Vazirlar Mahkamasining
2004 yil 22 noyabrdagi
548-son qaroriga 5-ilova
Umumiy o'rta va o'rta maxsus kasb-hunar ta'limi ta'lim muassasalari uchun darsliklar va o'quv-metodik komplekslarni nashr etish yuzasidan tender savdolari o'tkazish tartibi to'g'risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom darsliklar va o'quv-metodik komplekslarni nashr etish uchun davlat buyurtmasini joylashtirish yuzasidan tender savdolarini tashkil qilish va o'tkazish tartibi va shartlarini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomning amal qilishi umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi ta'lim muassasalari uchun o'quv adabiyotlari tanlovida tanlab olingan darsliklar va o'quv-metodik komplekslarni nashr etishda tender savdolari o'tkazishga tatbiq etiladi.
Darsliklar va o'quv-metodik komplekslarga (keyingi o'rinlarda o'quv adabiyoti deb yuritiladi) darsliklar, qo'shimcha o'quv, metodik va ma'lumotnoma adabiyotlar kiradi.
3. O'quv adabiyotini nashr etishda tender savdolari bir kontrakt bo'yicha 100 ming AQSh dollariga teng bo'lgan miqdordan oshmaydigan summaga o'tkaziladi.
Bir kontrakt 100 ming AQSh dollariga teng bo'lgan miqdordan kam bo'lganda noshir raqobat takliflarini tanlash yo'li bilan aniqlanadi.
4. Xorijiy kreditlar mablag'lari (grantlar) hisobiga o'quv adabiyoti nashr etishda mazkur Nizomning talablari tavsiya xususiyatiga ega bo'ladi va, agar xorijiy kreditlar va grantlarni berish shartlariga ko'ra savdolarni o'tkazishning o'zgacha tartibi belgilangan bo'lsa, qo'llanilishi mumkin emas.
5. Tender savdolarini o'tkazish to'g'risidagi qaror Uzluksiz ta'lim tizimi uchun o'quv dasturlari, darsliklar va o'quv qo'llanmalarini qayta ko'rib chiqish va yangilarini yaratish bo'yicha Hukumat komissiyasi (keyingi o'rinlarda Hukumat komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilinadi.
Nashr etish uchun tender savdolari faqat huquq egasiga ruxsatnoma mavjud bo'lishi sharti bilan Hukumat komissiyasining qaroriga muvofiq tanlovda tanlab olish g'olibi deb e'tirof etilgan o'quv adabiyotiga e'lon qilinishi mumkin.
6. Quyidagilar tender savdolarining maqsadi hisoblanadi:
o'quv adabiyotining texnik jihatdan bajarilishi sifatini oshirish va undan uzoq muddat foydalanilishini ta'minlash;
o'quv adabiyotini nashr etish jarayonida raqobat muhitini yaratish, noshirlik va matbaa faoliyati bilan shug'ullanuvchi xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning tenderlarda ishtirok etishini kengaytirish va rag'batlantirish, shuningdek ularning teng huquqli ishtirok etishini ta'minlash, mazkur jarayonga kichik va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini jalb etish;
o'quv adabiyotini nashr etishga yo'naltiriladigan davlat byudjeti, byudjetdan tashqari maqsadli jamg'armalar mablag'laridan foydalanish samaradorligini oshirish.
7. Oshkoralik, talablarning yagonaligi va qarorlar qabul qilishdagi xolislik hamda savdoning barcha qatnashchilari uchun teng raqobat shart-sharoitlari yaratish tender savdolarini tashkil etish va o'tkazishning asosiy prinsiplari hisoblanadi.
8. O'quv adabiyoti nashr etishga tender savdolari mazkur Nizomga ilovaga muvofiq bir bosqichli ikki konvertli tartib-qoida bo'yicha axborotnoma ochiq e'lon qilinishi yo'li bilan o'tkaziladi.
II. Tender savdolarining qatnashchilari
9. Buyurtmachi, tender komissiyasi, tender savdolarining tashkilotchisi va oferentlar tender savdolarining asosiy qatnashchilari hisoblanadi.
10. Buyurtmachi (O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi yoki Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi):
rasmiy farmoyish beruvchi hujjat (buyruq) chiqargan holda tender o'tkazish shakli, turi, sanasi, joyi va shartlarini belgilaydi;
o'quv adabiyotining boshlang'ich qiymatini mustaqil ravishda yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni jalb etgan holda belgilaydi;
talabgorlarning malakasiga qo'yiladigan asosiy talablarni, o'quv adabiyotiga qo'yiladigan maxsus va texnik talablarni belgilaydi;
tender hujjatlari ishlab chiqilishi nazorat qilinishini ta'minlaydi va ularni tasdiqlaydi;
tender savdolarining g'olibi bilan kontrakt tuzadi.
11. Tender komissiyasi o'quv adabiyotini nashr etishga davlat buyurtmasini joylashtirish uchun tender savdolarini o'tkazish bo'yicha doimiy organ hisoblanadi. Komissiyaning son tarkibi a'zolarning toq sonidan, qoidaga ko'ra, kamida 11 kishidan iborat bo'ladi. Buyurtmachining rahbari yoki uning o'rinbosarlaridan biri komissiya raisi hisoblanadi. Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan komissiya tarkibiga:
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining;
O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining (tender O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi tomonidan o'tkazilgan taqdirda);
O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi yoki O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazining (mansubliligiga ko'ra);
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi;
xizmat ko'rsatuvchi tijorat bankining;
kitob nashr etish sohasidagi mustaqil ekspert tashkilotlarining vakillari majburiy tartibda kiritiladi.
Buyurtmachining yoki uning idoraviy mansub korxonalari va tashkilotlarining vakillari soni tender komissiyasi umumiy tarkibining 30 foizidan oshmasligi kerak.
12. Tender komissiyasi:
tender o'tkazish tartib-qoidalarini belgilaydi;
tender takliflarini baholash mezonlarini tasdiqlaydi;
tender takliflarini qabul qilishning oxirgi kuni va vaqtini, konvertlarni ochish vaqti va joyini belgilaydi;
tegishlicha rasmiylashtirgan holda tender savdolarini o'tkazadi;
takliflar bildirilgan konvertlarni ochadi, ularning tender hujjatlari bilan belgilangan talablarga (taqdim etilgan hujjatlarning to'liqligi, ularning rasmiylashtirilishi va
hokazo) muvofiqligini tekshiradi;
baholash guruhi jalb etiladigan mustaqil ekspertlar yoki maslahatchilar ishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
tender qatnashchilaridan tushgan takliflar bo'yicha Hukumat komissiyasiga xulosa kiritadi.
13. Tender savdolarining tashkilotchisi (buyurtmachining taklifiga ko'ra tender komissiyasi tomonidan tayinlanadigan ishchi guruh yoki buyurtmachi tomonidan shartnoma asosida jalb etiladigan konsalting kompaniyasi):
tender hujjatlari ishlab chiqilishini ta'minlaydi va ularni talabgorlarga taqdim etadi;
tender o'tkazilishi to'g'risida e'lon beradi va potensial talabgorlarga taklifnomalar yuborilishini ta'minlaydi;
tender takliflarini baholash mezonlari ishlab chiqilishini ta'minlaydi;
arizalar va tender takliflarini qabul qiladi, ularning hisobga olinishi va maxfiyligini ta'minlaydi;
tender takliflarining asl nusxalarini konvertlarni ochish va tender o'tkazish uchun tender komissiyasiga taqdim etadi.
Savdolarni tashkil etish uchun konsalting kompaniyasi jalb etilgan taqdirda tender savdolari tashkilotchisining huquq va majburiyatlari uning bilan buyurtmachi o'rtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi.
14. Ekspertizani tashkil etish va tender takliflarini baholash uchun tender komissiyasi tomonidan baholash guruhi tayinlanadi. Baholash guruhi tender komissiyasi a'zolaridan yoki o'quv adabiyotini nashr etish va kitob nashri texnologiyasi sohasidagi vakolatli kamida besh mutaxassisdan iborat tarkibdagi mustaqil ekspertlar (maslahatchilar)dan tashkil etiladi.
15. Baholash guruhining shaxsiy tarkibi tender komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi va tender savdolari tugallangunga qadar maxfiy axborot hisoblanadi.
16. Baholash guruhi:
tender takliflarini o'rganadi, tahlil qiladi va ko'rib chiqadi;
tender hujjatlarida ko'rsatilgan mezonlarga muvofiq ballar qo'yadi;
eng yaxshi tender taklifini aniqlaydi va savdo g'olibini aniqlash va tasdiqlash uchun tender komissiyasiga xulosa kiritadi.
17. Mulkchilik shakllaridan qat'i nazar, nashriyot-matbaa faliyatida tajribaga ega bo'lgan ham mamlakatimizning tashkilotlari, ham xorijiy tashkilotlar tender savdolarining oferentlari - qatnashchilari bo'lishlari mumkin.
18. Savdolarda ishtirok etishga:
tender savdolari e'lon qilingan sanada ro'yxatdan o'tkazish paytidan boshlab o'z faoliyatini 6 oydan kam muddatda amalga oshirayotgan;
ilgari tuzilgan kontraktlar bo'yicha qabul qilingan majburiyatlarni zarur tarzda bajarmagan;
qayta tashkil etish (bo'lish, qo'shish va hokazo), tugatish yoki bankrotlik bosqichida turgan;
sud yoki hakamlik muhokamasi holatida turgan tashkilotlar, korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar qo'yilmaydi.
19. Tender komissiyasi a'zolaridan kimgadir bevosita tashkiliy-huquqiy yoki moliyaviy bog'liq bo'lgan tashkilotlar savdo qatnashchilari bo'lishi mumkin emas.
20. Tender savdolari qatnashchilari:
tender takliflarini tayyorlaydilar va savdo tashkilotchisiga taqdim etadilar;
ularning faoliyatini va moliyaviy holatini baholash uchun zarur bo'lgan qo'shimcha axborotni taqdim etadilar (tender komissiyasining so'roviga ko'ra);
tender takliflarini tayyorlash va taqdim etish davomida sarflangan barcha moliyaviy xarajatlarni o'z manbalaridan qoplaydilar;
tender savdolarida g'olib chiqqan taqdirda buyurtmachi bilan kontrakt tuzadilar.
III. Tender hujjatlari
21. Tender komissiyasi quyidagilarni o'z ichiga oluvchi tender hujjatlari ishlab chiqilishini tashkil etadi, tender savdolarining tashkilotchisi esa ularning ishlab chiqilishini
ta'minlaydi:
tender savdolari qatnashchilari uchun yo'riqnoma;
qatnashchilarga qo'yiladigan malaka talablari;
nashr etiladigan o'quv adabiyotlarining ro'yxati, texnik talablari va o'ziga xosligi;
tender taklifining shakli;
kontrakt proformasi.
22. Tender savdolari qatnashchisi uchun yo'riqnomada quyidagilar mavjud bo'ladi:
tushuntirish olish mumkin bo'lgan savdo tashkilotchisi vakilining manzili va bog'lanish telefonlari ko'rsatilgan holda tenderda ishtirok etishga taklifnoma;
tender savdolarida qatnashish uchun talabgorlarning buyurtmanomalari shakli namunasi;
rasmiylashtirish tartibi, shu jumladan tender taklifi tuzilishi kerak bo'lgan til, shuningdek viza qo'yishga va nusxalar soniga qo'yiladigan talablar;
tender taklifi tender komissiyasiga taqdim etilgandan keyin unga o'zgartirishlar kiritish va uni rasmiylashtirish tartibi;
narx bo'yicha ko'rsatma;
takliflarni tender komissiyasiga berish tartibiga qo'yiladigan talablar;
tender taklifining amal qilish muddati;
qayd etilgan vaqt mobaynida tender qatnashchisi taklifiga javob berilmasligini kafolatlovchi tender taklifiga kafolat miqdori, uni qo'yish tartibi va qaytarish tartibi;
tender hujjatlari talablariga asoslangan taklif bilan birgalikda savdo qatnashchilariga qarshi takliflar berish imkoniyati to'g'risidagi axborot;
takliflar bildirilgan konvertlarni ochish tartib-qoidasi tavsifi, ularni baholash va tender g'olibini aniqlash muddatlari;
tender takliflarini baholash mezonlari;
o'tkazilayotgan savdo doirasida tuziladigan hujjatlarning maxfiyligiga izoh.
23. Talabgorlarga tenderda qatnashish uchun quyidagi malaka talablari qo'yiladi:
shartnoma tuzishga fuqarolik huquqiy layoqati va vakolatlari (qatnashchining ro'yxatdan o'tkazilganligi va sud majburiyatlari mavjudligi to'g'risidagi axborot hamda faoliyatning mazkur turini amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar);
talabgorning ustav sarmoyasi miqdori va moliyaviy holatining boshqa ko'rsatkichlari (belgilangan tartibda tasdiqlangan);
ishlab chiqarish bazasi, davlat buyurtmasining butun hajmini bajarish uchun zarur bo'lgan mehnat resurslari va malakali mutaxassislar mavjudligi;
o'quv adabiyotini nashr etish uchun mo'ljallangan qiymatning kamida 20 foizi miqdorida bo'sh aylanma mablag'lar mavjudligi yoki ko'rsatib o'tilgan mablag'larni berishga bankning ishonch xati;
kitob, shu jumladan o'quv adabiyoti nashr etishga doir ish tajribasi;
tender savdolariga qo'yilgan o'quv adabiyotini nashr etishning prognozlashtirilayotgan hajmi (faqat o'z kuchlari bilan nashr etilishi mumkin bo'lgan hajm, foizlarda).
Tender savdolarida qatnashish uchun talabgorga buyurtmachi tomonidan belgilanadigan, biroq talabgorlarning o'z tijorat siri muhofaza qilinishi huquqini buzmaydigan boshqa talablar ham qo'yilishi mumkin.
24. Nashr etiladigan o'quv adabiyotlarining ro'yxati, texnik talablari va o'ziga xosligi quyidagilarni o'z ichiga oladi:
nomi va nusxasi;
tuzilma va maketga qo'yilgan talablar;
qog'oz formati va sifati, bo'yoqlarning hajmi va soni, materiallar va matbaaning sifati;
nashr etilayotgan o'quv adabiyotining yuqori sifati va uzoq muddat foydalanilishini ta'minlashga ko'maklashadigan boshqa texnologik talablar.
25. Tender taklifi:
texnik taklif;
tijorat taklifi;
vakilga berilgan ishonchnoma;
majburiyatlar bajarilishini ta'minlash shakllari;
o'quv adabiyotini nashr etish jadvalidan iborat bo'ladi.
26. Tender hujjatlari, shu jumladan tender takliflarini o'rab joylash va markalashga qo'yiladigan talablar, takliflarni texnik va moliyaviy baholash mezonlari tender komissiyasi tomonidan ko'rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
27. Kontrakt proformasi O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tuziladi va o'quv adabiyotini nashr etish shartlari, narxi va jadvalini, xizmatlarning manbalari va haq to'lash shaklini, to'lovlar shartlari va jadvalini, tomonlarning majburiyatlarini, nizolarni hal etish tartibini, shuningdek bitishuvlar tuzishda majburiy bo'lgan boshqa shartlar va holatlarni o'z ichiga olishi kerak.
Kontrakt proformasini tuzishda buyurtmachi yoki tender savdolari tashkilotchisi shartnoma asosida ixtisoslashtirilgan konsalting kompaniyalariga maslahat so'rab murojaat qilishga haqlidir.
28. Takliflarni taqdim etish muddati tamom bo'lgunga qadar tender savdolari tashkilotchisi tender hujjatlarini sotib olgan talabgorlarni darhol ular to'g'risida ma'lum
qilib, taklifga tuzatish kiritish uchun yetarli bo'lgan vaqt bergan holda uning muddatini uzaytirib tender hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritishga haqlidir.
29. Tender savdolari tashkilotchisi talabgorning so'roviga ko'ra tender takliflarini taqdim etishning so'nggi muddatidan kamida 10 kun oldin so'rov manbaini ko'rsatmagan holda tender savdolarining barcha qatnashchilariga majburiy tartibda javob yuborib tender hujjatlarining mohiyati yoki mazmuni bilan bog'liq savolga yozma javob berishi shart.
30. Tender komissiyasi, savdo tashkilotchisi va talabgorlar o'rtasida xabar, bildirishnoma va boshqa axborotni ayirboshlash yozma shaklda amalga oshiriladi.
IV. Tender savdolarini o'tkazish tartibi va shartlari
31. Ommaviy axborot vositalarida tender savdolari o'tkazish to'g'risida rasmiy e'lon berilgan sana yoki talabgorga pochta (sana pochta shtempeli bo'yicha aniqlanadi), telefaks yoki boshqa shaklda qatnashish uchun rasmiy bildirishnoma (taklifnoma) yuborilgan sana savdo ochilgan sana hisoblanadi.
32. Tender savdolari to'g'risidagi e'lon markaziy va boshqa eng ko'p tarqalgan yoxud ixtisoslashtirilgan gazeta va jurnallarda tender takliflari bildirilgan konvertlar rasmiy
ochilishidan kamida 30 kun oldin e'lon qilinadi.
33. E'londa quyidagilar ko'rsatiladi:
buyurtmachining nomi va manzili;
davlat buyurtmasini shakllantirish manbalari;
nashr etish mo'ljallangan o'quv adabiyotining nomi va nusxasi;
talabgorlarga qo'yiladigan asosiy shartlar va talablar;
tender hujjatlari olinadigan joy (tender savdolari tashkilotchisining manzili, aloqa telefoni va telefaksi);
tender hujjatlari uchun haq to'lash qiymati va tender taklifi berishda tender qatnashchisi uchun zakalat summasi;
zakalat summasini va tender hujjatlari uchun haq to'lash shartlari, ularni to'lash uchun bank rekvizitlari;
tender hujjatlarini taqdim etish joyi, oxirgi muddati (kun va soat ko'rsatilgan holda);
tender takliflari bildirilgan konvertlarni ochish joyi, kuni va vaqti.
34. Tender savdolarida qatnashish istagini bildirgan talabgorlar e'lon berilgandan keyin savdo tashkilotchisidan tender hujjatlarini oladilar.
Tender hujjatlari uchun to'lov miqdori buyurtmachi tomonidan tender hujjatlarini ishlab chiqish, nusxasini ko'paytirish va tarqatish bo'yicha mehnatga haq to'lash qiymatidan kelib chiqib belgilanadi.
35. Tender takliflari tender hujjatlariga qo'yiladigan talablarga muvofiq ishlab chiqiladi va bir paketga solingan ikki konvertda taqdim etiladi:
birinchi konvert texnik taklif hisoblanadi va qatnashchining malakasi va moliyaviy holatini tasdiqlovchi hujjatlardan, zakalat to'langanligini tasdiqlovchi bank hujjatlaridan
(nashr etilayotgan o'quv adabiyotining hisoblangan qiymatining bir foizidan besh foizigacha tender komissiyasi tomonidan belgilanadigan miqdorda), o'quv adabiyoti maketidan iborat bo'ladi;
ikkinchi konvert tijorat taklifi hisoblanadi va narx takliflarini, bo'lishi mumkin bo'lgan chegirmalarni, taklif etilayotgan jadvalni va o'quv adabiyotini nashr etish muddatlarini o'z ichiga oladi.
36. Tashqi paketda qatnashchining nomi va manzili, tender savdosi tashkilotchisining nomi va manzili, taklifnomaning tartib raqami yozilishi kerak. Ichki konvertda qatnashchining nomi va manzili, tender savdosi tashkilotchisining nomi va manzili, nashr etish taklif etilayotgan o'quv adabiyotining nomi va taklifnomaning tartib raqami ko'rsatiladi.
37. Tender taklifining tegishli ravishda "Asl nusxa" va "Nusxa" so'zlari bilan belgi qo'yilgan, talabgorning imzosi va muhri bilan tasdiqlangan asl nusxasi va nusxasi tender savdolari tashkilotchisiga muhrlangan shaklda yuboriladi.
38. Tender taklifining amal qilish muddati tender hujjatlarida belgilanadi.
Qatnashchilar o'zlarining tender takliflarini ularni taqdim etishning oxirgi kuni va vaqti tamom bo'lgunga qadar qaytarib olishlari mumkin. Taqdim etish muddati tamom bo'lgandan keyin tushgan tender taklifi ko'rib chiqilmaydi va konvertlar ochilmasdan savdo qatnashchisiga qaytariladi.
39. Tender takliflarini taqdim etish sanasi tender savdolari tashkilotchisining pochta bildirishnomasi olinganligi to'g'risidagi belgisi yoki chopar bilan yuborilgan tender takliflari ro'yxatdan o'tkazilgan sana bo'yicha aniqlanadi.
40. Tender takliflari berishning belgilangan muddati tamom bo'lgach belgilangan kun va soatda komissiya tender takliflari bildirilgan tashqi paketni va texnik takliflar bildirilgan birinchi konvertni ochadi.
Paketlar va texnik takliflar bildirilgan konvertlar hozir bo'lish istagini bildirgan tender qatnashchilari yoki ularning to'laqonli vakillari hozirligida ochiladi.
Tijorat takliflari bildirilgan takliflar muhrlangan shaklda qoladi va navbatdagi majlisgacha tender savdolari tashkilotchisining temir sandig'ida saqlanadi. Ikkinchi konvertdagi hujjatlarning saqlanishi uchun tender savdolari tashkilotchisi javob beradi.
41. Paket va birinchi konvert ochilgandan keyin savdo qatnashchilarining nomlari o'qiladi, savdo shartlari va tartib-qoidalariga rioya qilish, tegishli hujjatlar mavjudligi tekshiriladi.
42. Hujjatlar paketida tender hujjatlariga qo'yiladigan talablar buzilganligi aniqlangan taqdirda, hujjatlar ularning mazmuni e'lon qilinmasdan qatnashchiga qaytariladi.
Tender komissiyasi, ular boshqa qatnashchilarning reytingiga ta'sir ko'rsatmasa va ularga yo'l qo'ygan tender savdosi qatnashchisiga ustunliklar bermasa, tender hujjatlarining e'lon qilingan shartlarga nomuvofiqligini yoki tender takliflarini rasmiylashtirishdagi noaniqliklarni e'tiborga olmasligi mumkin.
43. Tender komissiyasi majlisining natijalari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Bayonnomada savdo qatnashchilari tomonidan e'tirof etilgan tashkilotlar sanab o'tiladi. Shakl bo'yicha taqdim etilmagan va savdolarga qo'yilmagan takliflar bayonnomada ular rad etilishining sabablari ko'rsatilgan holda alohida sanab o'tiladi.
44. Tender komissiyasi majlisining natijalari to'g'risidagi axborot hozir bo'lmagan talabgorga yozma shaklda yetkaziladi. Tender takliflari bildirilgan konvertlarni ochish
to'g'risidagi bayonnoma ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinmaydi.
45. Texnik takliflar o'rganish, tahlil etish va baholash uchun baholash guruhiga beriladi.
Takliflarni baholashda qatnashchining malakasi va moliyaviy ahvoli, o'quv adabiyoti namunalari parametrlarining buyurtmachi tomonidan belgilangan texnik talablar va o'ziga xosliklarga muvofiqligi majburiy tartibda e'tiborga olinadi.
46. Takliflarni baholash tender komissiyasi tomonidan belgilangan har bir baholash mezoni bo'yicha ballar qo'yish yo'li bilan amalga oshiriladi. Savdo qatnashchilari yoki ularning vakillari tender takliflarini baholashda hozir bo'lishga haqli emas.
47. Baholash davomida tender komissiyasi tushuntirishlar olish uchun qatnashchilarga yozma ravishda murojaat qilish, ulardan qo'shimcha ma'lumotlar va tasdiqnomalar olish huquqiga ega bo'ladi.
48. Qatnashchining malaka ma'lumotlari to'g'risida ishonchsiz axborot aniqlangan taqdirda tender komissiyasining qarori bilan talabgor tender savdolari tartibotida bundan keyin ishtirok etishdan chetlashtiriladi.
49. Takliflari maqbul deb e'tirof etilgan qatnashchilar tijorat takliflarini baholashga qo'yiladilar. Texnik takliflarni baholash shartlariga ko'ra o'tmagan qatnashchilar bundan keyin tenderda qatnashishdan chetlatiladilar.
50. Tender komissiyasi tomonidan tijorat takliflarini baholashga qo'yilgan qatnashchilar ro'yxati ma'qullangandan keyin belgilangan manzil bo'yicha, ko'rsatilgan kun va soatda tijorat takliflari bildirilgan konvertlar ko'pchilikning oldida ochiladi.
51. Ikkinchi paketga solingan barcha talab qilinadigan hujjatlar mavjud bo'lgan taqdirda tender komissiyasi ularni ekspertiza qilish va baholash uchun baholash guruhiga beradi.
52. Baholash guruhi taklif etilayotgan qiymatni (narxni), kafolat majburiyatlari shartlarini, ishlarni bajarish muddatlari va tartibini, qatnashchilarning boshqa tijorat va tashkiliy ustunliklarini ko'rib chiqadi.
53. Tender takliflarini baholashning umumiy davri tender komissiyasi tomonidan belgilanadi va u takliflar bildirilgan konvertlar rasman ochilgan paytdan boshlanadi va 30 kalendar kundan ortiq bo'lishi mumkin emas.
54. Tender takliflarini baholash va savdo g'olibini aniqlash tender komissiyasi tomonidan uning majlisi boshlangunga qadar tasdiqlangan mezonlar asosida amalga oshiriladi. Tanlov paytida mezonlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritishga yo'l qo'yilmaydi.
55. Tushgan takliflarning ko'rib chiqilishi va ularning tender komissiyasi va baholash guruhi a'zolari tomonidan baholanishi to'g'risidagi axborot maxfiy hisoblanadi hamda tanlov tartib-qoidasiga rasman aloqador bo'lmagan shaxslarga ma'lum qilinmaydi. Tender komissiyasi va baholash guruhi a'zolari mazkur axborot oshkor qilinganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
56. Tender hujjatlarini tekshirish chog'ida aniqlangan arifmetik xatolar mavjud bo'lgan taqdirda tender komissiyasi:
talabgorga tender taklifiga tuzatish kiritish imkoniyatini berishi;
takliflarni baholashda, agar o'quv adabiyoti birligi narxi bilan birlik narxi va sonini ko'paytirish natijasida olingan yakuniy narx o'rtasida nomuvofiqlik mavjud bo'lsa, o'quv adabiyoti birligi narxi ustunlik qiladigan, umumiy narxga tuzatish kiritiladigan qaror qabul qilishi mumkin.
Agar so'zlar bilan yozilgan summa bilan raqamda ko'rsatilgan summa o'rtasida nomuvofiqlik mavjud bo'lsa, u holda so'zlar bilan yozilgan summa ustunlik qiladi.
57. Texnik va tijorat takliflarini baholash yakunlari yig'indisi bo'yicha tender taklifi eng ko'p ball olgan qatnashchi savdoning g'olibi deb e'lon qilinadi. Ballarning yakuniy yig'indisi teng bo'lgan taqdirda eng kam narx takliflarini taklif etgan qatnashchiga ustunlik beriladi.
58. Yakun chiqarish va savdoning g'olibi to'g'risidagi qaror tender komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. o'olibni tanlashda baholash guruhining xulosalari natijalariga va tender komissiyasi a'zolarining yakka tartibdagi xulosasiga asoslaniladi. Qaror tender komissiyasi a'zolari umumiy sonining oddiy ko'pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo'lib qolgan taqdirda, tender komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
59. Tender komissiyasining yakuniy bayonnomasida g'olib va zaxiradagi qatnashchilar, tender komissiyasi tarkibi, baholash guruhining xulosasi, qatnashchilarning tender takliflari yig'ma jadvali va g'olib bilan kontrakt imzolashning mo'ljallanayotgan muddatlari to'g'risidagi axborot mavjud bo'ladi.
Bayonnoma hozir bo'lgan a'zolar tomonidan imzolanishi va tender komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Tender komissiyasi g'oliblar aniqlangan kundan boshlab 10 kun mobaynida natijalarni tasdiqlash uchun Hukumat komissiyasiga yuboradi.
o'olibni aniqlash to'g'risidagi qaror Hukumat komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
60. Tender savdolari tashkilotchisi tender savdolari g'olibiga savdo yakunlangandan keyin uch kundan kechikmay yozma bildirishnoma yuboradi va yakunlarini ommaviy axborot vositalarida e'lon qiladi.
61. Buyurtmachi va tender savdolari g'oliblari o'rtasidagi kontrakt tender savdolari g'olibi bildirishnomani olgan kundan boshlab o'n kun muddatda tuziladi.
62. Agar tender savdolari g'olibi kontrakt tuzishni rad etsa yoki belgilangan muddatda kontraktni bajarish uchun kafolat bermasa, u holda buyurtmachi tender komissiyasi bilan birgalikda taklifi ikkinchi bahoni olgan qatnashchini tender savdolari g'olibi deb e'tirof etishi yoki takroriy tender savdolari o'tkazishni tayinlashi mumkin.
V. Yakuniy qoidalar
63. Tender komissiyasi majlisini o'tkazish uchun kvorum uning a'zolarining kamida uchdan ikki qismini tashkil etadi. Agar tender komissiyasi majlisida komissiya raisi va uning o'rinbosari qatnashmasa yoxud kvorum mavjud bo'lmasa tender komissiyasi majlisi huquqiy vakolatli hisoblanmaydi.
64. Quyidagi hollarda, agar:
tender takliflarini taqdim etishning eng oxirgi muddatigacha faqat bitta taklif tushsa;
barcha tender takliflari tender hujjatlariga qo'yiladigan talablarga muvofiq bo'lmasa;
barcha tender takliflarida tender hujjatlari shartlari bilan talab qilinadigan hujjatlar mavjud bo'lmasa;
barcha qatnashchilarning taklif etgan narxlari o'quv adabiyotining boshlang'ich qiymatidan ancha yuqori bo'lsa, tender savdolari bo'lib o'tmagan deb e'lon qilinadi.
65. Tender savdolarining bo'lib o'tmagan deb e'lon qilinishi savdo qatnashchilaridan biron-birining mulkiy yoki boshqa javobgarligiga olib kelmaydi.
66. Agar tender savdolari bo'lmagan deb e'tirof etilsa, takroriy tender savdolari o'tkaziladi, unda tender hujjatlari shartlarini qayta ko'rib chiqishga yo'l qo'yiladi.
67. Zakalat:
tender savdolari g'olibiga - kontrakt bajarilishining talab etiladigan ta'minlanishi (kafolati) taqdim etilishi bo'yicha kontrakt tuzilgandan keyin;
qolgan qatnashchilarga - tender savdolari g'olibi bilan kontrakt tuzilgandan keyin, biroq tender takliflari amal qilishi muddatidan kechikmay;
o'z taklifini taklifni taqdim etishning oxirgi kuni va vaqti tamom bo'lgunga qadar qaytarib olgan qatnashchiga qaytariladi.
Zakalat qaytarish uchun asoslar paydo bo'lgan paytdan boshlab besh kun mobaynida qaytariladi.
68. Zakalat:
taklifni taqdim etishning oxirgi kuni va vaqti tamom bo'lgandan keyin o'z taklifiga o'zgartirish kiritgan yoki uni qaytarib olgan qatnashchiga;
taklifi amal qilishi davrida o'z taklifini qaytarib olgan, tender hujjatlarida belgilangan shartlarda kontrakt tuzishni yoki kontrakt bajarilishining talab etiladigan
ta'minlanishini (kafolatini) taqdim etishni rad etgan tender savdolari g'olibiga qaytarilmaydi.
69. Savdolarning har bir qatnashchisi mazkur Nizom bilan belgilangan tender savdolarini o'tkazish qoidalari va tartibotlariga rioya etilishi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda natijalarning xolisligi uchun javob beradi.
70. Tender savdolari o'tkazilishi munosabati bilan paydo bo'ladigan nizolar va kelishmovchiliklar O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.