XX asrning so’nggi 10-15 yili mobaynida sayyoramizda Jahonshumul ahamiyatga molik bir qator ijtimoiy-siyosiy voqea va hodisalar yuz berdi. Kuchli mafkura va harbiy qudratga tayangan «sotsializm» tuzumining barham topishi bu boradagi eng muhim va ahamiyatli voqeadir. Buning natijasida deyarli 70 yil davomida mavjud bo’lgan ikki tuzumli dunyo o’z o’rnini bir tuzumli dunyoga berdi; «sovuq urush» xavfi ko’p jihatdan bartaraf etildi; nihoyat, «temir parda» ko’tarildi. Buning oqibatida dunyoda tamomila o’zgacha yangi geosiyosiy vaziyat shakllandiki, u jahon hamjamiyatida tub o’zgarishlarga sabab bo’ldi.