O'zbekcha          Ðóññêèé          English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

  Íàéòè!

Kengaytirilgan qidiruv     








 Umumiy o‘rta ta’lim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risida NIZOM
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

 
       Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risida»gi va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 13 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish to‘g‘risida»gi 203-son qarori asosida umumiy o‘rta ta’lim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasini (keyingi o‘rinlarda yakuniy attestatsiya deb yuritiladi) o‘tkazish jarayonini tartibga soladi.
 
I. Umumiy qoidalar
 
       1. O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining (bundan keyingi o‘rinlarda maktab deb yuritiladi) bitiruvchilari uchun umumiy o‘rta ta’lim dasturlarini to‘liq o‘zlashtirgandan keyin yakuniy attestatsiyadan o‘tish majburiydir, mazkur Nizomning III-bo‘limida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
       2. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 29 oktabrdagi 473-son qarori bilan tasdiqlangan «2004 — 2009 yillarda O‘zbekis­ton Respublikasi bo‘yicha akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini ishga tushirishning aniq yo‘naltirilgan dasturi»ning ijrosi to‘liq ta’minlangunga qadar o‘tish davrida o‘rta ta’lim bitiruvchilariga (bundan keyingi o‘rinlarda XI-sinf bitiruvchilari deb yuritiladi) ham tatbiq etiladi.
       3. Maktab bitiruvchilarining bilimi, malaka va ko‘nikmalariga qo‘yilgan talablarning bajarilishi bo‘yicha yakuniy attestatsiya yozma, og‘zaki yoki test usulida har bir fanning amaldagi o‘quv dasturi asosida o‘quv yilining yakuni bo‘yicha o‘tkaziladi.
       4. Ta’lim dasturlarini davlat ta’lim standartlari talablari darajasida o‘zlashtirgan va o‘quv fanlardan yil yakuni bo‘yicha ijobiy baholangan, yoki bitta o‘quv fanidan qoniqarsiz baholangan (ushbu fan bo‘yicha yakuniy attestatsiyadan o‘tish sharti bilan) bitiruvchilar maktab pedagogik kengashi qaroriga asosan yakuniy attestatsiyaga qo‘yiladilar.
       5. Shartnoma asosida maktablarda tahsil olayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yakuniy attestatsiyaga mazkur Nizomning 4-bandi asosida qo‘yiladilar.
 
II. Yakuniy attestatsiyani o‘tkazish tartibi
 
       6. Bitiruvchi sinflarda yakuniy attestatsiya o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxati, shakli va muddatlari har o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
       7. Bitiruvchi sinflar uchun yakuniy attestatsiya materiallari (insho mavzulari, matematika bo‘yicha topshiriqlar, og‘zaki imtihon biletlari, test topshiriqlari) O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi Respublika ta’lim markazi tomonidan tayyorlanib, ekspertizadan o‘tkazilib tasdiqlanadi. Test materiallarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi vakillari qatnashishi mumkin.
       Fanlarni chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarda pedagogik kengashning qarori bilan ushbu fandan qo‘shimcha yakuniy attestatsiya kiritilishi mumkin. Imtihon biletlari, test topshiriqlari maktab metodik birlashmalari tomonidan tayyorlanadi va maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi.
       8. Maktab bitiruvchilarining yakuniy attestatsiyasini shu maktab pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlangan yakuniy attestatsiya komissiyasi muvofiqlashtiradi.
       9. Yakuniy attestatsiyani tashkil etish va o‘tkazish uchun barcha javobgarlik maktab yakuniy attestatsiya komissiya raisi zimmasida bo‘ladi.
       10. Yakuniy attestatsiya o‘tkaziladigan har bir fandan maktab direktorining buyrug‘i bilan yakuniy davlat attestatsiya komissiyasi (keyingi o‘rinlarda yakuniy attestatsiya komissiyasi deb yuritiladi) quyidagi tarkibda tayinlanadi:
       o‘quv fani bo‘yicha yakuniy attestatsiya komissiyasi raisi — maktab direktori, uning o‘rinbosari yoki maktab o‘qituvchisi;
       sinfda mazkur fandan dars bergan o‘qituvchi;
       mazkur fan yoki ushbu fanga yaqin fan o‘qituvchilaridan iborat bitta (XI-sinf­larda ikkita) assistent.
       Fan bo‘yicha yakuniy attestatsiyani tashkil etish va o‘tkazish uchun barcha javobgarlik ushbu komissiya raisi zimmasiga yuklatiladi.
       Yakuniy attestatsiya o‘tkaziladigan fandan dars bergan o‘qituvchi shu sinfga yakuniy attestatsiya komissiyasining raisi bo‘lishi mumkin emas.
       Yakuniy attestatsiyada vasiylik kengashi, fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ota-onalar qo‘mitasi vakillari jamoatchilik asosida kuzatuvchi sifatida qatnashishlari mumkin.
       11. Xalq ta’limi vazirligi va joylardagi ta’limni boshqarish idoralari mazkur Nizom talablarining bajarilishini nazorat qiladi. Bu jarayonda O‘zbekis­ton Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi vakillari ishtirok etishlari mumkin.
       12. O‘quv fani bo‘yicha yakuniy attestatsiya komissiyasi a’zolarining vazifalari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.
       13. Yakuniy attestatsiya maktab direktori tomonidan tasdiqlangan jadval asosida o‘tkaziladi. Jadval yakuniy attestatsiya boshlanishidan kamida 10 kun oldin ko‘rinadigan joyga osib qo‘yiladi.
Yakuniy attestatsiya jadvalini tuzishda quyidagilarga e’tibor beriladi:
       o‘quv fanlari bo‘yicha o‘tkaziladigan yakuniy attestatsiya oralig‘i ikki kundan kam bo‘lmasligi kerak;
       jismoniy tarbiya fanidan avval amaliy, keyin nazariy yakuniy attestatsiya o‘tkaziladi.
       14. Yakuniy attestatsiya uchun maktabda keng va yorug‘ xonalar ajratiladi.
       Yozma yakuniy attestatsiya vaqtida bitiruvchilar partalar (stollar)ga bittadan o‘tqaziladi.
       15. Barcha maktablarda yakuniy attestatsiya ertalab soat 8.00 dan boshlanadi.
Og‘zaki yakuniy attestatsiyadan o‘tishda bitiruvchilarning soni 20 nafardan ortiq bo‘lsa, yakuniy attestatsiya ikki guruhda ketma-ket bir kunda o‘tkazilishi mumkin.
       16. O‘quvchilarga yozma va og‘zaki yakuniy attestatsiyada foydalanish uchun maktab shtampi tushirilgan toza varaqlar beriladi.
       17. Ona tili va adabiyot fanidan o‘tkaziladigan bayon yoki insho mavzulari hamda matematikadan topshiriqlarni tanlash, yakuniy attestatsiya boshlanishidan oldin, barchaning ishtirokida topshiriq raqami solingan konvertni tanlab olish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Insho yoki bayon mavzusi va matematikadan topshiriqlar sinf doskasiga aniq, tushunarli holda yozib qo‘yiladi (topshiriqlar har bir o‘quvchiga alohida variant sifatida berilmagan hollarda).
       18. Ona tili va adabiyot fanidan yakuniy attestatsiyada insho yozish davrida bitiruvchilarga yakuniy attestatsiya komissiyasining roziligi bilan o‘z insholariga kiritiladigan parchalarni, ayrim matnlarni aniqlab olishlari uchun badiiy adabiyotlardan foydalanishlariga ruxsat etiladi. Mavzu mazmunini talqin etuvchi manbalardan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
Boshqa fanlardan yakuniy attestatsiya o‘tkaziladigan paytida bitiruvchilar xarita, globus, turli jadvallar, chizmalar, mulyaj, gerbariylar, preparatlar, laboratoriya asbob-uskunalari va boshqa vositalardan foydalanishlariga ruxsat beriladi.
       19. Yozma ishlarni bajarish paytida bitiruvchilar ehtiyoj tufayli 5 — 10 daqiqaga sinfdan tashqariga chiqishlariga ruxsat beriladi. Bunday hollarda bitiruvchi yozma ishini yakuniy attestatsiya komissiyasi a’zolariga topshirib ketadi. Yakuniy attestatsiya komissiyasi a’zolari tomonidan esa yozma ishga bitiruvchining qancha muddatda sinfdan tashqarida bo‘lganligi belgilab qo‘yiladi.
       20. Bitiruvchi o‘z ishining xomaki nusxasini yozma ish bilan birga yakuniy attestatsiya komissiyasiga topshiradi. Belgilangan vaqtda yozma ishni tugallay olmagan bitiruvchilar uni tugatmagan holda topshiradilar.
       21. Yakuniy attestatsiya tugaganidan so‘ng yozma ishlar yakuniy attestatsiya komissiyasi raisi tomonidan shifrlanadi va komissiya a’zolari ularni maktabdan chiqmagan holda tekshiradilar. Tekshirib ulgurilmagan yozma ishlar saqlash uchun maktab direktoriga topshiriladi.
       Bitiruvchilarning «2» va «5» bilan baholangan insholari, bayonlari, matematika bo‘yicha yozma ishlariga imtihon komissiyasi a’zolari tomonidan taqriz yoziladi.
       22. Bitiruvchi tomonidan yozilgan bayon yoki insho uchun ikkita baho qo‘yiladi:
       birinchisi (suratda) adabiyotdan mavzu mazmuni uchun;
       ikkinchisi (maxrajida) ona tilidan savodxonligi uchun.
       Ushbu baholar adabiyot va ona tili fanlariga yakuniy attestatsiya bahosi sifatida qo‘yiladi hamda shu fanlardan yakuniy baho chiqarishda asos bo‘ladi.
       23. Yozma ishlarning baholari navbatdagi yakuniy attestatsiya o‘tkaziladigan kunga qadar e’lon qilinadi.
       24. Maktabni «a’lo» darajali shahodatnoma bilan bitirishga da’vogarlik qilayotgan bitiruvchilarning yozma ishlarini imtihon komissiyasi a’zolari yakuniy attestatsiya yakunlangan kun davomida tekshirib, baholaydilar.
       25. Maktabning IX-sinf bitiruvchilariga ona tilidan inshoga 4 astronomik soat (bayonga 3 astronomik soat), matematikadan yozma ishga 3 astronomik soat, XI sinf bitiruvchilariga insho va matematikadan yozma ish uchun 4 astronomik soatdan, test-sinov topshiriqlari berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ularni bajarishga beriladigan vaqt ijtimoiy-gumanitar fanlar uchun har bir test savoliga 2 daqiqa, aniq fanlar uchun 3 daqiqa ajratiladi.
       Bitiruvchilarga og‘zaki yakuniy attestatsiyada olgan topshiriqlari bo‘yicha tayyorlanish uchun 15 — 20 daqiqa vaqt beriladi.
       26. Yakuniy attestatsiya komissiyasi a’zolari bitiruvchi o‘quvchining javoblarini diqqat bilan bo‘lmasdan tinglaydilar. Bitiruvchiga biletda qo‘yilgan topshiriqlar doirasida qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Bilet savoliga javob bera olmagan bitiruvchiga yakuniy attestatsiya komissiyasi tomonidan ikkinchi marta bilet olishga ruxsat beriladi. Ikkinchi marta bilet olgan bitiruvchiga qanday baho qo‘yishni uning bergan javobiga ko‘ra komissiya a’zolari hal etadi. Bitiruvchiga uchinchi marta bilet olishga ruxsat berilmaydi va unga yakuniy attestatsiyaning bahosi sifatida «qoniqarsiz» baho qo‘yiladi.
       27. Bitiruvchilarning og‘zaki yakuniy attestatsiyada olgan baholari shu sinfda yakuniy attestatsiya yakunlanishi bilanoq ularga ma’lum qilinadi.
       28. Bitiruvchi og‘zaki yoki yozma yakuniy attestatsiyani topshirish jarayonida belgilangan tartibni buzgan taqdirda, u yakuniy attestatsiyani davom ettirish huquqidan mahrum qilinadi. Bitiruvchi yakuniy attestatsiyani davom ettirish huquqidan mahrum qilinganda yakuniy attestatsiya komissiyasi tomonidan bu haqda yakuniy attestatsiya bayonnomasiga yozib qo‘yiladi.
       Maktab pedagogik kengashining qarori asosida unga yakuniy attestatsiya tugagan kundan keyin ikki hafta o‘tgach mazkur fandan qayta yakuniy attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilishi mumkin.
       29. Har bir fan bo‘yicha og‘zaki yoki yozma yakuniy attestatsiya o‘tkazilgach, yakuniy attestatsiya komissiyasi barcha bitiruvchilarga yillik va yakuniy attestatsiya baholari asosida yakuniy baholarni qo‘yadilar. Bunda, bitiruvchining yillik va yakuniy attestatsiya bahosining o‘rtachasi olinib yaxlitlanadi. Yakuniy attestatsiyada «qoniqarsiz» baho olgan bitiruvchiga «qoniqarli» yakuniy baho qo‘yilmaydi.
Yakuniy attestatsiya komissiyasi bitiruvchilarning baholarini yakuniy attestatsiya bayonnomasiga kiritadi. Yakuniy attestatsiya bayonnomasi ushbu fan bo‘yicha belgilangan yakuniy attestatsiya komissiyasi a’zolari tomonidan imzolanadi.
       30. Bitiruvchilarga yozma yoki og‘zaki yakuniy attestatsiya bo‘yicha baho qo‘yish yakuniy attestatsiya komissiyasi a’zolari o‘rtasida ovozga qo‘yish asosida hal etiladi.
Ovozlar teng bo‘lgan hollarda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Yakuniy attestatsiya komissiyasi a’zolarining alohida fikrlari yakuniy attestatsiya bayonnomasiga kiritiladi.
       31. Tibbiy muassasalarda davolangan bitiruvchi sinf o‘quvchilariga yakuniy baho qo‘yishda shifoxona qoshida tashkil etilgan maktab tomonidan qo‘yilgan baholar inobatga olinadi.
       32. Yakuniy attestatsiyada olgan bahosiga e’tiroz bildirgan bitiruvchilarning arizalarini ko‘rib chiqish uchun tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarida appelyatsiya komissiyalari tuziladi.
       Yakuniy attestatsiya komissiyasi tomonidan tekshirilgan yozma ish bilan tanishish muddati va tartibi hamda appelyatsiya komissiyaning ish muddati va tartibi, uning tarkibi hamda vakolatlari tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan buyruq bilan rasmiylashtiriladi va bitiruvchilar, ularning ota-onalari, o‘qituvchilar va maktab direktorlari e’tiboriga yakuniy attestatsiya boshlanishidan kamida ikki hafta oldin yetkaziladi.
       33. Yakuniy attestatsiyada olgan bahosidan e’tirozi bo‘lgan bitiruvchilar yakuniy attestatsiya baholari e’lon qilingan kundan e’tiboran uch kun muddat ichida tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari qoshida tashkil etilgan appelyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga egadirlar.
       34. Chet ellarda vaqtincha bilim olgan (ota-onasi xorijdagi diplomatik korpuslarda ishlayotgan, turli tanlovlar yoki chet mamlakatlarning grantlari hisobiga ta’lim olgan) bitiruvchi o‘quvchilarni yakuniy attestatsiyaga qo‘yish masalasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
       Bitiruvchi o‘qigan mamlakatda umumiy o‘rta va o‘rta ta’limni tugatganligi to‘g‘risida hujjat (shahodatnoma, sertifikat va h. k.) olgan bo‘lsa, uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmalarida tashkil etilgan komissiya xulosasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadr­lar va ta’lim muassasalari yakuniy attestatsiyasi boshqarmasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilinadi.
       Bitiruvchiga chet mamlakatlarda berilgan hujjat O‘zbekiston Respublikasida beriladigan shahodatnoma o‘rnini bosa olmasa, ya’ni o‘quvchi ma’lum bir fanlar yo‘nalishidagina ta’lim olib kelgan bo‘lsa, u umumiy tartibda yakuniy attestatsiyaga kiritiladi. Bunday hollarda o‘quvchi o‘ziga berilgan hujjatda ko‘rsatilgan fanlardan boshqa barcha fanlar bo‘yicha yakuniy attestatsiyadan o‘tkaziladi.
       O‘quvchiga yakuniy bahoni qo‘yishda uning avvalgi sinflarda olgan baholari ham inobatga olinadi.
       35. Bir yoki ikki fandan o‘tkazilgan yakuniy attestatsiyada qoniqarsiz baho olgan bitiruvchilarga oxirgi yakuniy attestatsiyadan keyin ikki hafta o‘tgach qoniqarsiz baho olgan fanidan qayta yakuniy attestatsiyadan o‘tish huquqi beriladi.
       36. Yillik baho va yakuniy attestatsiya natijalariga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim davlat ta’lim standartlari talablarini bajarmay, «qoniqarsiz» baho olgan IX-sinf bitiruvchilari shu sinfda qayta o‘qishga qoldiriladi, XI sinf bitiruvchilariga esa bunday hollarda o‘qiganligi haqida ma’lumotnoma beriladi.
 
III. Bitiruvchilarni yakuniy attestatsiyadan ozod etish
 
       37. Fanlarni ijobiy o‘zlashtirayotgan bitiruvchilar yakuniy attestatsiyadan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari buyruqlari asosida quyidagi hollarda qisman yoki butunlay ozod etiladilar:
       O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash va Xalq ta’limi vazirliklari tomonidan tasdiqlangan yakuniy attestatsiyadan ozod qilish mumkin bo‘lgan kasalliklarga asosan;
xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida, turli ko‘rik-tanlovlarida bitiruvchilarning ishtiroki bevosita yakuniy attestatsiya davriga to‘g‘ri kelsa. Bunda bitiruvchi shu kunlardagi yakuniy attestatsiyadan ozod etiladi.
       38. Bitiruvchi yillik ijobiy baholarga ega bo‘lgan holda sog‘lig‘i tufayli yakuniy attestatsiyadan ozod etilgan taqdirda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari quyidagi hujjatlarga asoslangan holda buyruq qabul qiladi:
       maktab joylashgan hududdagi davolanish muassasasi tibbiy-nazorat komissiya­sining maktab shifokori, qishloq joylarda esa tuman bosh pediatri bilan kelishgan holdagi tibbiy xulosalari;
       maktab pedagogika kengashining qarori va direktorning rasmiy xati, o‘zlashtirish tabeli (ushbu ko‘rsatilgan hujjatlar direktor imzosi va maktab muhri bilan tasdiqlanadi).
       XI-sinf bitiruvchilari yuqorida aks ettirilgan sabablar va hujjatlar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi buyruqlari asosida yakuniy attestatsiyadan qisman yoki butunlay ozod etiladilar.
       39. Bitiruvchilarning yashash joyi o‘zgarishi (Respublikadan tashqariga chiqish) munosabati bilan shu holatni tasdiqlovchi rasmiy hujjatlari bo‘lsa, (bu holat mart-aprel-may oylarida yuzaga kelsa) bunday bitiruvchilarga yakuniy attestatsiyadan muddatidan ilgari o‘tishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasining buyrug‘i bilan ruxsat beriladi.
       Bunday hollarda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan fanlardan yakuniy attestatsiya, qolgan fanlardan esa sinovlar mazkur nizom talablari asosida o‘tkaziladi. Yakuniy attestatsiya va sinovlar maktab direktori tuzgan muvaqqat yakuniy attestatsiya komissiyasi tomonidan va u tasdiqlagan jadval asosida o‘tkaziladi.
       40. Yakuniy attestatsiya davrida kasal bo‘lgan va yakuniy attestatsiya jarayoni tugashigacha tuzalib kelgan bitiruvchilar maktab direktorining buyrug‘iga ko‘ra qoldirilgan fanlardan yakuniy attestatsiya tugagandan so‘ng ikki hafta o‘tgach yakuniy attestatsiyadan o‘tadilar.
       O‘quvchilarning salomatligi bo‘yicha jismoniy tarbiya mashg‘ulotlaridan ozod etilishlari, ularning maktabni bitirishlariga ta’sir ko‘rsatmaydi.
 
IV. Yakuniy qoidalar
 
       41. Mazkur Nizom talablarini buzgan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilgan javobgarlik choralari qo‘llaniladi.
       42. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan kelishilgan
 
 
       Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori                                                 B. ISMOILOV
 
       Toshkent sh., 2008 yil 29 fevral
 
 
  © Copyright 2010 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.aci.uz    www.ziyonet.uz