Раздел: O'zR Vazirlar Mahkamasining Qarori №204 sonli 13.05.1998
O'zR Vazirlar Mahkamasining Qarori №204 sonli 13.05.1998
Oz'Rda o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida
Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish, bilimlar asoslarini puxta o'rganish hamda o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi bo'yicha kadrlar tayyorlash uchun akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:
1. hozirgi zamon talablariga javob beradigan bilimli, malakali mutaxassislarni tayyorlash va tarbiyalashning bosqichli bo'g'ini sifatida akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish va ularning faoliyat ko'rsatishini ta'minlash O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, vazirliklar, idoralar, korporasiyalar, uyushmalar va kompaniyalarning, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining muhim vazifasi deb hisoblansin.
2. "O'zbekiston Respublikasida o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi to'g'risida"gi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;
akademik liseylar, qoidaga ko'ra, oliy ta'lim muassasalari huzurida, ishlab turgan o'rta maxsus o'quv yurtlari, boshqa ta'lim muassasalari negizida va yangi qurilish hisobiga tashkil etiladi;
kasb-hunar kollejlari ishlab chturgan o'rta maxsus o'quv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari va ularga tenglashtirilgan ta'lim muassasalari negizida, shuningdek yangi qurilish hisobiga tashkil etiladi;
qayta tashkil etilayotgan va tugatilayotgan o'quv yurtlari o'quvchilarining o'qishni tamomlashlari ushbu o'quv yurtlari negizida tashkil etilayotgan akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari tomonidan ta'minlanadi.
4. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda:
1999 yil 1 iyunga qadar - o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limining davlat ta'lim standartini ishlab chiqsinlar, unda:
umumiy o'rta va oliy ta'lim bilan uzluksizlik va izchillik prinsipini amalga oshirish, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi sifati va mazmuniga talablarni belgilashni;
akademik liseyda bilimlar asoslarini puxta o'rganish hamda kasb-hunar kollejida mutaxassislar tayyorlash uchun zarur bo'lgan o'quv fanlarini, ta'lim dasturlarini va maxsus dasturlarni, o'quv soatlari hajmlarini shakllantirishni;
o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilariga nisbatan malaka talablarini belgilashni;
o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari faoliyatini baholash tartibini ishlab chiqishni nazarda tutsinlar;
1999-2000 o'quv yilidan boshlab - o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limining davlat ta'lim standarti sinab ko'rilishini ta'minlasinlar;
2000 yil 1 iyulga qadar - sinov natijalarini hisobga olgan holda o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limining davlat standartini puxta ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
5. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi:
1999 yil 1 sentyabrgacha - o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi davlat standarti asosida akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari uchun tajriba o'quv dasturlari ishlab chiqilishini ta'minlasin, ularga umumta'lim maktablarining 10-11 sinflari o'quv yuklamalari va dasturlari bir qismining o'tkazilishini nazarda tutsin;
1999-2000 o'quv yilidan boshlab - ko'rsatib o'tilgan o'quv dasturlarini ishlab turgan hamda tashkil etiladigan akademik liseylarda va kasb-hunar kollejlarida tajriba tariqasida sinab ko'rsin;
2000 yil 1 iyulgacha - tajriba o'quv dasturlarini joriy etishni tajriba tariqasida sinab ko'rish yakunlarini hisobga olgan holda o'rta maxsus, kasb-hunar, oliy va xalq ta'limi tizimi o'qituvchilari, mutaxassislari, rahbarlarining xulosalarini umumlashtirsin va Vazirlar
Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Tajriba o'quv dasturlari ishlab chiqilishi va ularning sinab ko'rilishi ustidan nazoratni ta'minlash, shuningdek kiritilgan takliflarni umumlashtirish maqsadida
2-ilovaga muvofiq Respublika komissiyasi va maxsus ishchi guruhlari tashkil etilsin. Komissiyaga va ishchi guruhlariga akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari o'quv dasturlarini tayyorlash, shuningdek ularning respublikada tajriba tariqasida sinab ko'rilishi uchun javobgarlik yuklansin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida ham shunday komissiyalar tuzilsin. Komissiyalarga vazirliklar, idoralar, korporasiyalar, uyushmalar, kompaniyalar va korxonalarning zarur mutaxassislarini ishga jalb qilishga ruxsat etilsin.
Respublika komissiyasi tadbirlar ish rejasini tayyorlasin hamda tajribaning to'plangan natijalarini, maxsus ishchi guruhlar va hududiy komissiyalar takliflarini hisobga olgan holda, 2000 yil 1 avgustgacha akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari uchun darsliklar tayyorlash dastur-topshiriqlari ishlab chiqilishini ta'minlasin.
Darsliklarni tayyorlash bo'yicha shaxsiy javobgarlik O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri, O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi rahbari va Davlat matbuot qo'mitasi raisi zimmasiga yuklansin.
7. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Davlat test markazi akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini yakuniy attestasiyadan o'tkazish test usullarining tajriba sinovini bosqichma-bosqich amalga oshirishni nazarda tutgan holda akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari o'quvchilarining bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi to'g'risidagi Nizomni 1999 yil 1 sentyabrgacha ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
8. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Ustoz jamg'armasi bilan birgalikda Akademik liseylar va kasb-hunar uollejlarini pedagog kadrlar bilan ta'minlash dasturini ikki oy muddatda
tayyorlasin, unda:
O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi pedagoglari va muhandis-pedagog xodimlariga qo'yiladigan malaka talablari to'g'risidagi Nizom, shuningdek mehnatga haq to'lash bo'yicha tegishli tarif setkasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
umumta'lim maktablarining 10-11-sinflaridan, o'rta maxsus o'quv yurtlari va hunar-texnika bilim yurtlaridan bo'shab qolayotgan o'qituvchilarni akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarida ishlashga jalb qilishni;
xorijiy ta'lim va ilm-fan markazlarida tayyorgarlikdan o'tgan pedagog xodimlarning o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimiga yuborilishini;
fan, oliy ta'lim, iqtisodiyot, ishlab chiqarish va madaniyat sohasidan amaliyotchi mutaxassislarning pedagogik faoliyatga faol jalb etilishini;
1999-2000 o'quv yilidan boshlab - tayanch pedagogika institutlari va universitetlar talabalarini tayyorlash dasturiga yangi ta'lim, kasb-hunar dasturlari hamda akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarida o'qitish uslubiyoti bo'yicha maxsus kurslar kiritilishini;
muhandis-pedagog kadrlar tayyorlashda fan va ishlab chiqarish muassasalarining moddiy-texnika bazasi va uslubiy imkoniyatlaridan keng foydalanishni;
respublikaning zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiquvchi va ulardan foydalanuvchi tayanch oliy ta'lim muassasalarida, ilg'or ta'lim muassasalarida professor-o'qituvchilar tarkibini, pedagoglar va muhandis-pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malkasini oshirish bo'yicha muntazam kurslar tashkil etilishini nazarda tutsin.
9. 3-ilovaga muvofiq maxsus hukumat komissiyasi (O'. T. Sultonov)ga Akademik liseylarni va kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mablag' bilan ta'minlashning 1999-2005 yillarga mo'ljalangan dasturini 1998 yil 1 sentyabrgacha ishlab chiqish yuklansin. Dasturda:
ishlab turgan hunar-texnika bilim yurtlari, texnikumlar, liseylar va kollejlarning mavjud moddiy-texnika bazasidan foydalanish;
maktablar, hunar-texnika bilim yurtlari, texnikumlar, liseylar va kollejlarning mavjud moddiy-texnika bazasidan foydalanish;
maktablar, hunar-texnika bilim yurtlari va texnikumlarning bo'shaydigan binolarini rekonstruksiya qilish;
akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarining yangi binolarini, ularning hududlar bo'yicha maqbul joylashtirilishini hisobga olgan holda, qurish;
akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarini moddiy-texnikaviy ta'minlash, ularni laboratoriyalar va ustaxonalar, asbob-uskunalar hamda hisoblash texnikasi vositalari bilan jihozlash;
yotoqxonalar bilan ta'minlash va zarur maishiy sharoitlar yaratish nazarda tutilsin.
Dasturni ishlab chiqish, tumanlar, shaharlar, viloyatlar va Qoraqalpog'iston Respublikasining kadrlarga bo'lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda, kalendar yil bo'yicha amalga oshirilsin.
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan birgalikda 1999 yil va kelgusi yillar uchun byudjetni tayyorlashda Dastur topshiriqlarini bajarishni mablag' bilan ta'minlash manbalarini respublika byudjeti; viloyat byudjetlari; tegishli vazirliklar, korporasiyalar, uyushmalar, kompaniyalar va korxonalar; homiylar mablag'lari hisobiga nazarda tutsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O'. T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar
Mahkamasining Raisi I. Karimov.
Toshkent shahri, 1998 yil 13 may, № 204
Bu maqola saytda chop etilgan Eduportal.Uz (
http://eduportal.uz)
Ushbu maqola URL i:
http://eduportal.uz/uzb/article83.html