O'zbekcha          Ðóññêèé          English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

  Íàéòè!

Kengaytirilgan qidiruv     








 Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

boshlanish 

            22-modda. Bolaning sog‘lig‘ini saqlash huquqi kafolatlari

 

            Har bir bola sog‘lig‘ini saqlash huquqiga ega.

            Davlat sog‘lom bola tug‘ilishini ta’minlash uchun onaga uning sog‘lig‘ini saqlash sharoitlarini yaratadi.

            Davlat bolalarga qonun hujjatlariga muvofiq hajmda bepul tibbiy yordamni kafolatlaydi.

            Bolaning sog‘lig‘ini saqlash huquqi davlat tomonidan quyidagi yo‘llar bilan ta’minlanadi:

            malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini tashkil qilish;

            bolaning, uning ota-onasining salomatligini nazorat qilish va bolalar kasalliklari profilaktikasi;

            bolalar va o‘smirlarni davolash-profilaktika muassasalarida dispanser kuzatuvini olib borish hamda davolash;

            talab darajasidagi sifatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va sotilishini nazorat qilish;

            bolaning fiziologik xususiyatlari va sog‘lig‘i holatiga javob beradigan ta’lim olish hamda mehnat qilish sharoitlarini yaratish;

            kasbga yaroqlilikni aniqlashda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy maslahat berish;

            sanitariya-gigiyena ta’limi berish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va rag‘batlantirish;

            sog‘lig‘ining holati to‘g‘risida bola uchun qulay bo‘lgan tarzda zarur axborotni taqdim etish.

            O‘n to‘rt yoshdan katta yoshdagi bola ma’lumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega.

            Bola bilan uning hayotiga, sog‘lig‘i va normal rivojlanishiga ziyon yetkazuvchi har qanday ilmiy tajriba yoki boshqa eksperimentlar o‘tkazish taqiqlanadi.

            Davlat maxsus cheklovlarni joriy etish va maxsus profilaktika dasturlarini amalga oshirish orqali bolani alkogolga moyillikdan, chekishdan, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalar va intellektual-irodaviy faoliyatga ta’sir ko‘rsatadigan boshqa moddalarni iste’mol qilishdan himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi.

 

            23-modda. Bolaning bilim olish huquqi kafolatlari

 

            Har bir bola bilim olish huquqiga ega.

            Davlat bolaning bepul majburiy umumiy o‘rta ta’lim, shuningdek o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi olishini kafolatlaydi.

 

3-bob. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar huquqlarining  qo‘shimcha kafolatlari

 

            24-modda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning oila muhitiga bo‘lgan huquqi kafolatlari

 

            Davlat bolaning oilada bo‘lishiga to‘sqinlik qiluvchi sharoitlarni bartaraf qilish, bola oilasidan ajratilgan hollarda esa uni oilasiga tezroq qaytarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi.

            Davlat nogiron bolalarni hamda jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalarga moddiy yordam, maslahat yordami va boshqa yordam ko‘rsatadi hamda ularni qo‘llab-quvvatlaydi.

            Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishda imtiyozli huquq bu vazifani bajarishga qodir bo‘lgan qarindoshlariga beriladi.

            Bolani oilaga joylashtirishning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, uni ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish oxirgi choradir.

            Oilada tarbiyalanishi mumkin bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar ularga zarur g‘amxo‘rlikni hamda qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydigan muqobil shaklda joylashtirilish huquqiga ega.

            Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirishning shakllari quyidagilardir:

            vasiylik va homiylikni belgilash;

            bolani farzandlikka olish;

            oilaga tarbiyaga olish (patronat);

            ixtisoslashtirilgan tarbiya, davolash muassasalariga, ijtimoiy himoya muassasalariga joylashtirish.

            Qonun hujjatlariga muvofiq ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirishning boshqa shakllari ham nazarda tutilishi mumkin.

            Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

 

            25-modda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning jamiyatga uyg‘unlashish huquqi kafolatlari

 

            Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar jamiyat hayotida ishtirok etishda boshqa bolalar bilan teng huquqlarga egadir.

            Davlat ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va ular oilalarining jamiyat hayotida faol ishtirok etishini ta’minlash uchun ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaslik shartlari asosida dasturlar ishlab chiqish tashabbuskori bo‘ladi hamda zarur resurslar ajratadi.

            Ta’lim, tibbiyot va madaniy-ma’rifiy muassasalar nogiron bolalar hamda jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalarning erkin harakatlanishlari uchun moslashtirilgan bo‘lishi kerak.

            Davlat ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni reabilitatsiya qilish tizimini shakllantirish va rivojlantirishni tashkil etadi hamda bunga ko‘maklashadi.

            Nogironlik belgilangan paytdan boshlab bola tegishli davlat organlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturidan foydalanish huquqiga ega.

 

            26-modda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning turar joyga bo‘lgan huquqlari kafolatlari

 

            Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, to‘liq davlat ta’minotida turgan ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarini bitirgan yoki jazoni o‘tash muassasalaridan ozod qilingan bolalar, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan boshqa toifadagi bolalar o‘zlari ilgari yashagan turar joy maydoniga ega bo‘lish yoki qonun hujjatlariga muvofiq turar joy olish huquqiga ega.

 

            27-modda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ijtimoiy yordam olishga bo‘lgan huquqi kafolatlari

 

            Ijtimoiy yordam uni olish huquqiga ega bo‘lgan har bir bolaga tayinlanadi.

            Ijtimoiy yordam ko‘rsatish miqdori, shartlari va tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

            Yetim bolalarga va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ta’lim berish hamda ularni ta’minlash qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda to‘liq davlat ta’minoti asosida amalga oshiriladi.

            Davlat organlari ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan har bir bolaga, bolalarning joylashtirilishi shaklidan qat’i nazar, moddiy va boshqa sharoitlarni ta’minlaydi.

            Davlat ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan homiylik dasturlarini qonun hujjatlariga muvofiq rag‘batlantiradi.

 

            28-modda. Nogiron bolalar, jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalarning tibbiy-ijtimoiy yordam olishga bo‘lgan huquqi kafolatlari

 

            Nogiron bolalar tibbiy-ijtimoiy yordam olish huquqiga ega bo‘lib, bu profilaktika, davolash-tashxis qo‘yish, reabilitatsiya, sanatoriy-kurort, protez-ortopediya yordamini, harakatlanish vositalari bilan imtiyozli shartlarda ta’minlanishni va boshqa yordam turlarini o‘z ichiga oladi.

            Nogiron bolalar davlat sog‘liqni saqlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimi muassasalarida bepul tibbiy-ijtimoiy yordam olish, o‘z uylarida parvarish qilinish huquqiga ega.

            Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tartibi, ularga beriladigan imtiyozlar ro‘yxati qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

            Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar ota-onasi yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslarning arizasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti, homiylik va boshqa jamg‘armalarning mablag‘lari hisobidan, shuningdek ota-onasi yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslarning mablag‘lari hisobidan ijtimoiy muhofaza tizimi muassasalarida saqlanishlari mumkin.

 

            29-modda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ta’lim olish huquqi kafolatlari

 

            Davlat maxsus pedagogik yondashuvga ehtiyoji bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning belgilangan ta’lim standartlari va talablari darajasida bilim olishlarini kafolatlovchi zarur mablag‘lar ajratadi hamda boshqa choralar ko‘radi.

            Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar va nogiron bolalar ular uchun maxsus ishlab chiqilgan ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim muassasalarida o‘qish va tarbiyalanish hamda o‘z jismoniy, aqliy qobiliyatlari va xohishlariga mos bo‘lgan ta’lim olish huquqiga ega.

            Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyaning tavsiyasi bo‘lgan taqdirda, jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar va nogiron bolalarning ota-onalari o‘z xohish-istagiga ko‘ra hamda bolaning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda ta’lim (umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan) muassasasi turini tanlash huquqiga ega.

            Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda qonun hujjatlari bilan imtiyozlar belgilanishi mumkin.

 

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

 

            30-modda. Nizolarni hal etish

 

            Bola huquqlarining kafolatlari sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

 

            31-modda. Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

 

            Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.

 

            32-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

 

            Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

 

 

            O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti                                    I. KARIMOV

 

            Toshkent sh., 2008 yil 7 yanvar, O‘RQ–139-son

 

 

  © Copyright 2012 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.aci.uz    www.ziyonet.uz