Oliy o'quv yurtlarida to'lov-kontrakt acosida o'qish uchun ta'lim kreditlari berish to'g'risida
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, yoshlarning ta'lim olishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish, oliy ma'lumot olayotgan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklarining respublika oliy o'quv yurtlarida to'lov-kontrakt asosida o'qishga to'lash uchun tijorat banklari tomonidan ta'lim kreditlari berishni 2001/2002 o'quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etish to'g'risidagi taklifi
qabul qilinsin.
Belgilab qo'yilsinki, ta'lim kreditlari to'lov-kontrakt asosida o'qish uchun oliy o'quv yurtlariga qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi fuqarolariga, ularning ota-onalari yoki vasiylariga beriladi.
2. Oliy o'quv yurtlarida to'lov-kontrakt asosida o'qish uchun ta'lim kreditlari berish to'g'risidagi Nizom
ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tijorat banklari, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va oliy ta'lim muassasalarining:
chin yetimlar, "Mehribonlik uylari"da tarbiyalanganlar hamda bolalikdan I va II guruh nogironlari uchun - foizsiz ta'lim kreditlari berish;
kam ta'minlangan oilalardan chiqqan talabalar uchun - kredit uchun qo'shilgan foizlar summasining 50 foizini Ish bilan ta'minlashga ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'laridan to'lagan xolda imtiyozli kreditlar berish to'g'risidagi takliflari ma'qullansin.
4. Tijorat banklariga:
kreditning asosiy summasi o'quv yurtini bitirgandan keyin qaytariladigan imtiyozli davrli kreditlar berish;
ta'lim kreditlari uchun foiz stavkasi miqdorini Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo'lmagan miqdorlarda belgilash tavsiya etilsin.
5. "O'zteleradio" kompaniyasi, Milliy axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida ta'lim kreditlari, shu jumladan imtiyozli shartlardagi ta'lim kreditlari olish imkoniyatlari va ularning ijtimoiy ahamiyati keng yoritilishini ta'minlasinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosarlari R.S.Azimov va H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining
Raisi I. Karimov
Toshkent sh.
2001 yil 26 iyul 318-son