bo'yicha mehnat faoliyati bilan shug'ullanishi uchun zarur va yetarli bo'lgan bilimlar hamda kasb tayyorgarligi darajasini chuqurlashtirish;
            respublika iqtisodiyotining malakali kichik mutaxassis kadrlarga bo'lgan ehtiyojini qondirish.
            2.3. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi akademik liseylarda va kasb-hunar kollejlarida kunduzgi o'qish shaklida amalga oshiriladi.
            Akademik lisey - o'qitish muddati uch yil, davlat ta'lim standartlariga muvofiq o'rta maxsus ma'lumot beradi, o'quvchilarning imkoniyatlari va qiziqishlarini hisobga olgan holda ularning jadal intellektual rivojlanishini, chuqurlashtirilgan, tabaqalashtirilgan holda o'qitishni ta'minlaydi.
            Akademik liseylarda o'quvchilar o'qishni oliy ta'lim muassasida davom ettirish yoki mehnat faoliyatida ro'yobga chiqarish maqsadida bilimlar darajasini oshirishni va maxsus kasb-hunar ko'nikmalarini shakllantirishni ta'minlaydigan o'qish yo'nalishini (ta'lim fanlari va kurslarini puxta o'zlashtirish sohasi: gumanitar, tabiiy-ilmiy) ixtiyoriy ravishda tanlaydilar.
            Akademik liseylar, qoidaga ko'ra, oliy ta'lim muassasalari huzurida tashkil etiladi, ularning o'zaro munosabatlari ularning ustavlari hamda boshqa me'yoriy hujjatlar bilan tartibga solib boriladi.
            Soha bo'yicha, tabaqalashtirilgan holda puxta o'qitishni amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot tashkilotlari O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan bitim asosida akademik liseylarga homiylik qiladilar.
            Kasb-hunar kolleji - o'qitish muddati uch yil, davlat ta'lim standarti doirasida o'rta maxsus, kasb-hunar ma'lumoti beradi, o'quvchilarning kasb-hunar layoqatlarini, ko'nikma va o'quvlarini rivojlantirishni, ularning tanlangan kasb-hunar bo'yicha bir yoki bir nechta mutaxassislikka ega bo'lishini ta'minlaydi.
            Kasb-hunar kollejlarida kasbga o'qitish yo'nalishlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi yo'nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga muvofiq, respublika hududlarini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, shuningdek mehnat bozorining kichik mutaxassislarga bo'lgan ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
            Kasb-hunar kollejlari uchun ijro etuvchi hokimiyat mahalliy organlari tomonidan barqaror ishlaydigan korxonalar va tashkilotlardan vasiylar belgilanadi, shuningdek turdosh oliy ta'lim muassasalari tomonidan ularga homiylik amalga oshiriladi.
            Kasb-hunar kollejida kasb-hunar va ta'lim dasturlarini bajarish o'qitishning ikki tomonlama tizimi asosida amalga oshirilishi mumkin, bunda o'quv-ta'lim jarayoni va kasb-hunarga tayyorlash tegishli ravishda kollejda va korxonada olib boriladi.
            2.4. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o'quvchilari va xodimlarining ijtimoiy kafolatlari, ularni qo'llab-quvvatlash va ularga beriladigan imtiyozlar qonun hujjatlariga va tegishli me'yoriy hujjatlarga, shuningdek ta'lim muassasasi Ustaviga muvofiq belgilanadi.
            2.5. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari hududlarning demografik va geografik sharoitlarini, tegishli soha mutaxassislariga bo'lgan mahalliy ehtiyojlarni hisobga olgan holda, o'quvchilarni oiladan uzoqlashtirmasdan imkoni boricha ko'proq qamrab olish sharoitlaridan kelib chiqib tashkil etiladi.
 
            3. Akademik liseylarga va kasb-hunar kollejlariga o'quvchilar qabul qilish. Ta'lim-tarbiya jarayonini tashkil etish va uning mazmuni
 
            3.1. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalariga o'quvchilar qabul qilish umumiy o'rta ta'lim negizida maktablarning 9-sinfini bitiruvchilarning yakuniy davlat attestasiyasi va umumiy o'rta ta'limni tugatishda ular tomonidan olingan reyting ko'rsatkichlari natijalari bo'yicha, ularning akademik liseyda va kasb-hunar kollejida o'qish yo'nalishini ixtiyoriy ravishda tanlashini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
            Qabul qilish chog'ida bitiruvchiga uning qobiliyatini, kasb-hunarga ishtiyoqini va qiziqishini hisobga olgan holda kasbga yo'naltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazlari tomonidan beriladigan tavsiyanomalar hisobga olinadi.
            3.2. Akademik liseylarda va kasb-hunar kollejlarida umumiy ta'lim va kasb-hunar dasturlari uch kursda amalga oshiriladi. O'quvchilar o'quv kurslari bo'yicha guruhlarga, o'qish yo'nalishlari bo'yicha esa bo'linmalarga birlashtiriladi.
            O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasida o'quv yili 2 semestrga bo'linadi. O'quvchilar uchun kamida 10 hafta va ko'pi bilan 12 hafta davom etadigan ta'tillar belgilanadi.
            3.3. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi kunduzgi o'qish shaklida amalga oshiriladi. Darslarning davom etish muddati, guruhlarning to'ldirilishi, o'quvchilarning o'quv yuklamasi hamda o'quv-tarbiya jarayonini maqbullashtirishning boshqa masalalari o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi davlat standartiga muvofiq belgilanadi.
            3.4. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi dasturlari davlat ta'lim standarti bilan belgilanadigan quyidagi bo'limlarni o'z ichiga oladi:
            umumta'lim dasturlari - akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari uchun;
            fanlar va o'qish yo'nalishlari bo'yicha chuqurlashtirilgan, soha bo'yicha va ixtisoslashtirilgan ta'lim dasturlari - akademik liseylar uchun;
            o'qish yo'nalishlari bo'yicha umumtexnikaviy kasb-hunar va maxsus dasturlar - kasb-hunar kollejlari uchun.
            3.5. Psixik va jismoniy kamchiliklari bo'lgan umumiy o'rta ma'lumotli o'smirlar uchun o'rta maxsus va kasb-hunar ta'limi o'quv dasturlari ta'limni boshqarish vakolatiga ega bo'lgan davlat organlari tomonidan sog'liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot organlari bilan birgalikda belgilanadi.
            3.6. O'qitish sifati va darajasining davlat ta'lim standartiga muvofiqligini ta'minlash uchun quyidagi nazorat tartibotlarini o'tkazish nazarda tutiladi:
            joriy nazorat - so'rovlar, kollokviumlar, seminarlar, kontrol ishlar va testlar tarzida bilimlar, malaka va ko'nikmalar tekshiriladi;
            oraliq nazorat - semestr tamom bo'lganda va o'quv dasturining tegishli bo'limi tugallangandan keyin amalga oshiriladi. Uning asosida o'quvchi reytinggi aniqlanadi. Bilimlar, malaka va ko'nikmalarni baholash uchun oraliq nazorat imtihonlar, testlar, sinovlar, kurs va malaka ishlari shaklida o'tkaziladi;
            yakuniy nazorat - akademik liseyda, kasb-hunar kollejida o'qish tugallangandan keyin davlat attestasiyasi: imtihonlar, testlar, malaka ishlari, diplom loyihalarini himoya qilish shaklida amalga oshiriladi.
            3.7. har bir kursda o'qish tugagandan keyin reyting nazorati va attestasiya natijalariga ko'ra o'quvchilarni keyingi kursga o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilinadi. O'quvchilarni kursdan kursga o'tkazish akademik lisey yoki kasb-hunar kolleji direktorining buyrug'i bilan amalga oshiriladi. Shartli ravishda o'tkazishlarga yo'l qo'yilmaydi.
            O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasining bir turidan boshqasiga o'tkazish O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan me'yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
            3.8. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi dasturining umumiy ta'lim va maxsus bo'limlarini (kasb-hunar dasturlaridan tashqari) mustaqil ravishda o'zlashtirgan yoshlarga O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq eksternat tartibida yakuniy attestasiyadan o'tish huquqi berilishi mumkin.
            3.9. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida kadrlar tayyorlash ta'limning fan va ishlab chiqarish bilan o'zaro hamkorligi asosida:
            ilg'or pedagogik texnologiyalarni yaratish va o'zlashtirish bo'yicha maqsadli innovasiya loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot muassasalarining filiallarini, o'quv-ilmiy-ishlab chiqarish komplekslari va markazlarini tashkil etish;
            yangi axborot va pedagogik texnologiyalarni o'zlashtirish uchun tajriba maydonchalarini tashkil etish orqali ilmiy tadqiqot natijalarini o'quv-tarbiya jarayoniga joriy etish;
            o'qitishni korxonalardagi unumli mehnat bilan birlashtirish asosida kadrlar tayyorlash va ularni tarbiyalashning ikki tomonlama tizimini rivojlantirish, kasb-hunar kollejlarida qo'shma ishlab chiqarishlar tashkil etish, ishlab chiqarish amaliyotini o'tash uchun o'quvchilarni ish o'rinlari bilan ta'minlash;
            korxonalar va ular birlashmalarining ham alohida mutaxassislarni va guruhlarni maqsadli tayyorlash, ham har xil turdagi va darajadagi o'quv muassasalarini muassis, vasiy, homiy sifatida mablag' bilan ta'minlashda qatnashishi;
            o'quv yurtlarini zamonaviy asbob-uskunalar, apparatlar va anjomlar bilan jihozlash, akademik liseylarda o'qiyotganlarga oliy ta'lim muassasasi va ilmiy-tadqiqot tashkilotining, kasb-hunar kollejlarida o'qiyotganlarga - tegishli vasiy va oliy ta'lim muassasasining o'quv-moddiy bazasidan foydalanish imkonini berish;
            o'qiyotganlarning mehnat faoliyatiga va tovar mahsulot chiqargan holda ishlab chiqarish jarayoniga faol kirishishlari uchun sharoitlar yaratish;
            ilg'or texnologiyalar sohasi pedagoglarini bevosita ishlab chiqarishda tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo'li bilan amalga oshiriladi.
            3.10. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarini bitiruvchilarga o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi to'g'risida davlat namunasidagi diplom beriladi, unda:
            akademik liseylar uchun - fanlar bo'yicha o'qitilgan soha;
            kasb-hunar kollejlari uchun - Klassifikatorga muvofiq mutaxassislik (mutaxassisliklar) bo'yicha berilgan malaka ko'rsatiladi.
            Diplomlarga o'zlashtirilgan umumta'lim va maxsus (kasb-hunar) fanlar (kurslar), soatlar hajmi va ular bo'yicha baholar (reytinglar), shuningdek bitiruvchining umumiy reytinggi va yakuniy davlat attestasiyasining natijalari ko'rsatilgan qo'shimcha varaq ilova qilinadi.
            Akademik liseyni tugatganlik to'g'risidagi diplom oliy ta'lim muassasasiga o'qishga kirish hamda olingan bilimlarni mehnat faoliyatida ro'yobga chiqarish huquqini beradi.
            Kasb-hunar kollejini tugatganlik to'g'risidagi diplom olingan mutaxassislikka muvofiq mehnat faoliyatini amalga oshirish hamda oliy ta'lim muassasasiga o'qishga kirish huquqini beradi.
 
            4. Pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
 
            4.1. Tegishli ma'lumotga, kasb-kor tayyorgarligiga hamda yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo'lgan shaxslar akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarida pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish huquqiga egadirlar. Sud hukmi bilan pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish taqiqlangan shaxslar bu ishga qo'yilmaydi.
            4.2. Akademik liseylarga va kasb-hunar kollejlariga professor-o'qituvchilarni va muhandis-pedagoglarni ishga qabul qilish ta'limni boshqarish davlat vakolatli organi belgilagan tartibda attestasiya natijalariga ko'ra amalga oshiriladi.
            4.3. Akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari professor-o'qituvchilarining hamda muhandis-pedagoglarining o'quv-pedagogik yuklamasi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
            4.4. Akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari o'qituvchilarining (o'quv fanlari va soatlari bo'yicha) vazifasini vaqtinchalik bajarib turish tartibi O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining me'yoriy hujjatlari bilan belgilanadi.
            4.5. Ish jarayonida vakolatli organlar tomonidan akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarining professor-o'qituvchi hamda muhandis-pedagoglari davriy ravishda attestasiyadan o'tkazib turiladi.
            4.6. Akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari ma'muriyati o'qituvchilar va muhandis-pedagog kadrlarning obro'-e'tibori va ijtimoiy maqomini, ularning mas'uliyati va kasb mahoratini oshirishga qaratilgan aniq yo'nalishli ishlarni amalga oshiradi.
 
            5. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limini boshqarish
 
            5.1. Akademik liseylar va kasb-hunar kollejlariga tashkiliy, o'quv-uslubiy va ilmiy rahbarlik qilish, davlat ta'lim standartini ishlab chiqish va joriy etish, o'quv ta'lim va kasb-hunar dasturlarini birxillashtirish, pedagog kadrlar bilan ta'minlash, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi (O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi), uning hududiy boshqarmalari tomonidan tarmoq vazirliklari, idoralar va korxonalar bilan birgalikda amalga oshiriladi.
            Tarmoq vazirliklari, idoralar, korporasiyalar, konsernlar, uyushmalar va korxonalar kasb-hunar kollejlari ikki tomonlama bo'ysunishda bo'ladi. Tarmoq vazirliklari, idoralar,
korporasiyalar, konsernlar, uyushmalar va korxonalar ularni moddiy va moliyaviy ta'minlashni, o'quvchilarni kasbga o'rgatishni va ularda amaliy ko'nikmalarni shakllantirishni amalga oshiradilar, mutaxassislarga bo'lgan ehtiyojni aniqlaydilar, bitiruvchilarni ishga joylashtirish masalalarini hal qiladilar.
            Madaniyat ishlari vazirligi, Badiiy akademiya, Sog'liqni saqlash vazirligi kasb-hunar kollejlari ularning tasarrufida bo'ladi.
            5.2. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini direktor boshqaradi. Davlat ta'lim muassasasining direktori ta'limni boshqarishga vakolatli bo'lgan yuqori organ tomonidan, zarur hollarda tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda, akkreditasiya qilingan nodavlat ta'lim muassasalarida - ta'sis hujjatlariga muvofiq lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Direktor ta'lim muassasasining faoliyati natijalari uchun shaxsan javob beradi.
            5.3. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi xodimlarining lavozim huquqlari va majburiyatlari, rahbarlarning vakolatlari va funksiyalari qonunchilikka, tegishli me'yoriy hujjatlarga, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasining Ustaviga muvofiq belgilanadi.
            5.4. Akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarida pedagogika Kengashlari tuziladi, ular ta'lim muassasasi direktori huzuridagi o'quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va takomillashtirishga ko'maklashuvchi kollegial organ hisoblanadi.
            Pedagogika Kengashining funksiyalari ta'lim muassasasi ustavi bilan belgilanadi.
            5.5. Ta'lim muassasalarida vasiylarni, ijro etuvchi hokimiyat mahalliy organlari, vazirliklar, idoralar, korporasiyalar, uyushmalar va korxonalar, jamoat tashkilotlari,
jamg'armalarning vakillarini o'z ichiga oluvchi, O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va maktab Ustaviga muvofiq ish olib boruvchi jamoatchilik boshqaruvi organlari (vasiylik kengashlari) tuzilishi mumkin.
            5.6. Mulkchilik shakllaridan va idoraviy bo'ysunishidan qat'i nazar, akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarini attestasiyadan o'tkazish va akkreditasiya qilish Davlat test markazi huzuridagi Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta'lim muassasalari attestasiyasi boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi. O'rta maxsus, kasb-hunar muassasasi attestasiya natijalariga ko'ra davlat akkreditasiyasidan mahrum etilishi mumkin.
 
            6. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limini mablag' bilan ta'minlash va uning moddiy-texnika ta'minoti
 
            6.1. O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasi faoliyatini mablag' bilan ta'minlash amaldagi qonunchilikka muvofiq:
            byudjetdan ajratiladigan mablag'lar;
            balansida o'quv yurtlari turgan vazirliklar, idoralar, korporasiyalar, uyushmalar, korxonalar mablag'lari;
            ta'lim muassasasining ustavdagi vazifalariga muvofiq bo'lgan ta'lim xizmatlari, ilmiy-pedagogik va ishlab chiqarish faoliyati hamda faoliyatning boshqa turlarini amalga oshirishdan olingan daromadlar;
            yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy ehsonlari va maqsadli badallari;
            qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
            6.2. Ta'lim muassasasining moliyaviy mablag'lari uning tasarrufida bo'ladi va ulardan qonunchilik va ta'lim muassasasining ustavdagi vazifalariga muvofiq foydalaniladi.
            6.3. Davlat ta'lim muassasasining moddiy vositalari, binolari, inshootlari va asbob-uskunalari uning xo'jalik tasarrufida bo'ladi hamda ulardan ustavdagi vazifalarni hal
qilish uchun foydalaniladi.
            O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining ustaxonalari, laboratoriyalari va boshqa ob'ektlarining jihozlanishi namunaviy normativlar bilan belgilanadi.
            6.4. Ta'lim muassasasi belgilangan tartibda o'z ishlari natijalarining tezkor va buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, statistika va buxgalteriya hisobotini yuritadi.
            Ta'lim muassasasida xo'jalik va moliyaviy intizomga rioya etilishi davlat vakolatli organi tomonidan nazorat qilinadi.
 
            7. Xalqaro hamkorlik
 
            O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari O'zbekiston Respublikasining tegishli davlatlararo va hukumatlararo bitimlari, shuningdek ta'lim sohasidagi idoralararo bitimlar asosida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, qonunchilikka va o'z Ustaviga muvofiq o'zlarining vakolatlariga kiruvchi masalalar bo'yicha xorijiy sheriklar bilan bitimlar tuzish huquqiga egadirlar.
            Ta'lim muassasalari belgilangan tartibda xorijiy mamlakatlar uchun mutaxassislar tayyorlashi mumkin.
  © Copyright 2012 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.aci.uz    www.ziyonet.uz