O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI
RESPUBLIKA TA’LIM MARKAZI
ONA TILIDAN
DAVLAT TA’LIM STANDARTI
(9-sinf)
Toshkent – 2004
O’quvchilarning egallashi kerak bo‘lgan
zaruriy bilimlar
Qo‘shma gapning turlari.
Bog‘langan qo‘shma gapning tuzilishi va unda bog‘lovchi vositalar: intonatsiya va teng bog‘lovchilar.
Ergashgan qo‘shma gapning tuzilishi, undagi qismlarning (bosh va ergash gap) bog‘liqligi. Ergash gaplarning turlari. Ergash gapni bosh gapga bog‘lovchi vositalar.
Bog‘lovchisiz qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplar orasidagi ma’noviy munosabat.
Har xil birikkan gaplardan tuzilgan qo‘shma gaplar. Sintaktik sinonimlar. Stilistika (uslubiyat).
Murakkab sintaktik butunlikda mustaqil gaplarning o‘zaro bog‘lanishi. Murakkab sintaktik butunliklarning o‘zaro bog‘lanishi. Nutq uslublari. Nutq, uslublarining qo‘llanish sohalari, vazifalari, har birining o‘ziga xos til vositalari. Maqola, ma’ruza, referat, ish qog‘ozi.
Bog‘lanishli nutq, matn, mavzu, asosiy fikr, mavzuning mazmuni, matnning tuzilishi, monologik nutq, dialogik nutq. Rivoya, tasvir, muhokama- matnlar, batafsil bayon, epigraf. Sodda reja, murakkab reja.
Nutq madaniyati, nutqiy muomala.
O‘quvchilarning egallashi zarur bo‘lgan ko‘nikma va malakalar
O‘rganilgan grammatik atamalarni esga ola bilish. Grammatik atamalarga asoslanib kerakli qoidani darslikdan topa olish.
Qo‘shma gap turlarini o‘ziga xos ohangi bilan ifodali o‘qiy olish.
Fikrni yozma shaklda bayon etish bo‘yicha: Miqdoriy ko‘rsatkich 25 - 30 gapdan iborat bo‘lg,an tugal matn (fikr ehtiyoji bilan bog‘liq mavzu asosida) yaratish. Sifat ko‘rsatkichlar - matndagi gaplarning mazmunan o‘zaro bog‘langanligi, mavzu doirasida birlashishi, tinish belgilarining to‘g‘ri qo‘yilganligi, matndagi abzatslarning yaxlitligi. Fikr izchilligini ta’minlash, o‘rganilgan ifoda vositalarini o‘rinli qo‘llay olish va ularning uslubiy imkoniyatlaridan foydalana olish, ish qog‘ozlari (ariza, ma’lumotnoma, ishonch xati, vakolatnoma, ixcham hisobot, axborot, shartnoma, taqriz kabilar)ni yoza olish.
Muhokama matn yarata bilish.
Umumxalq so‘zlari bilan qo‘llanish doirasi cheklangan so‘zlarni, so‘zlashuv leksikasi bilan kitobiy leksikani, adabiy til me’yorlari bilan shevaga xos xususiyatlarni, lug‘atlarning turlarini o‘rganish; so‘zning lug‘aviy va grammatik ma’nolarini, so‘zning turlanishi bilan tuslanishini, tub so‘zlar bilan yasama so‘zlarni; sodda, qo‘shma va juft so‘zlarni, so‘z turkumlarini, mustaqil so‘z bilan yordamchi so‘zni; so‘z bilan so‘z birikmasini, so‘z birikmasi bilan gapni, gap bo‘laklarini, gapning maqsadga ko‘ra turlarini, sodda gaplarning turlarini, sodda gap bilan qo‘shma gapni, qo‘shma gapning turlarini, gap bo‘lagi bilan ajratilgan izoh bo‘lakni; matn turlarini, matndagi muhim va ikkinchi darajali axborotlarni, badiiy asarda so‘zning o‘z ma’nosi bilan ko‘chma ma’nosini bir - biridan farqlay olish.
Fonetik, lug‘aviy, morfologik, sintaktik, uslubiy tahlil qila olish.
Bayon, insho, ish qog‘ozlari, referat, ma’ruza, maqola, xabar, ma’lumotnoma yoza olish, yozma ish uchun material to‘play olish, to‘plangan materialni tizimga sola bilish, sodda va murakkab reja tuza olish, yozma ishga epigraf va ma’lum asarlardan sitatalar tanlay olish, qiziqarli epizod qo‘sha olish, xatboshilarni to‘g‘ri belgilash, dialoglarni to‘g‘ri ajratish, dialogning muallif so‘zi qismida qahramonning ruhiyatini ochuvchi, uni tavsiflovchi so‘zlarni bera olish, gaplarni va matn parchalarini (murakkab sintaktik butunliklarni) o‘zaro bog‘lovchi leksik - grammatik vositalarni to‘g‘ri qo‘llay olish, murakkab sintaktik butunlikning tashkiliy qismlarini to‘g‘ri shakllantira olish.
Matnlarni tahrir qila olish. Tinish belgilarini o‘z o‘rnida qo‘llay olish.