Раздел: O'zR Vazirlar Mahkamasining Qarori №157 sonli 25.03.1993

O'zR Vazirlar Mahkamasining Qarori №157 sonli 25.03.1993

O'zbekiston o'quvchi yoshlarini taqdirlash va moddiy rag'batlantirish to'g'risida
 
            O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbekiston o'quvchi yoshlarini rag'batlantirish chora-tadbirlari to'g'risida" 1993 yil 5 fevraldagi Farmonini bajarish va respublika yoshlarini faol yaratuvchilik faoliyatiga keng jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
 
            1. Belgilab qo'yilsinki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari aspirantlarga O'zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo'mitasi qaroriga muvofiq tayinlanadi.
            Aspirantlar uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari to'g'risidagi Nizom va ularni tayinlash Tartibi 1-ilovaga muvofiq, tasdiqlansin.
 
            2. Belgilab qo'yilsinki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari talablarga O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi qaroriga muvofiq tayinlanadi.
            Talabalar uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari to'g'risidagi Nizom va ularni tayinlash Tartibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
 
            3. Respublika oliy o'quv yurtlari talabalari uchun 1992-93 o'quv yiliga 105 ta nomli, shu jumladan, Beruniy nomli - 35 ta, Ibn Sino nomli - 20 ta, Navoiy nomli - 32 ta, Ulug'bek nomli - 18 ta davlat stipendiyalari ta'sis etilsin.
            O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bir hafta muddat ichida, yuqori kurslarda ta'lim olayotgan talabalarning haqiqiy soni, o'qitishning belgilangan normativi yo'nalishidan kelib chiqqan holda, davlat stipendiyalarini oliy o'quv yurtlari bo'yicha taqsimlanishini tasdiqlasin.
            Belgilab qo'yilsinki, kelgusida davlat stipendiyalarining umumiy soni va ularni ta'lim yo'nalishlari bo'yicha taqsimlash har o'quv yili boshida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
            Davlat stipendiyalari to'g'risidagi Nizom va ularni tayinlash Tartibi 3-ilovaga muvofiq
tasdiqlansin.
           
            4. Belgilab qo'yilsinki:
            O'zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini aspirant va talabalarga tayinlash 1993 yildan boshlab, nizomlarda belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi;
            nomli davlat stipendiyalarini talabalarga tayinlash 1993 yil mart oyidan boshlab, keyinchalik esa har o'quv yili boshida amalga oshiriladi.
 
            5. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi ikki hafta muddat ichida O'zbekistonning intellektual va ma'naviy boyligi rivojiga salmoqli hissa qo'shgan atoqli fan va madaniyat asboblari sharafiga ta'sis etilgan nomli stipendiyalari to'g'risidagi Nizomni va ularni oliy o'quv yurtlarida tayinlash Tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
 
            6. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi va Xalq ta'limi vazirligi tasarrufida oliy o'quv yurtlari va maktablar bo'lgan vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda:
            olimpiadalar, tanlovlar, musobaqalari topshiriqlarining murakkabligiga, oliy o'quv yurtlariga qabul qilinadigan abiturientlar bilimlari darajasiga qo'yiladigan talablarning muvofiqligini ta'minlasinlar;
            o'n kun muddat ichida, keyinchalik esa har yili, o'quv yili boshida olimpiada, tanlov va musobaqaning har qaysi turi uchun oliy o'quv yurtlarining xalqaro va respublika bellashuvlarining g'oliblari test va qo'shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadigan mutaxassisliklari ro'yxatini tasdiqlasinlar.
 
            7. Quyidagilar tasdiqlansin:
            respublika olimpiadalari, tanlovlari va sport musobaqalarini o'tkazish to'g'risida Nizom 4-ilovaga muvofiq;
            xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g'oliblari bo'lgan maktab va bilim yurtlari o'quvchilarini taqdirlash Tartibi 5-ilovaga muvofiq.
 
            8. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1993 yildan boshlab, vazirliklar va idoralarning hisob-kitoblari bo'yicha, qayd etilgan maqsadlari uchun zarur bo'lgan mablag'lar ajratishni ta'minlasin.
 
            9. O'zbekiston Respublikasi Davlat televidenie va radio eshittirish kompaniyasi, ommaviy axborot vositalari shaxsning umumiy madaniyati shakllanishida ma'naviy qadriyatlar va professional tayyorgarlikning katta ahamiyatini keng yoritsinlar.
 
            10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o'rinbosari o'rtoq M.Q Qoraboev zimmasiga yuklatilsin.
 
 
            O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri                           A.Mutalov


Bu maqola saytda chop etilgan Eduportal.Uz (http://eduportal.uz)

Ushbu maqola URL i: http://eduportal.uz/uzb/article71.html