O'zbekcha          Русский          English        
Multimedia umumta`lim dasturlarini rivojlantirish markazi  

  Найти!

Kengaytirilgan qidiruv     








 Musiqa 7
Do`stiga yuborish Do`stiga yuborish   Bosma uchun versiya Bosma uchun versiya

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI
MUSIQA MADANIYATIDAN
DAVLAT TA’LIM STANDARTI
(VII-sinf)
Toshkent   - 2006
 
MUSIQA MADANIYATIDAN DAVLAT TA’LIM STANDARTI
5-7 sinflar.
 
     - Har bir mahalliy uslubda o‘ziga xos ijrochilik uslublari va cholg‘u asboblarini bilish;
     - Farg‘ona-Toshkent, Samarqand-Buxoro, Surxondaryo-Qashqadaryo va Xorazm ijrochilik uslublari xususiyatlari, mashhur Musiqa janrlari (doston, katta ashula, yallachilik)ni, ularning mashhur ijrochilarini bilish;
     - Maqom haqida tushuncha, o‘zbek maqomlari va ularning asosiy turkumlari, shashmaqom, uning cholg‘u ashula yo‘llari, Farg‘ona-Toshkent maqomlari, Xorazm maqomlari, cholg‘u va aytim yo‘llarini bilish;
     - O‘zbekiston hududida mumtoz Musiqaning ko‘p tarmoqli va mahalliy an’analariga ega ekanligi, ularning o‘xshashligi va o‘ziga xosligi, mahalliy Musiqiy an’analarning zamonaviy Musiqa, bastakorlik va kompozitorlik ijodi sohasida namoyon bo‘lishini bilish;
     - kuylashda forte va piano dinamik tuslarini bajarish, o‘rni va o‘rtoqlari ijro etgan qo‘shiqlarning ijrochilik saviyasi va badiiy sifatini baholay bilish;
     - mashhur qo‘shiq va ashulalar, yor-yorlar hamda ushshoqlarning mahalliy uslub variantlarini tinglab ajrata olish;
     - kuylash va tinglash madaniyatiga ega bo‘lish;
     - Musiqa naqadar qadimiy san’at ekanligi, o‘zbek xalq Musiqasining    ildizlari   uzoq davrlarga taqalib, yillar davomida sayqal topib, rivojlanib kelganligi, shu bois xalqimizning boy madaniyatini, milliy qadriyatlarimizni o‘zida aks ettirishini va nihoyat, o‘zbek milliy Musiqasi umumbashariy jahon Musiqa madaniyatining ajralmas bir bo‘lagi ekanligini    tasavvur qila olish.
  
DAVLAT TA’LIM STANDARTIGA SHARH
I. TA’LIMNING MAQSAD VA VAZIFALARI
 
O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» talablari asosida ta’lim tizimida   ro‘y berayotgan o‘zgarishlar umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi boshqa o‘quv fanlari qatori musiqa o‘quv faning o‘qitilishini ham tubdan yangilashni talab etmoqda.
 
O‘zbekistonning «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuniga ko‘ra 9 yillik umumiy o‘rta ta’lim joriy etildi. Ta’limni demokratlashtirish, individuallashtirish, mintaqaviy xususiyatlarni hisobga olish tamoyillari asosida barcha o‘quv predmetlari, shu jumladan musiqa o‘quv fani bo‘yicha ham o‘qitish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
 
Musiqa madaniyati o‘quv predmeti o‘quvchilarning ma’naviy, badiiy va axloqiy madaniyatini shakllantirishga, milliy g‘urur va vatanparvarlik tarbiyasini amalga oshirishga, ijodiy mahorat, nafosat va badiiy didni o‘stirishga, fikr doirasini kengaytirishga, mustaqillik va tashabbuskorlikni tarbiyalashga xizmat qiladi. «Musiqa madaniyati» o‘quv fani umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitiladigan barcha o‘quv fanlari, jumladan, adabiyot, tasviriy san’at, jismoniy tarbiya, mehnat va boshqa fanlar bilan bog‘lanadi.
 
Barcha o‘quv fanlari qatori musiqiy ta’limda ham davlat ta’lim standartining joriy etilishi milliy musiqiy meroslardan to‘laqonli foydalanish imkonini beradi. Bular ommaviy xalq kuy va qo‘shiqlarida, xonanda va sozandalarning ijodiy faoliyatlari, maqom, shashmaqom, dostonlar va bugungi zamonaviy musiqiy faoliyatda o‘z aksini topdi. Musiqa san’atining bu kabi imkoniyatlari yangi avlodni tarbiyalash, ularning barkamol bo‘lib yetishlarida o‘ziga xos va takrorlanmas manba bo‘lib xizmat qiladi. Azaldan Sharq, jumladan, o‘zbek musiqa ta’lim-tarbiyasi pedagogikasi va uning mukammal uslubiyatlari ustoz va shogird an’analari misolida takomillashib borgan.
 
Davlat ta’lim standartlari ommaviy xalq musiqa pedagogikasi, professional musiqa ijodkorlari, musiqa ijrochilari (sozanda, xonandalar), katta ashulachilar, maqomchilar, dostonchilar asarlarining elementar asoslarini o‘rgatishni me’yorlashtiradi.
 
Musiqa ta’limidan davlat ta’lim standartlari asosida yangi ta’lim mazmuni o‘quvchilarning musiqiy bilim va malakalari bilan birga ularda kuzatuvchanlik, xotirani mustahkamlash, obrazli tasavvur qilish, ularda ijodkorlik, mustaqillik, tashabbuskorlik, badiiy va musiqiy did kabi xislatlarni rivojlantirishni ta’minlaydi. Shu bois, musiqa madaniyati ta’limining yangi mazmuni yosh avlodni milliy musiqiy merosimizga vorislik qila oladigan, umumbashariy musiqa boyligini idrok eta oladigan madaniyatli inson darajasida voyaga yetkazishni nazarda tutadi. Bunda o’quvchilar musiqa san’atini butun nafosati bilan o‘rganishlari, ommaviy musiqa faoliyatlari: musiqani badiiy idrok etish, yakka va jamoa bo‘lib qo‘shiq kuylash, raqsga tushish va ijodkorlik malakalarini shakllantirish asosiy maqsad hisoblanadi.
 
Shuningdek, o‘quvchilar musiqiy iqtidorini rivojlantirish, musiqa san’atiga mehr va ishtiyoqni oshirish, musiqa san’atiga qiziquvchi o‘quvchilarning iqtidorini rivojlantirish uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratib berish, ularning badiiy ehtiyojlarini qondirish musiqa ta’lim-tarbiyasining asosiy vazifasini tashkil etadi. Shu bilan bir qatorda jahon xalqlarining umuminsoniy musiqiy qadriyatlarini ham chuqur o‘rganish yosh avlodni xalqaro nufuzga molik bo‘lgan madaniy durdonalardan bahramand bo‘lishini ta’minlaydi.
 
Mazkur standartda umumiy o‘rta ta’lim doirasida o‘quvchilar o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan minimal bilim va malakalar bayon etildi va shu asosda Respublika viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Toshkent shahar xalq ta’limi Bosh boshqarmasi musiqa madaniyati fanining ta’lim mazmunini ishlab chiqadilar. Ta’lim mazmunida hududiy vohalarning san’ati va madaniyati, u yerdagi mahalliy xalq an’analari o‘z ifodasini topmog‘i lozim.
 
TA’LIM MAZMUNINING MAJBURIY MINIMUMI
 
Musiqa madaniyati o‘quv fanining mazmuniga bo‘lgan minimal talablar nazariy va amaliy faoliyatlar majmuasidan tashkil topib, ular quyidagi mavzularni belgilaydi.
 
Boshlang‘ich musiqa savodi, musiqiy asarlar ijodkorlari faoliyati,musiqa ijrochiligi, ashula, xor, ansambl, orkestr va simfonik orkestrlar faoliyati, musiqiy sahna asarlari, xalq va professional musiqasi, bastakorlar va kompozitorlar ijodini, o‘zbek xalq cholg‘u asboblarini bilishni, mashhur o‘zbek xalq sozanda va xonandalar ijodiy faoliyati, musiqiy atama va iboralar, musiqa janrlari, ustozona, mumtoz musiqa, sharq xalqlari musiqasi, qardosh va jahon xalqlari musiqasi, ularning taniqli namoyondalari, maqom va shashmaqom, uning mashhur ijrochilari faoliyati, o‘zbek musiqasida mahalliy uslublar va uning mashhur ijrochilari, o‘zbek milliy musiqasida zamonaviylik va zamonaviy musiqa, milliy estrada musiqasi va uning ijrochilari kabi mavzular asosida milliy musiqa madaniyatimizni o‘zlashtirishni nazarda tutadi.
 
Bu mavzular dars jarayonida quyidagi o‘quv faoliyatlarida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar vositasida bajariladi.
     1 Musiqa tinglash.
     2 Jamoa bo‘lib kuylash.
     3 Musiqa savodi.
     4 Musiqa ijodkorligi.
 
Musiqa tinglash va kuylash ta’lim mazmunining asosini tashkil etadi. Ularni kuylash, tinglash faoliyatlari vositasida o‘rganish bilan bir qatorda cholg‘uchilik, musiqali harakatlar, ijodkorlik faoliyatlari bilan bizga har tomonlama o‘rganish va o‘zlashtirish, musiqiy tavsiflarni ifodalash imkoniyati yaratiladi. O‘zbek xalq musiqasi o‘zbek bastakorlari va kompozitorlari, musiqiy asarlaridan namunalar, shashmaqom sho‘balari, mahalliy musiqa uslublaridan namunalar tinglanadi.
  
Jamoa bo‘lib kuylash faoliyati o‘quvchilarning musiqiy o‘quv qobiliyati hamda ijrochilik malakalarini rivojlantirish uchun zarurdir. Sinfda jamoa bo‘lib kuylash jarayonida o‘quvchi o‘z ovoz ijrosini boshqarishni, ustozlari ijrosini eshitib, kuzatishni hamda ular bilan bahamjihat jo‘rnavozlik qilishga intiladi.
 
O‘zbek xalq qo‘shiqlari, o‘zbek bastakorlari va kompozitorlari qo‘shiqlari, jahon va qardosh xalqlar kompozitorlari qo‘shiqlari, mahalliy musiqa uslublariga oid folklor qo’shiqlari, maqom aytim yo‘llaridan namunalar.
 
Musiqa savodi barcha bilimlarni nazariy birlashtiruvchi faoliyat sifatida muhimdir. Darsda qaysi faoliyat mashg’uloti (tinglash, ijro etish, musiqiy harakatlar) bo‘lmasin, berilgan mavzudagi asar o‘rganiladi va uning xususiyatlari (janri, shakli, tuzilishi, ijrochiligi) haqida yangi tushunchalar hosil bo‘ladi. Shu bois, musiqa savodi faqatgina nota yozuvlarini o‘rganishdan iborat bo‘lmay, balki o‘quvchilarning umumiy musiqiy bilim saviyasini tarkib toptiruvchi umumiy bilim, tushunchalar majmuasini (ijrochiligi, xalq va bastakorlik musiqasi, ularning farqlari, milliy musiqaning mahalliy uslublari, klassik musiqa, nota savodi) tashkil etadi.
 
Musiqa savodida musiqiy atamalar, an’analar, templar (sur’at), intervallar, alteratsiya belgilari, dinamik belgilar, musiqaninig ifoda tili, oddiy musiqa shakllari va janrlari, major va minor ladi haqida tushuncha beriladi.
 
Musiqa tinglash, yakkanavozlik va jo‘rsozlikni ajrata bilish, ansambl va orkestr ijrosini farqlay bilish, sozlar va sozlar tembrini ajrata olish, musiqiy did va idrokni rivojlantirish. O‘zbek, qardosh va jahon xalqlari bastakorlari asarlaridan namunalar tinglash va boshqalar.
 
BOLALAR IJROCHILIGINI SHAKLLANTIRISH
 
Ashula ijrochiligi, sozlar ijrochiligi, raqs ijrochiligi, yakka va jamoa bo‘lib ijro etish, xalq va kasbiy musiqa bolalar kuy va qo‘shiqlari, ommaviy xalq kuy qo‘shiqlari, maqom, dostonlar, zamonaviy musiqa ijodi, xalq sozanda va xonandalari ijodini bilish. Musiqaning ifodaviy tili: kuy, garmoniya, ritm-usul, sur’at, o‘lchov, registr, dinamik belgilar bilan tanishish. Major va minor ladlarini farqlay bilish. Oddiy musiqa shakllari: bir qismli, ikki qismli va uch qismli musiqa shakllari. Kupletli, rondo, sonata, syuitalar haqida tushunchaga ega bo‘lish. Musiqiy janrlar: ashula, raqs, vals, marsh, opera, balet, musiqiy drama, cholg‘u musiqasi, kantata, kvartet, simfoniya kabi janrlarini farqlay olish. Asosiy musiqiy faoliyat turlari: bastakor, kompozitor, ijrochi sozandalar ijodi bilan tanishish. Ijrochilar: ansambl, orkestr, xalq va professional sozandalar ijrochiligi haqida tushunchaga ega bo‘lish. Xor ijrochiligi: bolalar, ayollar, erkaklar, xalq xorlari va davlat xorlari ijrochiligi bilan tanishish. Partiya ovozlari: soprano, alt tenor, bas ovozlarini farqlay olish.
 
MUSIQA SAN’ATINING BOShQA SAN’AT
TURLARI BILAN BOG’LIQLIGI
 
Me’morchilik, rangtasvir, haykaltaroshlik, adabiyot, kino, teatr kabi san’atlar bilan bog’liqligi. Ustozona, mumtoz musiqa. Sharq xalqlari musiqasi, qardosh va jahon xalqlari musiqasi, atoqli o‘zbek bastakorlari va kompozitorlari, qardosh xalqlar kompozitorlari, atoqli o‘zbek xalq sozanda va xonandalari, mashhur ansambllari, orkestrlari va xor jamoalari, shashmaqom va uning ijrochilari, o‘zbek musiqasida mahalliy uslublar, ularning ijrochilari, musiqada zamonaviylik va zamonaviy musiqa, estrada musiqasi va uning ijrochilari haqida tushunchaga ega bo‘lish.
 
Ma’lumki, bu minimal talablarni o‘quv rejasida haftasiga ajratilgan bir soatlik musiqa madaniyati darslarida yetarli darajada o‘quvchilarga yetkazish va ularni o‘zlashtirish imkoni og‘ir kechadi. Shuning uchun darsdan tashqari amaliy Mashg‘ulotlar ham tashkil etilmog‘i lozim.
 
II. O’QUVCHILARNING TAYYRGARLIK DARAJASIGA 
QO’YILADIGAN ZARURIY TALABLAR
VII - sinf
 
O’quvchilar egallashi lozim bo’lgan bilim, ko’nikma va malakalar:
 
     - Milliy musiqa amaliyotida mahalliy uslublar va ularning mahalliy shevalarining boshqa madaniy-maishiy an’analari bilan bog’liqligi;
     - har bir mahalliy uslubda o’ziga xos ijrochilik uslublari va cholg’u asboblarini bilish;
     - Farona-Toshkent, Samarqand-Buxoro, Surxondaryo-Kashqadaryo, Xorazm uslublari xususiyatlari, mashhur musiqa janrlari (doston, katta ashula, yallachilik va b.)ni bilish, ularning mashhur ijrochilari, ashulachilar;
     - Baxshilar, yallachilar, maqomlar haqida tushuncha, shashmaqom, cholg’u va aytim yo’llari. O’zbekiston sarhadida ustozona musiqaning ko’p tarmoqli va mahalliy an’analarga ega ekanligi, ularning o’xshashligi va mosligi, mahalliy musiqiy an’analarining zamonaviy musiqa, bastakorlik va kompozitorlik ijodi sohasida namoyon bo’lishini bilish;
     - Ikki ovozli qo’shiqlarni sof qangda kuylash, kuylashda forte va piano dinamik belgilarini bajarish, o’zi va o’rtoqlari badiiy sifatini baholay bilish;
     - to’rt lokal mintaqada mavjud musiqiy mahalliy uslublarni ijro uslublariga ko’ra farqlay bilish, baxshilar ijrolarini cholu jo’rlari (do’mbira, dutor, tambur, tor) va ovoz ishlatish (bo’iq va ochiq) uslublarga ko’ra ajrata bilish, mashhur xalq qo’shiq-kuylari kasbiy musiqa janrlariga doir ashula, katta ashula, doston ashulalarining ijro usullarini farqlay bilish;
     - Mashhur qo’shiq va ashulalar, yor-yorlar, ushshoqlarning mahalliy uslub variantlarini ajratish, o’zbek klassik musiqasida mahalliy uslublarning mujassamligini anglash, vokal xor mashqlarini kuylashda berilgan intervallarni aniqlash, raqs ijodkorligini bajarish.
  © Copyright 2012 O`zR XTV huzuridagi MUDRM      www.gov.uz    www.uz    www.aci.uz    www.ziyonet.uz