Xalq ta’lim vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining
2008 yil 4 martdagi 6, 56/1, 09/QQ-son qarori bilan tasdiqlangan
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga o‘qishga qamrab olish tartibi to‘g‘risida
VAQTINCHALIK NIZOM
Mazkur Vaqtinchalik nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 29 oktabridagi «Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limiga izchil o‘tishni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 473-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami 2003 yil 20-son, 199-modda) muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilarini (bundan keyingi o‘rinlarda bitiruvchilar deb yuritiladi) ularning o‘zlari va ota-onalari (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) tomonidan ixtiyoriy ravishda tanlangan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish tartibini belgilaydi.
Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qabul qilish ushbu Nizom va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
I. Bitiruvchilarning hujjatlarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga topshirish hamda qabul qilishni tashkil etish
1. Xalq ta’limi tizimida o‘tkazilgan tashxis natijalariga muvofiq, bitiruvchilarning o‘zlari va ota-onalari (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) tomonidan tanlangan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) bo‘yicha akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘qishni davom ettirishlari to‘g‘risidagi arizalari asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari tomonidan hujjatlar yig‘ma jildi shakllantiriladi.
2. Joylarda o‘n ikki yillik majburiy ta’lim tizimiga to‘liq o‘tish masalalarini hal etish, bitiruvchilar va ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va mehnat bozorida talab etilayotgan mutaxassisliklar (kasblar) to‘g‘risida aniq ma’lumotga ega bo‘lishlarini ta’minlash hamda ular uchun barcha qulayliklar yaratish maqsadida har bir tuman (shahar) hokimligi qoshida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi maslahat markazi (shtabi) tashkil etiladi. Ushbu maslahat markazlariga joylardagi manfaatdor idora va jamoat tashkilotlari vakillari jalb etiladi.
3. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari bitiruvchilarning to‘liq hujjatlar yig‘ma jildini bitiruvchi hamda ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning bevosita ishtirokida tegishli akademik litsey va kasb-hunar kollejlari direktorlariga topshiradilar. Umumiy o‘rta ta’lim maktabi va o‘rta maxsus, kasb-xunar ta’limi muassasalari direktorlari o‘rtasida topshirish-qabul qilish dalolatnomasi tuziladi va to‘rt nusxada rasmiylashtiriladi.
4. Dalolatnomaning nusxalari o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va xalq ta’limi boshqarmalarida, umumiy o‘rta ta’lim maktabi, akademik litsey yoki kasb-hunar kollejlari direktorlarida saqlanadi. Hujjatlar yig‘ma jildini bitiruvchi yoki uning ota-onasiga berib yuborish man etiladi.
5. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining o‘z hududlaridagi bitiruvchilarni muayyan ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklar) bo‘yicha qamrab olish imkoniyatlari doirasida o‘qish istagini bildirgan bitiruvchilar arizalariga ko‘ra akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari safiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qamrab olinadi.
6. Xalqaro, O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar bosqichidagi fan olimpiadalari, tanlov va musobaqa g‘oliblari (yo‘nalishlariga ko‘ra), a’lo darajadagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bo‘lgan, I va II-guruh nogironlari, ota-onasining qarovisiz qolgan va chin yetim bitiruvchilar ta’lim muassasasi imkoniyatlari doirasida imtiyozli ravishda qamrab olinadi.
7. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining qamrab olish imkoniyatidan ortiq bitiruvchilar o‘qish istagini bildirgan holatlar quyidagicha tartibga solinadi:
a) shahodatnomaning o‘rtacha bali bo‘yicha, ushbu ballar teng bo‘lib qolgan hollarda tanlagan akademik litsey va kasb-hunar kolleji ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha bitiruvchining tegishli fanlardan (mazkur bandning «b» kichik bandida belgilangan fanlardan) olgan ballar yig‘indisi bo‘yicha;
b) ta’lim muassasalarining ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha quyidagi fanlardan to‘plagan ballar yig‘indisi hisobga olinadi:
akademik litseylarning — aniq fanlar, kasb-hunar kollejlarining — ta’lim, fan hamda muhandislik, ishlov berish va qurilish tarmoqlari: matematika, fizika, ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), tarix;
akademik litseylarning — ijtimoiy gumanitar fanlar hamda madaniyat va san’at, kasb-hunar kollejlarining — ijtimoiy fanlar, biznes va huquq hamda gumanitar fanlar va san’at: tarix, ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), matematika;
akademik litseylarning — tabiiy fanlar, kasb-hunar kollejlarining — qishloq va suv xo‘jaligi hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot: kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), tarix, matematika;
akademik litseylarning — xorijiy filologiya, kasb-hunar kollejlarining — xizmatlar: umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qigan chet tili, ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), matematika, tarix.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining tegishli ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha shu yo‘nalishdagi boshlang‘ich maxsus ma’lumotga ega bo‘lganlar ustunlikga ega bo‘ladilar.
8. Imkoniyatlari cheklangan bitiruvchilar O‘zbekiston Respublikasining ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlariga ta’lim oluvchi imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun mutaxassisliklar va kasblar ro‘yxatiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalari qoshidagi tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyaning xulosa va tavsiyasi hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmalarining, tuman (shahar) ijtimoiy ta’minot bo‘limlarining yo‘llanmalari asosida qamrab olinadi.
9. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan quyidagi hollarda masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinadi:
a) ta’lim muassasasiga bitiruvchilar va ularning ota-onalari (yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar)dan kelib tushgan arizalar soni ta’lim muassasasining qamrab olish imkoniyatlaridan ortiq bo‘lganda;
b) o‘quvchilar turar joyi bo‘lmagan ta’lim muassasasiga boshqa hududlardan bitiruvchilar kelganda, shuningdek, ularning soni ta’lim muassasasining o‘quvchilar turar joyidagi o‘rinlar sonidan ko‘p bo‘lganda;
c) bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish jarayonida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida nizoli hollar vujudga kelganda.
10. Ushbu Nizomning 7-bandida keltirilgan holatlar bo‘yicha qamrab olinmagan bitiruvchilarning hujjatlari, ularning o‘zlari va ota-onalari (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning bevosita ishtirokida hududiy O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tomonidan qamrab olish imkoniyati mavjud bo‘lgan boshqa o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalariga o‘tkaziladi.
Bu borada o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari direktorlari tomonidan hujjatlarni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi tuziladi va to‘rt nusxada rasmiylashtiriladi. Nusxalari o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hamda xalq ta’limi hududiy boshqarmalariga taqdim etiladi.
11. Hududiy o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hamda xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari barcha ma’lumotlarni umumlashtirib, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markaziga yozma axborot beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bitiruvchilar akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olinganligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga hisobot beradi.
12. Bitiruvchilarning akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan nazorat qilinadi.
13. Bitiruvchilarning hujjatlari akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga to‘liq va o‘z vaqtida topshirilishiga umumiy o‘rta ta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari direktorlari shaxsan javobgardir.
II. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olishni rasmiylashtirish
14. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish yakuniga ko‘ra 10 kun muddatda ularni o‘quvchilar safiga rasmiylashtirish o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari direktorlari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
15. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qabul qilish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
III. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘qitish bilan qamrab olishni nazorat qilish
16. Majburiy o‘qishni davom ettirish uchun bitiruvchilarga to‘sqinlik qilayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining mansabdor shaxslari, shuningdek o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning qonuniy vakillari O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
IV. Yakuniy qoidalar
17. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2008 yil 7 martdagi majlisi 1-son bayoni bilan ma’qullangan.
18. Mazkur Vaqtinchalik nizom 2010 yil 1 yanvargacha amal qilinadi.
Madaniyat va sport ishlari vaziri R. QURBONOV
Toshkent sh., 2008 yil 3 mart
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi T. QO‘ZIYEV
Toshkent sh., 2008 yil 3 mart