Раздел: O'zR Vazirlar Mahkamasining Qarori №211 sonli 03.06.1995
O'zR Vazirlar Mahkamasining Qarori №211 sonli 03.06.1995
O'zbekiston Respublikasi oliy o'quv yurtlari tizimini takomillashtirish to'g'risida
Oliy hunar ta'limi sifatini oshirish, oliy o'quv yurtlarining intellektual potensialidan va moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining oliy o'quv yurtlarining viloyatlardagi filiallarini qayta tashkil etish haqida hamda 1995 yilning 1 iyulidan boshlab mazkur vazirlik tizimida quyidagi yiriklashtirilgan o'quv yurtlarini tashkil etish to'g'risidagi takliflari qabul qilinsin:
Qoraqalpog'iston Respublikasida
Toshkent arxitektura-qurilish institutining Nukus fakulteti, Toshkent davlat Tibbiyot pediatriya institutining Nukus filiali hamda Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali negizida - tegishli ravishda Qoraqalpog'iston davlat universitetining muhandislik-qurilish, Tibbiyot va agrar fakultetlari tashkil etilsin;
Andijon viloyatida
Andijon iqtisodiyot va boshqaruv instituti hamda Andijon tajriba o'quv-ishlab chiqarish markazi negizida - Andijon muhandislik-iqtisodiyot instituti tashkil etilsin;
Buxoro viloyatida
Toshkent davlat texnika universitetining Buxoro filiali Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti tarkibiga kiritilsin;
Qashqadaryo viloyatida
Qarshi agrar-iqtisodiyot instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining Qarshi filiali negizida - Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti tashkil etilsin;
Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutining Shahrisabz umumtexnika fakulteti negizida - Shahrisabz texnologiya kolleji tashkil etilsin;
Navoiy viloyatida
Toshkent davlat texnika universitetining Navoiy filiali negizida - Navoiy texnika kolleji tashkil etilsin;
Surxondaryo viloyatida
Toshkent avtomobil-yo'llar institutining Termiz filiali negizida - Termiz davlat universitetining muhandislik-texnika fakulteti tashkil etilsin;
Toshkent aloqa elektrtexnika institutining Termiz filiali tugatilsin;
Farg'ona viloyatida
Toshkent davlat texnika universitetining Farg'ona filiali negizida - Farg'ona politexnika institutining priborsozlik markazi tashkil etilsin;
Farg'ona politexnika institutining Qo'qon filiali negizida - Qo'qon texnika kolleji tashkil etilsin;
Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat institutining Marg'ilon kechki umumtexnika fakulteti hamda Marg'ilon kechki to'qimachilik texnikumi negizida- Marg'ilon to'qimachilik kolleji tashkil etilsin;
Xorazm viloyatida
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Urganch filiali, 1-Toshkent davlat Tibbiyot institutining Urganch filiali negizida - Urganch davlat universitetining iqtisodiyot va Tibbiyot fakultetlari tashkil etilsin;
Toshkent viloyatida
Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq fakulteti, Angren va Chirchiq muhandislik-texnika markazlari negizida - tegishli ravishda Olmaliq, Angren va Chirchiq texnika kollej-lari tashkil etilsin;
Toshkent arxitektura-qurilish institutining Angren fakulteti Angren texnika kolleji tarkibiga kiritilsin.
2. Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, tasarrufida yuqorida qayd etilgan oliy o'quv yurtlari va bo'linmalar bo'lgan vazirliklar Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ushbu qarorni bajarishga doyr zarur tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar.
3. Vazirliklar va idoralar tegishli ixtisosliklar bo'yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligiga moddiy-texnikaviy hamda boshqa zarur yordam ko'rsatsinlar.
4. Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi:
bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga oliy o'quv yurtlari, shu jumladan, davlat kollejlari to'g'risidagi Nizomni tasdiqlash uchun kiritsin, shuningdek, yiriklashtirilgan oliy o'quv yurtlariga rahbarlikni kuchaytirish haqida takliflar taqdim etsin;
xozirgi vaqtda o'qishayotgan talabalarning ushbu qaror bilan tashkil etilayotgan kollejlarda tegishli oliy ma'lumot olishlariga doyr amaliy chora-tadbirlar ko'rsin;
belgilab qo'yilsinki, ko'rsatib o'tilgan kollejlarda professor-o'qituvchilar tarkibiga ish haqi to'lash ilgarigi darajada saqlanib qoladi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ta'lim va fan bo'limiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining
Raisi I. KARIMOV
Bu maqola saytda chop etilgan Eduportal.Uz (
http://eduportal.uz)
Ushbu maqola URL i:
http://eduportal.uz/uzb/article77.html