: AKT yangiliklari

Maqola sanasi: 16 Dekabr 2016 10:21

Fuqaro murojaatlari bilan ishlashning ilgor tajribalari muhokama qilindi

DSC_9016.JPG


2017 yilning O‘zbekistonda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, "elektron hukumat"ning aholi bilan yaqin munosabat o‘rnatishda muhim vosita sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi. 


Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faol foydalangan holda aholi murojaatlari bilan samarali ishlashda xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida, 14 dekabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolar huquqlari bo‘yicha Komissiya delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 


Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolar huquqlari bo‘yicha Komissiyasi Koreya fuqarolarining onlayn murojaatlarini qabul qilishga mo‘ljallangan portal -- «e-People» tizimi faoliyatini tashkil etish masalalari bilan shug‘ullanadi. 


Uchrashuvda mehmonlar mazkur tizimning yaratilish tarixi, vazifalari, davlat idoralari bilan hamkorlik va o‘zaro bog‘langanlik tamoyillari, shuningdek uning afzalliklari xususida ma’lumot berdilar. 2005 yilda ishga tushirilgan «e-People» elektron resursiga ayni paytda mamlakatning 910 ta davlat muassasasi o‘zaro bog‘langan. Qayd etilishicha, 2015 yilda tizim tomonidan 2 mln. murojaat, jumladan fuqarolarning shikoyat va takliflari, shuningdek davlat siyosatiga oid muhokamalar qayta ishlangan. 


O‘z navbatida, uchrashuv davomida Koreya delegatsiyasiga joriy yilning 25 sentyabrida faoliyatini boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasining faoliyati, aholiga shikoyat, taklif va arizalar yuzasidan hukumatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishda yaratilgan qulayliklar to‘g‘risida ma’lumot berildi. 


Muhokama chog‘ida O‘zbekistonda fuqarolar bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan o‘zaro manfaatli munosabatlarni tashkil etishda muvaffaqiyatli tatbiq etilayotgan Janubiy Koreya tajribasi xususida to‘xtalib o‘tildi.



Bu maqola saytda chop etilgan Eduportal.Uz (http://eduportal.uz)

Ushbu maqola URL i: http://eduportal.uz/uzb/article1894.html