O'zbekcha                    English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

!







 11. Internet Tarmogi Va Uning Xizmatlari
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

7-BOB. INTERNET VA ELEKTRON POCHTA
 
11.1. Kompyuter tarmoqlari
 
Kompyuter tarmog'i bitta kompyuterni ikkinchisi bilan o'zaro bog'lash va ma'lumot uzatish uchun mo'ljallangan. Kompyuter tarmoqlari ulardagi kompyuterlar joylashuvi va bog'lanish usuli bo'yicha mahalliy va global turlarga bo'linadi.
 
Mahalliy kompyuter tarmog'ida kompyuterlar bitta xona; yonma-yon xonalar, qavatlar yoki binolarda joylashgan bo'ladi. Odatda ularni o'zaro bog'lash uchun tarmoq kabelidan foydalaniladi.
 
Tarmoq kabelining bir qator turlari mavjud, masalan: juftlik, koaksial va shisha tolali. 
Tarmoqdagi kompyuterlarning o'zaro ulanish tuzilmasi tarmoq topologiyasi deyiladi.
Tarmoq topologiyasining quyidagi turlari mavjud:
     - Umumiy bog'lam;
     - Aylana;
     - Yulduzsimon.
  
Tarmoqdagi kompyuterlarning o'zaro ulanish usuli, ma'lumot almashish asoslarini belgilovchi vosita bu tarmoq texnologiyasidir. Tarmoq texnologiyasi tarmoqdagi kompyuterlar ma'lumot almashish uslubi, kompyuterlar maksimal soni, ular o'rtasida masofa, tarmoq kabeli va anjom-uskunalarini belgilaydi. Tarmoq texnologiyalarining asosiy turlari:
     - Ethernet;
     - Arc Net;
     - Token Ring;
     - Fast Ethernet;
     - Gigabit Ethernet;
     - FDDI;
     - 100VG Any-LAN.
 
Kompyuterni tarmoqqa ulash uchun unda maxsus qurilma - tarmoq adapteri mavjud bo'lishi shart. U sistema blokining asosiy platasi tarkibiga kiritilgan yoki uning bo'sh uyalarining biriga o'rnatilgan bo'lishi mumkin.
Tarmoqdagi kompyuterlar o'zaro muloqotda bo'lishi va ma'lumot almashishi uchun maxsus vosita - tarmoq protokoli ishlab chiqilgan. Tarmoq protokoli kompyuterlar o'zaro bog'lanish va muloqotda bo'lish tartib qoidasini belgilab, o'zaro ma'lumot almashishi kerak bo'lgan kompyuterlar bir xil tarmoq protokolidan foydalanishi lozim. Tarmoq protokolining quyidagi asosiy turlari mavjud:
     - NetBEUI;
     - IPX/SPX;
     - TCP/IP;
     - POP3;
     - SMTP.
Yuqorida ko'rsatilgan tarmoq protokollaridan TCP/IP dan keng foydalaniladi, chunki undan nafaqat mahalliy, balki global tarmoqda ham foydalanish mumkin.
Global tarmoqda kompyuter orasidagi masofa uzoq bo'lib, ular o'zaro ma'lumot almashishi uchun mavjud telefon tarmoqlari, maxsus tarmoq magistrallari, sun'iy yo'ldosh aloqasi qo'llaniladi.
 
Global tarmoqlarning eng ommabop va mashhuri bu Internet tarmog'idir.
Kompyuterni global tarmoqqa ulash uchun unga maxsus qurilma - modem (modulyator-demodulyator) o'rnatilishi shart. Modem telefon tarmog'i orqali Internet provayderiga ulanib, Internet kabi global tarmoqda ishlash imkonini yaratadi. Modemlarning quyidagi asosiy turlari mavjud:
     - Ichki modem (Internal Modem) kompyuterning asosiy platasida joylashgan.
     - Tashqi modem (External Modem) alohida qurilma bo'lib, kabel yordamida kompyuterga ulanadi.
     - Ixcham kompyuter modemi (PCM/PCMCIA) alohida plata ko'rinishida bo'lib, asosiy plataning ichki yoki tashqi bo'sh uyasiga o'rnatiladi.
 
Internet va intranet
 
Internet - bu avvaldan qabul qilingan kelushuvlar asosida faoliyat ko'rsatuvchi jahon global kompyuter tarmog’idir. Uning nomi "tarmoqlararo" degan ma'noni anglatadi. U mahalliy (lokal), mintaqaviy va global kompyuter tarmoqlarini birlashtiruvchi axborot tizimi bo'lib, o'zining alohida axborot maydoniga ega bo'lgan virtual (hayoliy, faqat kompyuter xotirasida mavjud bo'lgan) to'plamdan tashkil topadi.
 
Internet unga ulangan barcha kompyuterlarning o'zaro ma'lumotlar almashish imkoniyatini yaratib beradi. O'zining kompyuteri orqali internetning hap bir mijozi boshqa shahar yoki mamlakatga axborot uzatishi mumkin. Masalan, Toshkentdagi Navoiy kutubxonasi katalogini ko'rib chiqishi, Amir Temur muzeyining oxirgi ko'rgazmasiga qo'yilgan eksponatlar bilan tanishishi, xalqaro anjumanlarda ishtirok etishi, bank muomalalarini amalga oshirishi va hatto boshqa mamlakatlarda istiqomat qiluvchi tarmoq mijozlari bilan shaxmat o'ynashi mumkin.
 
Internet XX asrning eng buyuk kashfiyotlaridan biri hisoblanadi. Ushbu kashfiyot tufayli butun jahon bo'ylab yoyilib ketgan yuz millionlab kompyuterlarni yagona axborot muhitiga biriktirish imkoniyati tug’ildi.
 
Foydalanuvchi nuqtai-nazaridan tahlil kiladigan bo'lsak, internet, birinchi navbatda, tarmoq mijozlariga o'zaro ma'lumotlar almashish, virtual muloqot qilish imkonini yaratib beruvchi axborot magistrali vazifasini o'taydi, ikkinchidan esa, unda mavjud bo'lgan ma'lumotlar bazasi majmuasi dunyo bilimlar omborini tashkil etadi. Bundan tashqari, internet bugungi kunda dunyo bozorini o'rganishda, marketing ishlarini tashkil etishda zamonaviy biznesning muhim vositalaridan biriga aylanib bormoqda. Internet o'zini o'zi shakllantiruvchi va boshqaruvchi murakkab tizim bo'lib, asosan uchta tarkibiy qismdan tashkil topgandir:
     - texnik;
     - dasturiy;
     - axborot.
Internetning texnik tarkibiy qismi har xil turdagi kompyuterlar, aloqa kanallari (telefon, sputnik, shisha tolali va boshqa turdagi tarmoq kanallari) hamda tarmoq texnik vositalaridan tashkil topgandir. Internetning ushbu texnik vositalarining barchasi doimiy va vaqtinchalik asosda faoliyat ko'rsatishi mumkin. Ulardan ixtiyoriy birining vaqtinchalik ishdan chiqishi Internet tarmog'ining umumiy faoliyatiga aslo ta'sir etmaydi.
 
Internetning dasturiy ta'minoti (tarkibiy qismi) tarmoqqa ulangan xilma-xil kompyuterlar va tarmoq vositalarini yagona standart asosida (yagona tilda) muloqot qilish, ma'lumotlarni ixtiyoriy aloqa kanali yordamida uzatish darajasida qayta ishlash, axborotlarni qidirib topish va saqlash hamda tarmoqda axborot xavfsizlikni ta'minlash kabi muhim vazifalarni amalga oshiruvchi dasturlar majmuasidan iboratdir.
 
Internetning axborot tarkibiy qismi Internet tarmog'ida mavjud bo'lgan turli elektron hujjat, grafik rasm, audio yozuv, video tasvir va hokazo ko'rinishdagi axborotlar majmuasidan tashkil topgandir. Ushbu tarkibiy qismning muhim xususiyatlaridan biri, u butun tarmoq bo'ylab taqsimlanishi mumkin. Masalan, kompyuteringizda o'qiyotgan elektron darsligingizning matni bir manbadan, rasmlari va tovushi ikkinchi manbadan, videotasvir va izohlari esa uchinchi manbadan olinishi mumkin. Shunday qilib, tarmoqdagi elektron hujjatni o'zaro moslashuvchan "giper-bog'lanishlar" orqali bir necha manbalar majmuasi ko'rinishida tashkil etish mumkin ekan.
 
Natijada millionlab o'zaro borlangan elektron hujjatlar majmuasidan tashkil topgan axborot muhiti hosil bo'ladi.
 
IP va URL manzillar tushunchasi
Bir qarashda internetning texnik tarkibiy qismi bilan axborot tarkibi o'zaro o'xshashdek tuyuladi. Chunki ikkala holda ham biz "birni ko'plikka" usulda tashkil etilgan ob'ektlar bog'lanishiga duch kelamiz. Aslida bunday emas. Texnik nuqtai-nazardan internetda mavjud bo'lgan ixtiyoriy kompyuter ko'plab (millionlab) kompyuterlar bilan bog'langan bo'ladi. Bunday bog'lanish tarmoq (Net) deb ataladi. Axborot nuqtai-nazardan internetda e'lon qilingan har bir elektron hujjat, tarmoqdagi bir nechta hujjatlar bilan o'zaro bog'lanishda bo'lishi mumkin. Bu holdagi axborot bog’lanishi to'r (Web) nomini olgan.
 
Shunday qilib, tarmoq (Net) haqida so'z yuritilganda o'zaro bog’langan kompyuterlar majmuasi tushunilsa, to'r (Web) haqida so'z yuritilganda esa yagona axborot muhitini tashkil etuvchi elektron hujjatlar majmuasi tushuniladi.
 
Amaliyotda internetning real, fizik bog’lanishlar orqali tashkil topgan tarmog'idagi kompyuterlar bilan virtual axborot fazosini tashkil etuvchi elektron hujjatlari har xil manzillar yordamida ifodalaniladi. Internet tarkibiga kirgan har bir kompyuter to'rt qismdan tashkil topgan o'z manziliga ega, masalan: 142.26.137.07. Ushbu manzil IP (Internet Protocol) - manzil deb ataladi. Internetga doimiy ulangan kompyuterlar o'zgarmas IP-manzilga ega bo'ladi. Agar kompyuter foydalanuvchisi internetga faqat vaqtinchalik ishlash uchun ulanadigan bo'lsa, u holda ushbu kompyuter vaqtinchalik IP-manzilga ega bo'ladi. Bunday IP-manzil dinamik IP-manzil deb ataladi.
 
Tarmoqda mavjud bo'lgan ixtiyoriy kompyuter IR-manzilini bilgan holda, unga har xil ko'rinishdagi so'rovlar bilan murojaat qilishi mumkin bo'ladi. Bu so'rovlar o'sha kompyuterda saqlanayotgan elektron hujjatlar, ma'lumotlar bazasi yoki bo'lmasa undagi biror bir dasturni ishlatishga, o'sha kompyuter tarkibiga kirgan texnik resurslar imkoniyatidan foydalanishga oid bo'lishi mumkin va hokazo.
 
Internet axborot muhitini tashkil etuvchi elektron hujjatlarning har biri kompyuterlarning IR-manzillaridan boshqa o'zlarining takrorlanmas, unikal manzillariga ega. Bu manzil URL (Uniform Resource Locator) - manzil deb ataladi. Masalan, O'zbekiston Respublikasi hukumatining pacmiy axborotlari, Oliy majlis qarorlari haqida ma'lumot 6eruvchi elektron sahifa manzili www.gov.uz.
 
Agar Internet tarmog'ida biror bir hujjat e'lon qilingan bo'lsa, u yagona takrorlanmas URL manzilga ega. Kompyuterda bir nom bilan diskning bir joyida ikkita fayl mavjud bo'lmaganidek, internetda ham ikki elektron hujjat bir xil URL-manzilga ega bo'la olmaydi.
 
11.2. Internet tarmog'ining mashhur va ommabop xizmatlari
Internet xizmat turlari
Internet, avvalambor, uning foydalanuvchilariga axborot xizmati ko'rsatish uchun yaratilgandir.
Umuman olganda, internet xizmat turlari nihoyatda ko'p va xilma-xil bo'lib (yangi xizmat turlari kun sayin paydo bo'lib, ba'zilari yo'qolmoqda), ularni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
     - WWW - elektron sahifa xizmati;
     - elektron pochta xizmati;
     - telekonferensiya (Usenet);
     - fayllarni uzatish (FTP);
     - slujba imen domen (DNS) (tarmoq hududlariga nom berish xizmati);
     - Telnet xizmati;
     - IRC - xizmati yoki Chat konferesiya;
     - Ma'lumotlarni izlash xizmati.
 
WORLD WIDE WEB (Jahon axborot tarmog'i)
WWW Internetning eng ommalashgan axborot xizmatlaridan biri sanaladi. Hozirgi vaqtda internet xizmatining 90% ga yaqinini WWW xizmati tashkil etadi. Internetga acoc solingandan boshlab (1969 yil) WWW xizmati tashkil etilgunga qadar, internet sekin rivojlandi va 25 yil davomida bor-yug'i 2 millionga yaqin foydalanuvchiga ega edi, xolos. WWW xizmati tashkil etilgandan so'ng esa (1996 yil) hap yarim yilda internet foydalanuvchilarining soni 1,5 barobarga ortib bordi. Bugungi kunda internet tarmog’ining foydalanuvchilari soni 300 milliondan ortiq.
 
WWW xizmatining asosiy tushunchalari:
     - HTML formati;
     - "Gipermatn" bog’lanish;
     - HTTP "gipermatn" uzatish protokoli;
     - Web hujjatlar;
     - Web uzel va saytlar;
     - Web sahifalarning faol qismlari.
 
HTML formati tushunchasi
Kompyuterda formatlashtirilgan elektron hujjat WYSIWYG (What You See Is What You Get) - "Nimani ko'rayotgan bo'lsang, o'shani olasan" qabilida ishlaydigan matn muharrirlari yordamida yaratiladi.
Masalan, MS Word, Wordpad, Bloknot va boshqalar.
Bunday dasturlar yordamida biz elektron hujjatni xohlagan shriftda, o'lchamda, chap yoki o'ng tomondan tekislangan holda, (ya'ni o'zimizga ma'qul bo'lgan formatda) yaratishimiz mumkin. Ammo biz ushbu elektron hujjatni internet yordamida e'lon qila olmaymiz. Sababi, uni o'qimoqchi bo'lgan boshqa bir internet mijozining kompyuterida biz foydalangan matn muharriri yoki hujjatdagi shriftlar o'rnatilmagan bo'lishi mumkin. Buni oldindan aytib bo'lmaydi. Undan tashqari, ushbu matnni ochishga mo'ljallangan oynaning o'lchamlari haqida hech qanday ma'lumotlarga ega emasmiz. Shuning uchun ham, kompyuterda foydalaniladigan matn muharrirlari va ularning "format"lash usullaridan internetda foydalanib bo'lmaydi.
 
Bunday noqulayliklarning oldini olish maqsadida yangi HTML (Hypertext Mark-Up Language) - gipermatnlarni belgilash tili (standarti) yaratildi. Bir qancha maxsus operatorlar majmuasidan iborat bo'lgan HTML dasturlash tili bo'lib, uning yordamida elektron hujjatlarni internetda bevosita e'lon qilish mumkin.
 
HTTP gipermatn uzatish protokoli
HTTP (Hypertext Transfer Protocol) - gipermatnlarni uzatish protokoli - tarmoq protokollari ichida eng sodda va qulay protokollardan hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi giperbog'lanishdan hosil bo'lgan URL -manzilli elektron hujjatlarni o'qishga oid so'rov (zapros) ni serverga jo'natish (xuddi shu vaqtda so'ralayotgan hujjat joylashgan server bilan aloqa o'rnatiladi) va so'ralayotgan hujjat olib bo'lingandan so'ng server bilan aloqani uzishdan iborat.
 
Web hujjatlar
HTML formatida tayyorlangan elektron hujjat HTML hujjat, Web hujjat yoki Web sahifa deb atalishi mumkin.
Agar elektron hujjatni tayyorlash haqida gap borsa, u holda hujjat HTML hujjat deb ataladi, va ushbu elektron hujjatni internetda e'lon qilish yoki tarqatish haqida borsa, holda bu hujjat Web hujjat deb ataladi. Bordiyu, ushbu hujjatdan foydalanish haqida borsa, u holda bunday elektron hujjat Web sahifa deb ataladi.
 
Web uzel yoki saytlar
Bitta muallif yoki tashkilotga tegishli bo'lgan bir guruh o'zaro giperbog'lanishlar bilan birlashtirilgan Web cahifalar majmuasi Web uzel (tugun) yoki sayt deb ataladi.
 
Web server
Web server tushunchasini ikki xil ma'noda ishlatish mumkin. Agap WWW xizmatini ko'rsatish haqida borsa, u holda Web server tarmoq mijozlariga Web sahifa va saytlardan foydalanish imkoniyatini yaratib beruvchi dastur ma'nosini anglatadi.
 
Agar so'z internetning texnik ta'minoti haqida borsa, u holda Web server Web resurslari saqlanayotgan va uning dasturiy ta'minoti ishlab turgan kompyuter ma'nosini anglatadi.
Internet tarmog'ining ixtiyoriy bir kompyuterida bir nechta server dasturlar ishlab turishi mumkin.
Masalan, Web server dasturi, FTP servis elektron pochta serveri dasturiy ta'minotlari va hokazo.
Bitta Web serverda (kompyuterda) bir qancha tashkilot yoki korxonalarning Web saytlari (uzellari) Web sahifalari joylashishi mumkin.
 
Web sahifaning faol komponentlari
Ma'lumki, Web sahifa tarkibiga HTTP protokoli orqali amalga oshirib bo'lmaydigan alohida ob'ektlarni joylashtirish mumkin.   Agar xuddi shu Web sahifa tarkibiga biriktirilgan ob'ektlar HTTP protokoli kodlaridan farqli dastur bo'lsa, u holda bunday ob'ekt Web sahifalarning faol komponentlari (ob'ektlari) deb ataladi.
Ushbu faol ob'ektlar yordamida Web sahifalarga turli-tuman axborotlarni joylashtirish mumkin.
Masalan animasiya, multiplikasiya va video fragmentlarni joylashtirish yoki mijoz bilan interfaol muloqotni tashkil etish, fizika, ximiya yoki texnikaga oid har xil tajribalarni namoyish etish va hokazo.
 
Web-server bilan ishlash mobaynida Telnetga chetdan ulanishni bajarish, tarmoq mijozlariga elektron pochta yuborish, FTP-anonim yordamida fayllarni olish va Internetning boshqa bir qator ilovalarida (amaliy dasturlar) ish bajarish mumkin. Bu WWW ni internetning integral xizmati deb hisoblashga imkon beradi.
 
Elektron pochta
Elektron pochta (e-mail - electronic mail) oddiy pochta kabi vazifani bajaradi. U bir manzildan ikkinchisiga ma'lumotlarni jo'natilishini ta'minlaydi. Uning asosiy afzalligi, vaqtga bog’liq emasligida. Elektron xatlar jo'natilgan zahotiyoq manzilga boradi va egasi olgunga qadar uning pochta qutisida saqlanadi. Matnli xat, grafikli va tovushli fayllarni, dastur fayllarini o'z ichiga olishi mumkin.
 
Elektron xatlar bir vaqtning o'zida bir necha manzillar bo'yicha jo'natilishi mumkin. Internet foydalanuvchisi elektron pochta orqali tarmoqning turli xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo'ladi, chunki Internetning asosiy xizmat dasturlari bilan umumiy interfeysga ega. Bunday yondoshuvning mohiyati shundaki, xost kompyuterga talab elektron xat ko'rinishida jo'natiladi. Xat matni zarur funksiyalarga kirishni ta'minlovchi standart yozuvlar to'plamidan tuziladi. Bunday axborotni kompyuter farmoish sifatida qabul qiladi va bajaradi.
 
Elektron pochta bilan ishlash uchun bir qator dasturlar yaratilgan, ularni mail umumlashgan nom bilan birlashtirish mumkin. Windows operasion sistemasida elektron pochta bilan ishlashni Microsoft Outlook Express ilovasi ta'minlaydi. Bu dasturlar quyidagi vazifalarni bajaradi:
     - matnni yaratish;
     - xat-xabarlarni (korrespondensiyalarni) o'qish va saqlash;
     - xat-xabarlarni o'chirish;
     - manzilni kiritish;
     - xat-xabarlarni qabul qilish va jo'natish;
     - turli hujjatlarni, jadvallarni, rasmlarni va boshqa fayllarni import qilish (qabul qilish va kerakli formatga o'zgartirish), xatga ilova qilish;  
     - xatlarni mavzusiga qarab ajratish.
 
11.3. Internetga ulanishni tashkil etish
Internet tarmog'ining xizmatlaridan foydalanish uchun albatta unga ulanishni tashkil etish kerak. Ko'pincha operasion sistemalar avtomatik tarzda ulanishni tashkil etadi, lekin ayrim hollarda u yoki bu sabablarga ko'ra bog’lanish o'rnatilmasligi mumkin. Hozirgi kunda eng zamonaviy operasion sistema Microsoft Windows XP hisoblanadi. Biz ushbu operasion sistemada Internetga ulanishning tashkil etilishini ko'rib chiqamiz:
1.  Ish stolida Setevoe okrujenie (tarmoq muhiti)ni tanlang. Natijada quyidagidek oyna hosil bo'ladi:
 
2.  Yuqorida ko'rsatilgan oynada kompyuterda mavjud (joriy va joriy bo'lmagan) tarmoq
ulanishlarini boshqarish va hosil qilish mumkin. Biz bu yerda Sozdanie novogo podklyucheniya (Yangi ulanishni yaratish) buyrug'ini tanlaymiz. Natijada Master novix podklyucheniy (yangi ulanishlar ustasi) yordamchi dasturi yuklanadi.
 
3.  Ushbu usta ulanishni tashkil etishda atroflicha yordam ma'lumot beradi va bu yerda biz ulanish tashkil etilishini boshlash uchun Dalee (Oldinga) tugmasini bosamiz. Keyingi oynada birinchi uslubni tanlab, Dalee (Oldinga) tugmasini bosamiz.
 
4.  Keyingi oynada "Ustanovit podklyuchenie vruchnuyu" (Ulanishni qo'lda tanlash) ni tanlab, Dalee (Oldinga) tugmasini bosamiz.
 
5.  Undan keyingi oynada ulanishda qo'llaniladigan qurilma tanlanadi. U yerda biz oddiy modemligini ko'rsatamiz.
 
6.  Bundan keyin Internet provayder nomini kiritamiz va albatta Dalee (Oldinga) tugmasini bosamiz.
 
7.  Internet provayder tomonidan berilgan telefon raqami kiritiladi. Agarda Siz ulangan telefon analogli telefon stansiyasiga tegishli bo'lsa, telefon raqamidan oldin r harfini kiritish shart. Masalan: r1619900
 
8.  Keyingi oynada Internet-provayder tomonidan beriladigan foydalanuvchi nomi (login) va parol ikki marta kiritiladi va Dalee (Oldinga) tugmasi bosiladi.
  
9.  Natijada yordamchi usta dasturining oxirgi oynasi hosil bo'ladi. U yerda Gotovo (Tayyor) tugmasini bosamiz. Agarda ulanishni tashkil etuvchi yorliq ish stolida hosil bo'lishini istasangiz, Dobavit yarlik na rabochiy stol (Ish stolida yorliq yaratish) dagi bayroqchani o'rnatish kerak.
 
Endi Internetga ulanish uchun biz ish stolida hosil bo'lgan yangi yorliqni tanlaymiz va hosil bo'lgan oynada Vizov (Chaqiriq) tugmasini bosib ulanamiz.
 
11.4. Kompyuterda Web-sahifalarni ko'zdan kechirish.
Internet Explorer dasturi
 
Kompyuterni Internet tarmog'iga ulaganimizdan keyin albatta internetda biz biron-bir axborotni ko'rishga urinib ko'ramiz. Internet tarmog'ida ma'lumot asosan web-sahifa (sayt) shaklida tasvirlanadi.
 
Bunday web-sahifalarni ko'rish uchun maxsus dasturlar brauzerlar (browser so'zi browse - ko'rish dan olingan) ishlab chiqilgan. Ular web-sahifani ko'rish, saqlash, chop etish va boshqa bir qator imkoniyatlarga ega. Hozirgi kunda bunday dasturlarni turlari juda ham ko'p. Ular, asosan, bitta yoki bir nechta web-sahifani ochish, undagi ma'lumotni tasvirlash kabi amallarni bajaradi.
 
Web-sahifani ochish uchun biz uning URL-manzilini kiritishimiz kerak bo'ladi. URL-manzil odatda quyidagidek shaklga ega bo'ladi:
Bu yerda WWW - World Wide Web mashhur xizmat nomi; gov, mail, yahoo - server (sahifa) nomlari; uz, ru, com - domen (hudud) nomlari.
Windows 95 (OSR 2.1) operasion sistemasidan boshlab, operasion sistema tarkibiga Microsoft Internet Explorer 3.0 internet brauzer dasturi kiritila boshladi. Hozirgi kunda qo'llaniladigan Windows 98SE, Windows ME, Windows 2000, Windows XP operasion sistemalari tarkibida uning 4.0, 5.0 va 6.0 versiyalari kiritilgan. Bundan tashqari, u Microsoft Office 2000, Microsoft Office XP dasturlar majmuasi tarkibiga ham kiritilgan.
 
Windows operasion sistemasida Internet Explorer (IE) dasturiga kirishning bir nechta usuli mavjud:
            Pusk (Boshla) menyusiga kirib, dasturni tanlash kerak;
            Ish stolida joylashgan yorliqqa sichqon bilan 2 marta chertish;
            Tez yuklanish satridan tanlash (u odatda Pusk (Boshla) menyusining yonida joylashadi).
Dasturga kirib, Adres (manzil) satriga biron-bir manzilni kiritamiz, masalan www.gov.uz va klaviaturadagi Enter tugmasini bosamiz. Shuni ta'kidlash joizki, mazkur dasturga kirishdan oldin Internet tarmog'iga ulanishni tashkil etish kerak. Aks holda biz Internet-sahifalarini ocha olmaymiz.
Natijada taxminan quyidagidek oyna hosil bo'ladi:
Internet Explorer dasturining asosiy ish vositasi va uskunalar panelida joylashgan uskunalar quyidagilardir:
  
 - oldingi web-sahifaga o'tish;
 - keyingi web-sahifaga o'tish;
 - web-sahifa ochilishini (yuklanishini) bekor qilish;
 - web-sahifa mazmunini yangilash;
 - boshlang'ich web-sahifaga o'tish;
 - ochilgan web-sahifada zarur ma'lumot, so'z yoki jumlani izlash;
 - elektron pochta dasturiga o'tish (kirish);
 - joriy web-sahifadagi ma'lumotlarni chop etish;
 - holat satrida joylashgan bo'lib, oxirgi web-sahifani yuklanish darajasini namoyon etadi.
 
Internet Explorer dasturida veb-sahifalarni saqlash va chop etish
IE dasturida nafaqat veb-sahifani ochish, balki kerak bo'lgan veb-sahifadagi ma'lumotlarni kompyuterdagi disklarning biriga saqlash mumkin. Ma'lumotni biz ikki xil usulda kompyuterda saqlashimiz mumkin:
1) veb sahifadagi ma'lumotlarni qisman saqlash;
2) veb sahifani butunlay, alohida fayl shaklida saqlash.
Birinchi usulni amalda bajarish uchun quyidagilardan birini bajaramiz:
            Kerak bo'lgan matn va (yoki) rasmni tanlab (ajratib), sichqonning o'ng tugmasini chertamiz va hosil bo'lgan kontekst menyudan Kopirovat (nusxa ko'chirish) farmoishini tanlaymiz va manzil bo'luvchi katalogga kirib, sichqonning o'ng tugmasini bosganimizda hosil bo'ladigan kontekst menyudan Vstavit (joylash) farmoishini tanlaymiz.
            Kerak bo'lgan matn va (yoki) rasmni tanlab (ajratib), sichqon yordamida Pravka (Tahrir)
menyusiga kiramiz va menyudan kopirovat (Nusxa olish) buyrug'ini tanlaymiz va manzil bo'luvchi katalogga kirib Pravka (tahrir) menyusidan vstavit (joylash) farmoishini tanlaymiz.
Ikkinchi uslubni amalda bajarish uchun biror bir veb sahifani to'liq ochib quyidagini bajarmoq lozim:
            Fayl menyusiga kiring;
            U yerdan Soxranit kak... (kabi saqlash) buyrug'ini tanlang;
            Hosil bo'lgan muloqat oynasida fayl nomini va manzilni ko'rsating va Soxranit (Saqlash) tugmasini bosing.
Bundan keyin biz off-line (Internetga ulanmagan holda) rejimida ham saqlangan veb sahifani ochish va boshqa bir qator amallarni bajarishimiz mumkin. Saqlangan veb-sahifa fayli htm yoki html kengaytmasiga ega bo'lib, uni nafaqat Internet Explorer dasturida, balki MS Office tarkibiga kiruvchi Word, Excel kabi dasturlarida ham ochish mumkin.
 
Topshiriq:
            Internet tarmog'iga ulaning va Microsoft (www.microsoft.com) koorporasiyasining saytiga kirib, Windows XP to'g'risida qisqacha ma'lumotni saqlang;
            Internet tarmog'iga ulaning va O'zbekiston (www.gov.uz) saytiga kirib gerb va bayroq rasmlarini Word dasturi hujjatiga saqlang.
  © Copyright 2014 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.ccitt.uz    www.ziyonet.uz    www.multimedia.uz