Раздел: O'zR Oliy Majlisining Qaroriga Ilova №466-1 sonli 29.08.1997
O'zR Oliy Majlisining Qaroriga Ilova №466-1 sonli 29.08.1997
Dastur Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi mazmuni
Umumiy qoidalar Fuqaro, jamiyat va davlatning o'zaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyati va ijtimoiy faolligini yuksaltirish Fuqarolarning huquqiy ta'limi va huquqiy tarbiyasini takomillashtirish Davlat organlari xodimlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish Yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etish O'zbekiston demokratik huquqiy davlatni qurish va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo'lidan dadil borib, jahon hamjamiyatida mustahkam o'rin egallamoqda. Barqarorlik va tartib, millatlararo totuvlik va fuqarolar ahilligi tufayli yosh davlatimiz ishonch va hurmatga sazovor bo'lmoqda.
Mamlakatimizda iqtisodiyot, siyosat, davlat qurilishi, huquqiy tizim va jamiyatni ma'naviy o'zgartirish sohasida keng ko'lamli islohotlar o'tkazilmoqda. O'tkazilayotgan islohotlarning qonuniy zamini yaratildi. Ijtimoiy-siyosiy hayotning huquqiy asoslari izchillik bilan mustahkamlanmoqda va takomillashtirilmoqda.
Vatanimizning rivojlanishi va islohotlarning muvaffaqiyati ko'p jihatdan xalqning huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyati darajasiga bog'liqdir. Shaxsning siyosiy faolligi, uning chinakam fuqaroviy munosabati, demokratik islohotlarga intiluvchanligi belgilangan maqsadlarga tezroq erishishning muhim omilidir.
Yuksak huquqiy madaniyat - demokratik jamiyat poydevori hamda huquqiy tizim yetukligining ifodasidir. U jamiyatdagi turli xil hayotiy jarayonlarga faol ta'sir ko'rsatuvchi, fuqarolarning, barcha ijtimoiy guruhlarning jipslashuviga ko'maklashuvchi, jamiyatning yaxlitligi hamda batartibligini ta'minlovchi va mustahkamlovchi omildir. Qonunni hurmat qilish huquqiy jamiyatning, siyosiy va huquqiy tizimlar samarali faoliyat ko'rsatishining asosiy talablaridan biri hisoblanadi.
Huquqiy madaniyat - umumiy madaniyatning ajralmas tarkibiy qismi. Insonlar ongida shunday ishonch qaror topishi kerakki, huquqiy bilimlarga ega bo'lgan va ularni amaliyotda tatbiq eta oladigan kishigina madaniyatli va bilimli deb hisoblanishi mumkin.
Jamiyat va davlat taraqqiyotining hozirgi holati huquqiy munosabatlar barcha ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini, huquqiy savodxonligini har tomonlama oshirishni talab qilmoqda. huquqiy madaniyat huquqiy bilim, huquqiy e'tiqod va izchil amaliy faoliyat majmui sifatida jamiyat va davlat oldida turgan vazifalarning muvaffaqiyatli hal etilishini ta'minlaydi.
Mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlarini ta'minlash, ijtimoiy hayotni demokratlashtirish uchun shartsharoitlar yaratish va huquqiy davlat asoslarini shakllantirish zaruriyatidan kelib chiqqan holda ushbu Milliy dastur qabul qilinmoqda.
UMUMIY QOIDALAR
Milliy dasturning maqsadi aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonlikka erishishlari, yuksak darajadagi huquqiy ongga ega bo'lishlari hamda huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qo'llay olishlari uchun huquqiy madaniyatni shakllantirishning keng qamrovli muntazam tizimini yaratishdir.
Ko'rsatilgan maqsadga erishishda asosiy vazifalar quyidagilardan iborat:
huquqiy ta'lim va huquqiy tarbiya tizimini takomillashtirish;
barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning qonunga hamda huquqqa hurmat bilan munosabatda bo'lishiga erishish;
aholining huquqiy savodxonligini oshirish;
fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy faolligini ta'minlash.
huquqiy madaniyatni shakllantirish va yuksaltirish sohasidagi davlat siyosati quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi;
Konstitusiya va qonunning ustunligi;
demokratiyaga asoslanganlik; ijtimoiy adolat;
ilmiylik;
uzluksizlik;
huquqiy tarbiyadagi vorislik hamda umumiylik;
huquqiy axborotning hamma uchun ochiqligi;
huquqiy tarbiya va huquqiy maorifning birligi hamda ularga tabaqalashtirilgan yondashuv.
Yuksak huquqiy madaniyatni shakllantirish bo'yicha davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari quyidagilardan iborat:
fuqaro, jamiyat va davlatning o'zaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyati hamda ijtimoiy faolligi yuksalishini ta'minlash;
aholining huquqiy madaniyatini shakllantirishda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish;
aholini huquqiy axborot bilan ta'minlash, ilmiyommabop yuridik adabiyotlar nashr qilinishi va tarqatilishini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash;
huquqiy ta'lim va huquqiy tarbiya vositalari va usullarini takomillashtirish;
yuridik ta'lim, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning zamonaviy tizimini rivojlantirish;
huquqiy madaniyatning ilmiy asoslarini tadqiq etishni rag'batlantirish, ijtimoiy-huquqiy tadqiqotlarni tashkil etish;
milliy an'analar hamda jahon tajribasidan foydalanish asosida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini shakllantirish.
Aholining huquqiy madaniyatini shakllantirish bo'yicha davlat siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirish, bir tomondan, jamiyatning har bir a'zosi huquqiy bilimlarning muayyan darajasini o'zlashtirib olishi uchun zarur bo'lgan shart-sharoit yaratishni, ikkinchi tomondan - turli ijtimoiy guruhlarning o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda huquqiy maorifni tabaqalashtirishni nazarda tutadi.
FUQARO, JAMIYAT VA DAVLATNING O'ZARO MUNOSABATLARIDA AHOLINING HUQUQIY MADANIYATI VA IJTIMOIY FAOLLIGINI YUKSALTIRISH
O'zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi shaxs va davlat o'zaro mas'ulligining huquqiy asoslarini mustahkamlab qo'ygan. "Inson - davlat" munosabatlarida ustuvorlik insonga tegishli. Davlat hokimiyati organlarining faoliyati inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishga qaratilishi lozim.
Inson huquqlari - insonparvar demokratik huquqiy ongning o'zagidir. huquqiy ong darajasi - bu odamlarning huquqlardan shunchaki xabardorligi, qonunlarni bilishigina emas. Bu, eng avvalo, qonunlarga rioya etish va ularni bajarishga tayyorlik, qonunga itoatkorlik, huquqni va odil sudlovni hurmat qilishdir.
Mukammal qonun hujjatlari huquqiy madaniyatni yuksaltirishning muhim sharti, huquqiy davlat qaror topishining zaruriy belgisi hisoblanadi. Mamlakatimiz qonun hujjatlarini inson huquqlari sohasidagi xalqaro normalar va standartlarga izchillik bilan muvofiqlashtirib borish zarur. Qonunlar hayotiy, amaliyot bilan uzviy bog'liq bo'lishi va undan kelib chiqishi lozim. Bunda qonunlar to'g'ridan-to'g'ri amal qilish kuchiga ega bo'lishi kerak. Ijro etuvchi organlar qonun osti hujjatlarini qonunlarga qo'shimcha kiritish sifatida emas, balki ularning ijrosini ta'minlash uchungina qabul qilishlari mumkin.
Demokratik islohotlarni monand huquqiy ta'minlashning eng muhim sharti qonunchilikning izchil bo'lishidir. Qonunlar o'zaro qat'iy muvofiqlashishi, Konstitusiyaga asoslanishi, milliy huquqiy tizimning rivojlanishiga ko'maklashishi lozim.
Qonunchilik tizimini takomillashtirish bilan bir qatorda qonunlarning hayotga aniq va izchil tatbiq etilishiga, ularga qat'iy hamda og'ishmay rioya qilinishiga erishish zarur. hech bir davlat organi, mansabdor shaxs va inson qonunga bo'ysunish majburiyatidan ozod qilinishi mumkin emas.
Davlat tomonidan hamda jamoatchilik tuzilmalari faoliyatini kuchaytirish orqali qonunlarni ro'yobga chiqarishning ta'sirchan mexanizmini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi ustidan boshqaruv hamda nazoratning yangi samarali vositalarini shakllantirish zarur.
Qonunchilikda ichki uyg'unlikning mavjudligi, turli huquqiy hujjatlar o'rtasida ziddiyatning yo'qligi, qonunlarga og'ishmay rioya etilishini ta'minlovchi ta'sirchan mexanizmlar yaratilganligi fuqarolarni qonunlarga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, har kimda qonunga hurmat tuyg'usini shakllantirish uchun zarurdir.
Inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni, birinchi navbatda, sud orqali himoya qilishni ta'minlash O'zbekistonda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. har bir kishining qonuniylik va adolat tantana qilishiga bo'lgan qat'iy ishonchi shunga asoslanishi kerakki, qonunni buzgan shaxs jazosiz qolmaydi va har kim buzilgan huquqi tiklanishini hamda unga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir.
Aholi huquqiy madaniyat darajasining oshirilishi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati xodimlarining bilimdonligiga ko'p jihatdan bog'liq.
Fuqarolik jamiyatining huquqiy madaniyat darajasi jamoat birlashmalari, jamg'armalar, ittifoqlar, uyushmalar, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarining keng tarmog'i mavjudligi hamda bu demokratik tuzilmalarning muayyan shaxs va jamiyatning huquqlarini ta'minlashdagi ijtimoiy faolligi bilan belgilanadi.
Fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda kasaba uyushmalari, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari muhim o'rin tutadi. Ular huquqiy ta'lim va huquqiy tarbiyaning turli shakllaridan yanada samarali foydalanishlari, fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy faolligini kuchaytirishga katta hissa qo'shishlari lozim.
Jamoat birlashmalari aholining turli ijtimoiy guruhlariga tegishlicha huquqiy yordam ko'rsatishga, jamoatchilik yuridik maslahatxonalari tashkil etishga, inson huquqlari, ijtimoiy masalalar, pensiya ta'minoti, nikoh- oila munosabatlari bo'yicha qonunlar to'plamlarini nashr etishga, yuridik ma'lumotnomalar, shuningdek turli kasbdagi xodimlarga mo'ljallangan ilmiy-ommabop huquqiy adabiyotlar chiqarishga alohida e'tibor berishlari kerak.
huquqiy tarbiyaning umumiyligi va huquqiy axborotning hamma uchun ochiqligi prinsipini ro'yobga chiqarishda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, shu jumladan mahallalarning roli beqiyosdir. Ular aholining huquqiy madaniyatini shakllantirish va huquqiy ongini oshirishga bevosita hamda muttasil ta'sir ko'rsatishlari darkor.
Jamiyat va davlat fuqarolarning huquqiy savodxonligini yuksaltirishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yordam beradigan inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar, turli jamoatchilik harakatlari, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarning faoliyat yuritishiga ko'maklashadi.
Xalqni huquqiy ma'rifatli qilishda professional yuristlar va ularning birlashmalari munosib o'rin egallashlari lozim. Demokratik jamiyat yuqori malakali yuristlarga ehtiyoj sezadi. Ularning kasbiy fazilatlari va bilimlaridan foydalanish jamiyatning huquqiy madaniyati va huquqiy ongiga ulkan ijobiy ta'sir ko'rsatishga qodir. O'zbekiston yuristlar uyushmasining tashkil etilishi va uning tarkibiga kiradigan yuristlarning turli kasbiy birlashmalari (sudyalar, advokatlar, huquqshunos olimlar ittifoqlari va boshqalar) tuzilishi ushbu Dastur vazifalarini ro'yobga chiqarishda, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda, shuningdek yuristlarning kasbga doir manfaatlarini ta'minlashda muhim o'rin tutgan bo'lur edi. Aholini huquqiy ma'rifatli qilish ishiga professional yuristlarning kuchlarini jalb qilish yuristlar uyushmasining eng muhim vazifalaridan biridir.
huquqiy tarbiyani qo'llab-quvvatlash bo'yicha hukumatga qarashli bo'lmagan jamg'armaning tuzilishi jamiyatning huquqiy madaniyatini oshirish ishiga katta hissa qo'shishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalari huquqiy bilimlar va huquqiy madaniyatni ommaga izchil tarqatishlari lozim. Ommaviy axborot vositalari ijtimoiy fikr va huquqiy madaniyatni shakllantiruvchi demokratik institutlar bo'lgani uchun ham ularning bu boradagi faoliyatini
kuchaytirish zaruriyati borgan sari ko'proq sezilmoqda.
FUQAROLARNING HUQUQIY TA’LIMI VA HUQUQIY TARBIYASINI TAKOMILLASHTIRISH
Jamiyat va davlat ijtimoiy faol va qonunga itoatkor fuqarolarni tarbiyalashdan manfaatdordir. Davlat jamiyat madaniy hayotining tarkibiy qismi bo'lmish huquqiy madaniyat to'g'risida alohida g'amxo'rlik qiladi.
Huquqiy ta'limning maqsadi har bir kishiga amaliy faoliyatda zarur bo'ladigan huquqiy bilimlarni belgilangan davlat standartlaridan kam bo'lmagan hajmda olish imkoniyatini berishdan iboratdir.
Tarbiyaviy va o'quv ishlari shaxsning huquqiy ong darajasini inson, jamiyat, davlat manfaatlariga javob beradigan eng umumiy yuridik prinsiplar va normalarni anglab yetishga qadar oshirishga yo'naltirilishi lozim.
Huquqiy ta'lim uzluksiz bo'lib, yoshlikdan boshlab berib borilishi lozim. Bolalar maktabgacha tarbiya muassasalaridayoq xulq-atvor qoidalaridan xabardor bo'lishi, ma'naviy va ba'zi huquqiy normalar to'g'risida boshlang'ich tushunchalar olishi, kelgusida o'quv davomida bu bilimlar kengaytirilishi va chuqurlashtirilishi, aniq ifodalangan huquqiy xususiyat kasb etishi zarur.
Huquqiy axborotdan barchaning erkin foydalana olishini ta'minlash, har kimga o'zining huquqiy bilimlarini oshirish uchun real sharoit yaratish fuqarolarga o'z huquqlari va erkinliklarini tegishli tarzda amalga oshirish, burchlarini bajarish, jamiyatning siyosiy hayotida ongli va faol ishtirok etish imkonini beradi.
Huquqiy tarbiyaning o'tmishdan qolgan faqat bir tomonlama axborot berish - ma'rifatchilikka yo'naltirilganligini bartaraf etib, uni qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilish vazifalari bilan uzviyroq bog'lash
zarur.
Shuni muttasil nazarda tutish kerakki, huquqiy tarbiya insonlarni huquq, qonuniylik ruhida tarbiyalash, huquqiy ma'rifat, qonunga hamda huquqqa nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirish bilan cheklanib qolmay, balki shaxsning ijtimoiy-huquqiy faolligida, uning huquqiy madaniyatida o'zining tugal ifodasini topadi.
Aholining huquqiy tarbiyasi va ta'limini takomillashtiri-shga ta'lim va tarbiyaning hali foydalanilmagan mexanizmlarini yaratish, ulardan samarali foydalanish, tarbiya va ta'limning yangi shakllari va vositalarini joriy etish, moddiy-texnika negizini kuchaytirish yo'li bilan erishiladi.
Huquqiy tarbiya va ta'limni kuchaytirishning asosiy choralari quyidagilardan iborat:
davlat huquqiy tarbiya va ta'limning asosiy tashkilotchisi sifatida ta'lim va tarbiyaning usullari va vositalarini, bu fao-liyat bilan bevosita shug'ullanayotgan muassasalar tuzilmasini mun-tazam ravishda takomillashtirib boradi;
huquqiy tarbiya va huquqiy ta'limning muqobil tizimlarini shakllantirishga yordam beradi;
aholi huquqiy madaniyatini oshirish borasida davlat tuzilmalari va jamoat birlashmalarining keng hamkorligini ta'minlash; ushbu faoliyatni muvofiqlashtirish, kechiktirib bo'lmaydigan va istiqboldagi vazifalarni aniqlash O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va
yuristlar jamoat birlashmalari faoliyatining eng muhim yo'nalishlaridan bo'lib qolishiga erishish;
huquqiy tarbiya va ta'limning ta'lim-tarbiya muassasalari tomonidangina emas, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat organlarining va korxonalarning (muassasalar, tashkilotlarning), shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmatlari
xodimlari ishtirokida ham amalga oshirilishi;
huquqiy ta'lim va huquqiy tarbiyaning ularni maktabgacha tarbiya muassasalarida, umum o'rta maktablarda, akademik liseylarda, kasb-hunar kollejlarida, oliy o'quv yurtlarida olib borilishini nazarda tutuvchi normativ va o'quv-uslubiy mezonlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda yangi o'quv fanlarini joriy qilish;
huquqiy fanlar asoslarini chuqur o'rgatadigan o'quv yurtlari va ularda tayyorlanadigan yuridik kadrlarning sonini iqtisodiy, ijtimoiy, demografik vaziyat va jamiyatning tegishli mutaxassislarga bo'lgan ehtiyojini belgilovchi boshqa omillar e'tiborga olingan holda aniqlash;
darsliklar, o'quv qo'llanmalari va boshqa adabiyotlar tayyorlash va nashr etishni davlat tomonidan qo'llabquvvatlashni kuchaytirish;
ta'lim va tarbiya muassasalariga dahldor bo'lmagan shaxslarning (ishchilar, xizmatchilar, uy bekalari, pensionerlar, harbiy xizmatchilar va boshqalarning) huquqiy tarbiyasi va huquqiy ta'limi tizimini takomillashtirish. Bu ishga davlat yuridik o'quv yurtlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, huquqshunos olimlar va boshqalarni jalb qilish;
yuridik o'quv yurtlarining moddiy-texnika negizini mustahkamlash.
Mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish, siyosiy-huquqiy tizimni takomillashtirish sharoitlarida huquqiy madaniyatni yuksaltirishning yangi vositalari va usullarini joriy etish lozim.
huquqiy madaniyatni shakllantirishning vosita va usullarini takomillashtirish maqsadida:
fuqarolar bilan olib boriladigan huquqiy ishlar saviyasini oshirish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning va o'quv yurtlarining kadrlar bilan yetarli ta'minlanishiga erishish;
mansabdor shaxslarning huquqiy bilimi va huquqiy madaniyati darajasiga nisbatan alohida talablar ishlab chiqish kerak. Chunki ular qonunlarni qat'iy ijro etishga, huquqning so'zsiz amal qilishini ta'minlashga, huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga da'vat etilganlar.
huquqiy bilimlarni davlat idoralarigina emas, balki jamoat birlashmalari tomonidan ham ommalashtirish jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirishning yangi shakllari jumlasiga kiradi.
Yuridik o'quv yurtlari hamda huquq sohasida ilmiy muassasalari bo'lmagan shaharlarda va qishloq joylarda huquqiy ta'limni tashkil etishga alohida e'tibor berish lozim.
huquqiy bilimlarni ommaviy axborot vositalari orqali targ'ib qilish tizimini takomillashtirish, barchaga mo'ljallangan yuridik adabiyotlarni nashr etish huquqiy madaniyatni oshirishga ko'maklashadi.
DAVLAT ORGANLARI XODIMLARI, MANSABDOR SHAXSLAR VA FUQAROLARNING HUQUQIY SAVODXONLIGINI OSHIRISH
Qonun hujjatlarini qo'llanish amaliyoti shuni yaqqol ko'rsatadiki, talaygina huquqbuzarliklar, shu jumladan mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishi hollari huquqiy bilimning yetarli emasligi, huquqiy madaniyat darajasi pastligi oqibatidir. Aynan shu sababli, huquqlari buzilgan fuqarolar o'z huquqini himoya qilishning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan mexanizmidan, shu jumladan mansabdor shaxslarning qonunga xilof xatti-harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatidan kamdan-kam foydalanadilar.
huquqni pisand qilmaslikka barham berish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish huquqiy axborotdan foydalana olish imkoniyatini amalda ta'minlashni talab qiladi. Bu jihatdan qonunlarni va, ayniqsa, idoraviy normativ hujjatlarni o'z vaqtida nashr etish zarur. Adliya vazirligi tomonidan chiqarilayotgan "Vazirliklar, davlat qo'mitalari va idoralarning me'yoriy hujjatlari Axborotnomasi"ning tirajini ko'paytirish va unga erkin obuna bo'lishni ta'minlash lozim. huquqning ayrim tarmoqlari bo'yicha, shuningdek aholining muayyan guruhlariga mo'ljallangan normativ hujjatlarning mavzuiy to'plamlarini nashr etish huquqiy axborotdan foydalana olishni ta'minlashga katta hissa bo'lur edi.
Zamonaviy axborot ta'minoti kompyuter texnologiyalaridan keng foydalanishni taqozo qiladi. O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining ilmiy asoslangan yagona ma'lumotnoma tizimini ishlab chiqish va undan mushtariylarning bemalol foydalana olishini ta'minlash zarur.
Keng o'quvchilar doirasiga ham, aholining ayrim guruhlariga, shu jumladan mansabdor shaxslarga ham mo'ljallangan ommabop ma'lumotnoma adabiyotlarni nashr etishni ancha ko'paytirish aholini axborotlar bilan ta'minlashni yaxshilash va huquqiy madaniyatini oshirishning muhim yo'nalishiga aylanmog'i lozim. Amaldagi qonun hujjatlarini qo'llanish masalalarini tushuntirib beradigan va davlat organlari xodimlariga, shuningdek davlatga qarashli bo'lmagan tashkilotlarning rahbarlariga mo'ljallangan sharhlar va amaliy qo'llanmalarni nashr etishga alohida e'tibor qaratish kerak.
Aholining huquqiy savodxonligini ta'minlashda ommaviy axborot vositalari katta ahamiyatga ega. Ularning huquqiy mavzularga e'tiborini kuchaytirish, aholi o'rtasida ko'proq ko'tarilayotgan yuridik masalalarni davriy nashrlar sahifalarida, televidenie va radio
eshittirishlarida tushuntirib berish borasidagi hissasini keskin oshirish zarur.
Davlat xizmatchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida, ular faoliyatining o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, huquqiy bilim asoslarini albatta o'qitish maqsadga muvofiqdir.
Turli toifadagi xodimlar malakasini oshirish tabaqalashtirilgan bo'lmog'i lozim. Avvalambor, insonning kasbiy tayyorgarligini oshirishga intilish kerak. Turli kasbdagilar o'z faoliyatlarida oqilona qo'llay oladigan tarzda huquqiy bilimga ega bo'lsinlar. Davlat organlari va ularning tarkibiy bo'linmalari rahbarlariga qo'yiladigan talablar va malaka tavsifnomalari, dastavval inson huquqlari va erkinliklariga oid huquqiy bilimlarning zarur darajasini nazarda tutishi kerak.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, o'quv yurtlari va mahallalarda fuqarolar bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari, advokatlar va huquqshunos olimlarning uchrashuvlarini tashkil etish aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko'maklashadi.
YURIDIK KADRLARNI TAYYORLASH, QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH
Izchil, uzluksiz, o'zaro bog'liq, zamonaviy talablarga javob beradigan yuridik ta'lim tizimini yaratish jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishning yo'nalishlaridan biridir.
Ta'limning barcha bosqichlarini qamrab oladigan o'quv komplekslarini tashkil etish kadrlarni tayyorlash va ularni qayta tayyorlashni takomillashtirishning muhim vositasidir.
hozirda va istiqbolda qancha va qanday ixtisosliklar bo'yicha huquqshunos mutaxassislar kerak degan masalani hal etmasdan turib, yuridik ta'limning islohotini tasavvur qilib bo'lmaydi. Shu munosabat bilan oliy va o'rta maxsus yuridik ma'lumotli mutaxassislar egallashi lozim bo'lgan lavozimlar ro'yxatini belgilash birinchi darajali ahamiyatga ega. Bunday ro'yxatni ishlab chiqish chog'ida tegishli malakadagi yuridik kadrlarni tayyorlashga qaratilgan tadbirlar tizimini va ularni amalga oshirishning maqbul muddatlarini belgilab qo'yish muhim.
Ilmiy asoslangan o'quv dasturlarini ishlab chiqish va yuridik ta'limning ixtisoslashuvini izchil amalga oshirish yuridik kadrlarni tayyorlash tizimini isloh qilishning zarur shartidir.
Yuridik kadrlar tayyorlashni ixtisoslashtirish, bir tomondan, tegishli o'quv fanlarini chuqur o'rganishni, ikkinchi tomondan, huquqshunoslik ixtisosligi bo'yicha kadrlar tayyorlashni amalga oshirayotgan barcha o'quv yurtlari uchun majburiy bo'lgan tayanch yuridik fanlar ro'yxatini belgilab qo'yishni nazarda tutadi. O'quv rejalarida ana shu majburiy fanlar turkumi bo'lmasa yoki qisqartirilgan bo'lsa, tegishli o'quv yurti yuridik kadrlar tayyorlash huquqidan mahrum qilinishi kerak.
Aholiga huquqiy ta'lim berish va huquqiy tarbiya ishlarini tashkil etish sifatini oshirish, bo'lg'usi yuristlarda zarur ko'nikmalarni shakllantirish maqsadida yuridik oliy o'quv yurtlarining o'quv rejalarida huquqiy ma'rifatning ilmiy asoslari va uslubiyotlari kursi bo'yicha
mashg'ulotlar o'tkazishni nazarda tutish shart.
Yuridik o'quv yurtlariga abiturientlar qabul qilish tizimini takomillashtirish malakali yuridik kadrlar tayyorlashni ta'minlashning tarkibiy qismiga aylanmog'i lozim. Yuridik o'quv yurtlariga abiturientlar tanlab olishda ularning tahlil etish, mantiqiy fikrlash, nostandart
vaziyatlarni tanqidiy baholay olish, xulosa chiqarish, o'z nuqtai nazarini asoslay olish qobiliyatlarini, ularning og'zaki va yozma nutq mahoratini aniqlash zarur, shu maqsadda test sinovidan o'tkazish bilan bir qatorda ularning tegishli qobiliyatlarini aniqlashga imkon beradigan ijodiy imtihon topshirishlarini nazarda tutish kerak bo'ladi.
Yuridik ta'limni takomillashtirish o'quv jarayonini isloh qilishni, o'qitishning ilg'or vositalari va usullaridan keng foydalanishni, ta'limning amaliyot bilan uzviyligini kuchaytirishni talab qiladi. Zero, yurist nafaqat muayyan bilimlar majmuiga ega bo'lishi, balki bu
bilimlarni amaliyotda qo'llay olishi zarur.
O'quv jarayonida inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlashning huquqiy mexanizmiga, O'zbekistonda demokratik huquqiy davlat qaror topishi va fuqarolar jamiyati shakllanishi masalalariga, iqtisodiy islohotlarning huquqiy asoslariga jiddiy e'tibor qaratilishi kerak.
Yuridik o'quv yurtini tamomlash va davlat imtihonlarini topshirishga bitiruvchining tegishli ta'lim kursidan o'tganligi va muayyan bilim olganligining tasdig'i sifatida qaramoq kerak. Bitiruvchilarga ixtisoslik bo'yicha ishlash imkoniyati esa ular stajirovkadan o'tganidan va olingan bilimlarni ish jarayonida qo'llay olishidan dalolat beruvchi malaka imtihonini topshirganidan
keyingina beriladi.
Ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash yuridik ta'limning zamonaviy yuksak darajasini ta'minlashning birlamchi jihati, eng muhim sharti hisoblanadi. Ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlashdagi nomutanosiblik shunga olib keldiki, respublikada huquqning qator sohalari (moliya, mehnat, xalqaro huquq, ijtimoiy ta'minot huquqi va boshqalar) bo'yicha ilmiy va pedagog xodimlar etishmasligi jiddiy sezilmoqda.
Tegishli mutaxassislar taqchilligi yuridik kadrlar tayyorlashni, binobarin, bir qator amaliy vazifalarni, shu jumladan bozor islohotlarini huquqiy ta'minlash bilan bog'liq vazifalarni hal etishni anchagina qiyinlashtiradi. Mutaxassislar taqchilligi sezilayotgan huquq sohalari bo'yicha ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlashning ustuvor yo'nalishlarini belgilab olish zarur.
huquqshunoslarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish uzluksiz yuridik ta'lim tizimining majburiy bosqichiga aylanishi kerak. Yuridik ta'lim va ilmiy tadqiqotlarning amaliyot bilan uyg'unligini kuchaytirish maqsadida ilmiy va pedagog xodimlar o'z mutaxassisliklari bo'yicha albatta sudlarda, prokuratura, ichki ishlar organlarida, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda, shuningdek korxonalarda, advokatlar byurolari, hay'atlari va firmalarida stajirovkadan o'tishini nazarda tutish kerak.
HUQUQIY MADANIYATNI YUKSALTIRISHNING ILMIY ASOSLARINI TADQIQ ETISH
Huquqiy madaniyatning mohiyati, mazmuni, tarkibiy tuzilishi va namoyon bo'lishining falsafiy, ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik va yuridik muammolarini tadqiq etish, uni shakllantirish va yanada yuksaltirish usullarini aniqlashga ilmiy izlanishlarning ustuvor yo'nalishi deb qaralmog'i lozim.
Shaxs umumiy va huquqiy madaniyatining o'zaro bog'liqligi; huquqiy madaniyat va huquqiy fe'l-atvor; ijtimoiy ongni hakllantirishda huquqning o'rni; huquqiy tarbiya va aholining ijtimoiy faolligi; huquqiy ongga ta'sir etish shakllari va usullari; huquqiy ongning psixologik jihatlari;
huquqiy ongdagi ijtimoiy buzilish va salbiy o'zgarishlar; aholining turli qatlam va ijtimoiy guruhlarining huquqiy madaniyati kabi dolzarb muammolar bo'yicha ilmiy tadqiqotlar o'tkazilishi ayniqsa dolzarbdir.
Huquqiy madaniyat muammolarini tadqiq etishning sosiologik negizini rivojlantirish, umuman jamiyatdagi huquqiy madaniyat va aholining turli qatlamlari huquqiy madaniyati holatining haqiqiy manzarasini aniqlash uchun so'rovlar o'tkazish va huquq, uning ijtimoiy qadri hamda tartibga soluvchanlik vazifasi to'g'risida jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa usullarini qo'llanish zarur.
Huquqiy madaniyatni shakllantirishning pedagogik muammolarini tadqiq etishga alohida e'tibor qaratilmog'i lozim. Xalq ta'limi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirliklari manfaatdor tashkilotlarning ishtirokida yoshlarni huquqiy tarbiyalashning ilmiy asoslangan uslubiyotini ishlab chiqishlari kerak.
O'zbekiston Respublikasining o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, xorijiy davlatlardagi huquqiy madaniyatni oshirishga doir ilmiy tadqiqotlarning natijalarini nashr etish va ulardan foydalanishni kengaytirish, bu sohada ilmiy axborot ayirboshlashni yo'lga qo'yish
muhimdir.
Ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar o'tkazish, ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar va ma'lumotnomalar nashr etishni ko'paytirish aholining huquqiy madaniyatini oshirish masalalari bo'yicha olib boriladigan ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish, ilmiy bilimlarni ommalashtirish ishiga salmoqli hissa bo'lib qo'shilmog'i kerak.
Bu maqola saytda chop etilgan Eduportal.Uz (
http://eduportal.uz)
Ushbu maqola URL i:
http://eduportal.uz/uzb/article65.html