O'zbekcha          Русский          English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

  Найти!

Kengaytirilgan qidiruv     








 Informatika
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

INFORMATIKA va HISOBLASH TEXNIKASI ASOSLARI FANIDAN

DAVLAT TA’LIM STANDARTI

(9-sinf)

         

O’quvchilar informatika va hisoblash texnikasi asoslari kursiga oid quyidagi bilim, ko’nikma va malaka elementlarini egallashlari shart:  

·       informatika, kompyuterlar, axborot texnologiyalari, axborot kommunikatsiyalariga oid eng asosiy tushunchalarni bilish;

·       axborotlarni qayta ishlashga oid asosiy amallar, usullarni bilish,  konkret vaziyatda qo’llay olish;

·       zamonaviy axborot texnologiyalariga aloqador eng asosiy dastur va texnik vositalar bilan ishlay olish;

·       zamonaviy kompyuterlar arxitekturasi, ish mexanizmi va pritsiplarini bilish;

·       algoritmlash asoslarini bilish;

·    kompyuterda masalalar yechish bosqichlari haqida aniq tasavvurga ega bo’lish va bu jarayonni tahlil etish elementlarini bilish;

·       zamonaviy axborot texnologiyalari va tarmoqlarining jamiyatimiz taraqqiyotidagi istiqbollari haqida tasavvurga ega bo’lish;

·       dasturlash asoslarini bilish;

·       kompyuter  savodxoni va mustaqil foydalanuvchi talablariga javob berish;

·       turli axborot manba’laridan(Internet yoki boshqa) foydalana olish;

·       davlatimizda ushbu sohaga(axborot texnologiyalariga) oid qabul qilingan farmon, qaror va qonunlar haqida ma’lumotga ega bo’lish;

·       keyingi ta’lim bosqichida va hayotda uchraydigan o’quv yoki boshqa xildagi masalalarni yechish uchun axborot texnologiyalarini tatbiq etish haqida asos bo’luvchi tasavvurga ega bo’lish.

 

DAVLAT TA’LIM STANDARTIGA SHARH

 

1. Informatika ta’limining maqsad va vazifalari

«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da,  kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va  texnologiyalarning  zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan  holda qayta qurish  nazarda tutiladi,  deb ta’kidlangan. Informatika va axborot texnologiyalari jahonda jadal sur’atlar bilan rivojlanib, takomillashib borayotgan sohadir.

Yangi ta’lim tizimiga o’tilayotgan hozirgi davrda har bir fanning o’qitish mazmunini qayta tahlildan o’tkazish va bunda tubdan isloh qilish nuqtai nazaridan yondashuv zarur bo’ladi. Natijada kompyuter savodining tayanch tabaqasi o’z vaqtida amalga oshadi va boshqa fanlarni o’rganish sohasida ham muayyan yutuqlarga erishish mumkin bo’ladi.

Umumiy  ta’lim maktablarining 8-, 9- sinflarida «Informatika va hisoblash texnikasi asoslari » kursining maqsadi - o’quvchilarga axborotlarni qayta ishlash texnologiyalari va ulardan foydalanish jarayonlari haqida puxta va ongli ravishda o’zlashtirish uchun bilim asoslari berishni ta’minlashdan, ularga o’quv va  keyingi ish faoliyatlarida kompyuterlardan oqilona foydalanish ko’nikma va malakalarini berishdan, shular asosida yangi axborot texnologiyalarining mamlakatimiz taraqqiyotiga qo’shadigan xissasi to’g’risida tasavvur hosil qilishdan iborat.

Umumiy ta’lim maktablarida Informatika ta’limining asosiy vazifalari:

·        axborotlarni qayta ishlash haqida ilmiy dunyoqarash asoslarini shakllantirish;

·        zamonaviy kompyuter texnikasinining tuzilishi, tarkibi, ishi va qo’llash imkoniyatlari bilan tanishtirish;

·        kompyuterlar bilan amaliy ishlash ko’nikma va malakalarini shakllantirish;

·        axborot texnologiyalari haqida bilimlar berish hamda ular bilan ishlash ko’nikma va malakalarini shakllantirish;

·        kompyuterda masalalalar yechish texnologiyalari bilan tanishtirish, uning asosiy bosqichlari haqida aniq tasavvur hosil qilish va ko’nikmalarni shakllantirish;

·        asosiy algoritmik tuzilmalarni bilish, algoritmlash va dasturlash asoslari bo’yicha ko’nikmalarni shakllantirish; 

·        kompyuterning dastur ta’minoti tarkibi, vazifalarini va ularni o’rnida qo’llash imkoniyatlarini aniqlay bilish;

·        kurs davomida ega bo’lingan bilim va ko’nikmalardan tipik o’quv masalalarini yechishda foydalana olish;

·        yangi axborot texnologiyalarining jamiyatimizning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotidagi muhim ahamiyati va inson faoliyatining turli jabhalariga ijobiy ta’siri haqida tasavvur hosil qilish.

Umumiy ta’limda informatika kursi  oldiga qo’yilgan vazifalarning bajarilishini ta’minlash va nazorat qilish ushbu Davlat ta’lim standarti orqali amalga oshiriladi. U umumta’lim maktablarida beriladigan informatika va hisoblash texnikasi asoslari fanining mazmunining majburiy minimumi hamda o’quvchilarning informatikadan tayyorgarlik darajasiga qo’yiladigan minimal talablar majmuasini ifodalaydi.

Informatika ta’limi majburiy minimumi umumiy ta’lim maktablarida o’quvchilarga informatikadan berilishi zarur bo’lgan ta’lim mazmunining minimumini ifodalaydi.

 

2. UMUMIY O’RTA TA’LIM MAKTABLARI INFORMATIKA TA’LIMI MAZMUNINING MAJBURIY MINIMUMI

 

2.1. Taqdimot slaydlarini yaratish

 

Taqdimot o’tkazishga oid slayd tayyorlash texnologiyasini o’rgatish. Slaydlarni yaratish va  tahrirlash, slayd shablonlaridan foydalanish. Slaydlarga rasm, grafik va diagrammalarni o’rnatish. Windows ilovalari hujjatlaridan foydalanish. Slaydlarga animatsiya effektlarini o’rnatish. Slaydlarga audio va video fayllarni qo’yish. Taqdimot namoyish etish texnologiyasi bilan tanishtirish.

 

2.2. Axborot ombori

 

Ob’ekt va uning tavsifi, tavsif qiymati. O’quvchilarga ma’lumotlar ombori va jamg’armasi haqida ma’lumot berish. Ma’lumotlar omborida axborotlarni joylashtirish strukturasi. Ma’lumotlar omborini boshqarish sistemalari. Ma’lumotlarni to’plash, saqlash, izlash, joylashtirish  va qayta ishlash usullari bilan tanishtirish. O’quvchilarni ma’lumotlar omborini tuzish va axborotlarni qayta ishlash usullari bilan tanishtirish. Ma’lumotlar ombori tuzish uchun ob’ektlarning asosiy xususiyatlarini ajrata olishni o’rgatish.

 

2.3. Elektron jadvallar

 

Elektron jadval va uning vazifalari haqida ma’lumot berish. Elektron jadvalning elementlari. Matematik formulalar bilan ishlash. Diagramma va grafiklarni hosil qilish. Ma’lumotlarni tartiblash va saralash.

 

2.4. Dasturlash asoslari

 

O’quvchilarga kompyuterda masala yechish bosqichlarini o’rgatish. Model, model turlari (matematik, fizik, biologik), matematik modellashtirish. Algoritm, uning xossalari (diskretlilik, tushunarlilik, aniqlik, ommaviylik (umumiylik), natijaviylik), tasvirlash usullari, turlari. Dasturlash         tillari va ularning vazifalari.   Dasturlash tilining asosiy  elementlari. Dasturlash  tilining asosiy operatorlari. Miqdorlar. Chiziqli, tarmoqlanuvchi va takrorlanuvchi dasturlar. Shakl yasovchi va fayllar bilan ishlash operatorlari. Qism dasturlar (protsedura va funksiyalar).

 

3.  O’QUVCHILARNING TAYYORGARLIK DARAJASIGA QO’YILADIGAN ZARURIY TALABLAR

 

 

 

3.1. Taqdimot slaydlarini yaratish

 

O’quvchilar quyidagi bilimlarga ega bo’lishlari zarur: Taqdimot uchun slaydlarni yaratish, tahrirlash, shablonlardan foydalanish, xatolarni tekshirish va rasm, grafik, diagrammalarni o’rnatishni bilish. Windows ilovalari hujjatlaridan foydalanish, slaydlarda animatsiya effektlarini o’rnatish, slaydlarga audio va video fayllarni qo’yish texnologiyasini bilish

Quyidagi ko’nikmalarni egallashlari zarur: Slaydlarni yaratish va  tahrirlash, slayd shablonlaridan foydalana olish. Slaydlarga rasm, grafik va diagrammalarni o’rnata olish. Windows ilovalari hujjatlaridan foydalana olish. Slaydlarga animatsiya effektlarini o’rnata olish. Slaydlarga audio va video fayllarni qo’ya olish.

Quyidagi malakalarga ega bo’lishlari lozim: Berilgan mavzu bo’yicha taqdimot tayyorlash va unga mos slaydlar hosil qila olish.

 

 

3.2     Axborot ombori

 

O’quvchilar quyidagi bilimlarga ega bo’lishlari zarur. Ob’ekt va uning tavsifi, tavsif qiymatini bilish. Ma’lumotlar ombori va jamg’armasi haqida tushunchaga ega bo’lish. Ma’lumotlar omborida axborotlarni joylashtirish strukturasi haqida ma’lumotga ega bo’lish. Ma’lumotlar omborini boshqarish sistemalari haqida tasavvurga ega bo’lish. Axborotlarni ma’lumotlar omboriga to’plash, saqlash, izlash, joylashtirish va qayta ishlash usullari haqida tasavvurga ega bo’lish. Ma’lumotlar omborini hosil qilish va tahrirlash usullarini bilish.

Quyidagi ko’nikmalarni egallashlari zarur. Ma’lumotlar ombori va jamg’armasini farqlay olish. Ma’lumotlar omborida axborotlarni joylashtirish strukturasini tuza olish. Ma’lum bir (MS Access) ma’lumotlar omborini boshqarish sistemasida ishlay olish.

Quyidagi malakalarga ega bo’lishlari lozim:  MS Access dasturida berilgan mavzu bo’yicha ma’lumotlar ombori tuza olish.

 

3.3. Elektron jadvallar

 

O’quvchilar quyidagi bilimlarga ega bo’lishlari zarur. Elektron jadval va uning vazifalarini bilish. Satr, ustun, yacheyka va yacheykalar bloki haqida tushunchaga ega bo’lish. Jadvalga arifmetik formulalarni kirita bilishi. Tartiblash va saralash, grafik va diagramma haqida tasavvurga ega bo‘lish.

 Quyidagi ko’nikmalarni egallashlari zarur. MS Excel elektron jadvalida ishlay olish. Matematik formulalardan foydalana olish. Grafik va diagrammalar hosil qila olish. Jadvaldagi ma’lumotlarni tartiblash va saralashni uddalash.

 Quyidagi malakalarga ega bo’lishlari lozim: Elektron jadval yordamida turli masalalarni hal eta olish.

 

3.4.         Kompyuterda masalalar yechish texnologiyalari

 

O’quvchilar quyidagi bilimlarga ega bo’lishlari zarur: Masalalarni kompyuterda yechish bosqichlarini bilish. Model va uning turlarini bilish. Algoritm va ijrochi haqida tushunchaga ega bo’lish. Algoritmning asosiy xossalarini bilish. Dasturlash va dasturlash tillari, dastur haqida tushunchaga ega bo’lish. Dasturlash tilining umumiy qoidalarini bilish. Miqdorlar va operatorlar haqida tushunchaga ega bolish. Chiziqli, tarmoqlanuvchi va  takrorlanuvchi dasturlar haqida tasavvurga ega bolish. Qism dasturlar (protsedura va funksiyalar) haqida tasavvurga ega bolish.

Quyidagi konikmalarni egallashlari zarur:  Sodda masalalarni matematik modelini tuzish. Sodda masalalar uchun algoritmni turli usullarda tasvirlash (formula, blok-sxema va x.k.). Tayyorlangan algoritmlar asosida chiziqli, tarmoqlanuvchi va takrorlanuvchi dasturlar tuza olish.

Quyidagi malakalarga ega bo’lishlari lozim:  Matematika, fizika, iqtisod va boshqa sohalarning sodda masalalarini yecha olish (Paskal tilida dastur tuzish).

 

Tuzuvchilar: 

A.Abduqodirov -

“ISTE’DOD” jamg‘armasi, Masofadan o‘qitish markazi direktori, pedagogika fanlari doktori

T. Azlarov -

 

Toshkent shahar 40-maktab informatika o‘qituvchisi, pedagogika fanlari nomzodi

A. Azamatov -

Toshkent shahar 274-maktab informatika o‘qituvchisi, fizika – matematika fanlari nomzodi

B. Boltayev - 

Respublika ta’lim markazi, ta’lim jarayonini axborotlashtirish bo’limi boshlig’i,  fizika – matematika fanlari nomzodi

M. Mahkamov -

Respublika ta’lim markazi, ta’lim jarayonini axborotlashtirish bo’limi

A. Daliyev-

 

Davlat mulk qo’mitasi, iqtisod fanlari nomzodi

S. Hafizov -

 

“O‘zbeko‘quvavtomatika” bosh muhandisi


 

  © Copyright 2012 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.aci.uz    www.ziyonet.uz